Çinili masjidi
Çinili masjidi (turkcha: Çinili Cami) – Turkiyaning Istanbul shahri, Üsküdar tumanidagi XVII asrda qurilgan Usmoniylar masjidi.
Tarixi
Masjid Kösem Sulton buyrugʻiga asosan milodiy 1640–1641-yillarda (hijriy 1050) qurilgan. Masjid vaqfi 1651-yilda Kösem Sulton homiyligida Katta bozor yaqinida qurilgan yirik karvonsaroy – Buyuk Valide Xondan tushgan daromadlarni oʻz ichiga olgan.
Masjid 2018-yilda qayta taʼmirdan oʻtkazilgan.
Meʼmorchiligi
Masjidning zali kvadrat shaklda qurilgan boʻlib, ustki qismi gumbaz bilan qoplangan. Gumbazning diametri taxminan 9 metr (30 ft). Tashqi tomondan masjid uch tomondan tomi qiyaroq ayvon bilan qoplangan. Bino joylashgan yer nishabli boʻlgani uchun baland supa ustiga qurilgan. Masjid minorasi keyinchalik Usmoniylar meʼmorchiligining barokko uslubida yaratilgan boʻlib, balkonidagi konsollar oʻyma akant barglari bilan bezatilgan.
Masjidning ichki qismi nisbatan sodda qurilgan boʻlib, uning eng diqqatga sazovor jihati devorlarning katta qismini qoplagan keng koʻlamli koshin bezaklaridir. Shu boisdan ham masjid „Koshinli masjid“ (Çinili Cami) nomini olgan. Koshinlar Usmoniylar imperiyasida chinni ishlab chiqarish boʻyicha muhim markazlardan boʻlgan Kütayha shahridan keltirilgan. Koshinlar Usmoniylar meʼmorchiligi sanʼatining klassik davrini oʻzida aks ettiradi va bu uslubning soʻnggi muhim namunalaridan biri hisoblanadi. Bu davrga kelib, XVI asrga oid koshinlarda uchraydigan turli shakl va ranglardan nisbatan kamroq foydalanilgan va, asosan koʻk, firuza va kulrang ranglardan iborat kichikroq shakl va bezaklardan qoʻllanila boshlangan. Bundan tashqari, derazalar ustidagi koshinli yoysimon panjaralarda ham qoʻshimcha yozuvlar mavjud. Masjid minbari marmardan yasalgan, oltin, qizil va yashil boʻyoqlar bilan ishlov berilgan oʻymakorlik naqshlari bilan bezatilgan.
Majmua (külliye) masjiddan tashqari favvora (shodirvon), madrasa, boshlangʻich maktab (mektep) va hamomni ham oʻz ichiga oladi. Favvoraning ustki qismi tom bilan qoplangan. Madrasa hududning shimoli-sharqiy burchagida joylashgan va madrasaga ajratilgan yer maydonining kichikligi tufayli noodatiy uchburchak reja asosida qurilgan. Uning yonida, masjidning qibla devori (janubiy-sharqiy devori) ortida sisterna joylashgan. Kichik gumbazli boshlangʻich maktab majmua devorlaridan tashqarida joylashgan. Hammom esa biroz janubi-gʻarbiy tomonda joylashgan kattaroq inshoot hisoblanadi. Hammom ikki qismdan iborat boʻlib, u yerda erkaklar va ayollar foydalanishi uchun alohida-alohida boʻlimlar mavjud.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid, historic building
- Qurilgan
- 1640-yil
- Me’mor
- Architect Kasemi
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Çinili masjidi (uz.wikipedia.org), 3-fevral, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.





