Bayanaul milliy bogʻi
Bayanaul davlat milliy tabiat bogʻi (Bayanaul, qozoqcha: Баянауыл мемлекеттік ұлттық табиғи паркі) — Qozogʻistonning Pavlodar viloyati janubida (Bayanaul tumani), Ekibastuz shahridan 100 km masofada, Markaziy Qozogʻiston pasttogʻlari chekkasida joylashgan milliy bogʻ. Qozogʻistonning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari roʻyxatiga kiradi.
Bogʻ 1985-yilda tashkil etilgan boʻlib, Qozogʻistonning birinchi milliy bogʻi hisoblanadi. Bogʻni tashkil etishdan asosiy maqsad Bayanaul togʻlarining tabiiy florasi va faunasini saqlab qolish hamda qayta tiklash boʻlgan.
Bogʻning umumiy maydoni 68 452,8 ga ni tashkil etadi.
Geografiyasi
Bogʻ hududi Qozoq pasttogʻlari doirasida joylashgan. Yuqori paleozoy davrida yirik togʻli oʻlka sifatida shakllangan bu hudud uzoq davom etgan kontinental yemirilish tarixini boshidan kechirgan, shuning uchun ham hozirgi vaqtda nisbatan unchalik baland boʻlmagan choʻqqilarga ega (dengiz sathidan 400 dan 1027 metrgacha). Bayanaulning eng baland nuqtasi (1027 m) — Aqbet togʻidir. Afsonalarga koʻra, bu togʻ oʻzini sevimli yoriga bermasdan majburan uzatishayotganida shu choʻqqidan tashlagan Aqbet ismli qiz sharafiga nomlangan.
Bogʻ hududida toʻrtta nisbatan yirik chuchuk suvli koʻl joylashgan — Sabindikol, Jasiboy, Toraygʻir va Birjankoʻl. Ulardan tashqari yana koʻplab kichik koʻllar ham mavjud boʻlib, ularning ba'zilari qurgʻoqchilik mavsumida sezilarli darajada sayozlashib qoladi.
Eng yirik koʻl — Sabindikol (qozoqcha: Сабындыкөл, soʻzma-soʻz — "sovunli koʻl") boʻlib, uning qirgʻogʻida Bayanaul qishlogʻi joylashgan. Koʻl oʻzining xuddi sovundek tegib turadigan oʻziga xos yumshoq suvi tufayli shunday nomlangan. Afsonaga koʻra, goʻzal Bayan oʻzining chiroyli sochlarini shu koʻlda yuvayotganda sovunini tushirib yuborgan ekan.
Eng shaffof va kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadigan koʻl — togʻ tizmalari orasidagi chuqurlikda joylashgan Jasiboy koʻlidir. Plyajdan ochiladigan goʻzal manzara va toza suvi tufayli Jasiboy sayyohlarning choʻmilish uchun sevimli joylaridan biri hisoblanadi. Afsonaga koʻra, koʻl bosqinchilarga qarshi jangda qirgʻoqda halok boʻlgan qozoq botiri Jasiboy sharafiga nomlangan.
Toraygʻir kattaligi jihatidan uchinchi va dengiz sathidan eng balandda joylashgan koʻldir. Uning suvi Jasiboydagi kabi tiniq emas, shuning uchun choʻmilish uchun unchalik mashhur emas, lekin u yerda baliq, xususan, zogʻorabaliq (sazan) koʻp uchraydi, bu esa uni baliqchilar uchun jozibali maskanga aylantiradi. Bu koʻl bolaligi shu yerlarda oʻtgan qozoq shoiri Sultonmahmut Toraygʻirov sharafiga nomlangan (koʻl yaqinida joylashgan va uning sharafiga nomlangan qishloqda shoir muzeyi faoliyat yuritmoqda).
Birjankoʻl toʻrtta koʻl ichida eng kichigidir. Uning diametri taxminan 800 metrni tashkil etadi. Uning qirgʻogʻida 56 nafar aholi istiqomat qiladigan xuddi shu nomdagi ovul joylashgan. Bu koʻl ham Toraygʻir kabi baliqchilarda qiziqish uygʻotadi. Unda zogʻorabaliq, karp va tovonbaliq (karas) uchraydi. Koʻl oʻz nomini qozoqcha soʻzlardan olgan: bir — bir, jan — jon, koʻl — koʻl. Tarjimada bu "Bir jon koʻli" degan ma'noni anglatadi.
