Arab muhammadxon madrasasi

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Arab Muhammadxon madrasasi (yoki Arabxon madrasasi) – Xorazm viloyati, Xiva shahrining Ichan qalʼa ansamblidagi meʼmoriy yodgorlik. Obyekt davri 1616-yil va 1838-yillarni oʻz ichiga oladi. Yodgorlik bugungi kunda „Ichan-qalʼa“ mahallasi, Zargarlar koʻchasi, 27-uyda joylashgan.

Arab Muhammadxon madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozir „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi.

Tarixi

Arab Muhammadxon madrasasi Muhammad Rahimxon II (Feruz) madrasasining orqa tomonida qad rostlagan boʻlib, u dastlab Arabshohiylar oʻzbek sulolasining oʻn birinchi vakili, 1602—1621-yillarda Xiva xoni boʻlgan Arab Muhammadxon mablagʻi va farmoni bilan 1616-yilda qurilgan. Madrasa xonlik poytaxti Urganchdan Xiva shahriga koʻchirilishi munosabati bilan 1838-yilda Olloqulixon tomonidan qayta tiklangan va poytaxt oʻzgarganidan keyin qurilgan birinchi madrasaga aylangan. 1616-yilda qurib bitkazilgach madrasa aholi orasida „Choʻbin madrasa“ deb ham atalgan. Madrasaning devori yogʻochdan tiklanib, ichiga xom gʻishtlar terilib, somon suvoq qilingan. Xivaliklar tilida bu usulda uy-joy qurishni „Nigirik“ (karkas) uy deb atashadi. Madrasa XIX asrda Olloqulixon xonligi davriga kelganda eskirib, taʼmirtalab holga kelib qolgach, xon uni qaytadan pishgan gʻishtdan ikki qavatli qilib qurdirgan. Obyekt Ichan qalʼaning qoq markazida, Muhammad Aminxon madrasasidan uncha uzoq boʻlmagan joyda qurilgan. Ushbu yodgorlik Xivaning boshqa meʼmoriy yodgorliklari ichida eng qadimiylaridan biri sanaladi. Shuning uchun madrasa oʻziga turli sayyohlarni ham jalb qiladi. Bugungi kunda unda Xiva „Ichon qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasining Fondi, yaʼni Zaxira xonasi joylashgan.

Qurilish uslubi

Madrasa Xiva aholisini oʻqitish uchun moʻljallanganligi sababli Arab Muhammadxon ushbu madrasani dastlab bir qavatli, oddiy sinchli va trapetsiya shaklida qilib qurdirgan. Serhasham ishlangan madrasa ayvoni Xiva muzeyida saqlangan. Olloqulixon xonligi davrida madrasa binosi murabba tarhli, peshtoq va gumbazli qilib qaytadan qurilgan. Bosh tarzidagi masjid va hujralar ikki qavatli boʻlib, ikki burchagida guldastalari bor. Qolgan tomonlarida joylashgan hujralar bir qavatli. Madrasa hovlisining etagida oldini ayvonli qilib masjid qurilgan.

Yodgorlik bir necha bor qayta tiklandi va taʼmirlandi. Shunday qilib u Xiva xoni Olloqulixon davrida hozirgi qiyofasini oldi. Hozirgi kunda madrasa binosining faqat asosiy fasadi ikki qavatli, qolgan uchta fasadi esa bir qavatli. U dahliz, darsxona va masjid boʻlgan zallardan hamda bir qavatli hujralar bilan aylana shaklida oʻralgan hovlidan iborat.

Qisqa ma’lumot

Turi
Madrasa
Qurilgan
1616-yil
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.378250, 60.360183Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Arab Muhammadxon madrasasi (uz.wikipedia.org), 11-iyul, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.