Oʻsimliklar olami
Bogʻda toʻrt turdagi oʻsimlik qoplami mavjud — oʻrmon, oʻrmondasht, dasht va oʻtloq.
Bogʻning floristik xilma-xilligi taxminan 460 turni, shu jumladan Bayanaul qaragʻayi va qora qandagʻochni oʻz ichiga oladi. Bayanaul qaragʻayi asosan qoyalarda oʻsishi bilan ajralib turadi va tosh hamda oʻsimlikning ajoyib uygʻunligini yaratadi. Bogʻning siyrak oʻsimliklarga ega chala choʻl dashtlari orasida joylashganini hisobga olsak, uning floristik boyligi kishini hayratda qoldiradi. Qayin, qaragʻay, qandagʻoch va togʻterak kabi daraxtlar bilan bir qatorda, bogʻda koʻplab butalar, jumladan mevali butalar — malina, na'matak, qoragʻat, doʻlana oʻsadi. Oʻtloqlarda qulupnay oʻsimliklari keng tarqalgan. Oʻrmon chakalakzorlari qoʻziqorinlarga boy. Bogʻda 50 ga yaqin turdagi relikt oʻsimliklar, jumladan relikt qora qandagʻoch va relikt tosh qoragʻat uchraydi.
Hayvonot olami
Bayanaulda 50 ga yaqin qush turlari va 40 turdagi hayvonlar yashaydi, ular orasida katta ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmon parrandalari (qur, chil kabi), shuningdek, arxar, yelik, boʻrsiq, olmaxonlarni alohida ta'kidlash mumkin. Nodir va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan hamda muhofazaga muhtoj hayvon sifatida Qizil kitobga kiritilgan arxar bogʻning asosiy iftixori hisoblanadi. Bogʻdagi qushlardan turna, oqqush, qutan, tuvaloqni, yirtqich qushlardan esa burgut, miqqiy va kalxatlarni uchratish mumkin.
Iqlimi
Bayanaul togʻlari Osiyo qit'asining markazida joylashganligi sababli uning iqlimi kontinental turga mansub. Yillik oʻrtacha harorat 3,2 °C ni tashkil etadi. Yanvar oyining oʻrtacha harorati -13,7 °C, eng past harorat esa -17,8 °C dir.
Iyul oyining oʻrtacha harorati 14,6 °C, maksimal harorat esa 32,6 °C gacha yetadi. Ayozsiz davrning oʻrtacha davomiyligi atigi 140 kunni tashkil etadi. Yillik yogʻingarchilik miqdori 340 mm boʻlib, ayrim yillarda bu koʻrsatkich 190 dan 494 mm gacha oʻzgarib turadi. Bayanaulda shamolning yillik oʻrtacha tezligi 2,9 m/s.
Garchi bu hududga keskin kontinental iqlim xos boʻlsa-da, Bayanaulda Pavlodar viloyatining dasht tumanlari uchun odatiy boʻlgan kuchli shamollar va qum boʻronlari kuzatilmaydi.
Turizm
Bayanaul asosan Markaziy va Shimoliy Qozogʻistonning yaqin atrofdagi shaharlaridan keladigan sayyohlarning sevimli maskanlaridan biridir. Bogʻ hududida koʻplab dam olish uylari va zonalari faoliyat koʻrsatadi. Biroq, bu zonalarning aksariyati faqat ibtidoiy infratuzilma va oʻta oddiy sharoitlarga ega. Xususan, u yerda kanalizatsiya tizimi yoʻq, kottejlarda ichimlik suvi manbalari va yuvinish xonalari mavjud emas, dush qabul qilish uchun esa odatda navbatda turishga toʻgʻri keladi.
Biroq bularning barchasi mahalliy tabiatning goʻzalligi, shuningdek, dindorlar tomonidan "muqaddas" deb hisoblangan ayrim joylar ohanrabosi tufayli tashrif buyuradigan sayyohlarni toʻxtata olmaydi.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Milliy bogʻ, protected area of Kazakhstan of republican significance, archaeological site
- Qurilgan
- 1985-yil 12-avgust
- Maydoni
- 68 452,8 gektar
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Bayanaul milliy bogʻi (uz.wikipedia.org), 8-iyul, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.


