Divriği Katta masjidi va shifoxonasi

R Prazeres · CC BY-SA 4.0

Bertramz · CC BY-SA 3.0

Mxcil · CC BY-SA 3.0

Divriği Katta masjidi va shifoxonasi (turkcha: Divriği Ulu Cami ve Darüşşifası) – 1228–1229-yillarda Turkiyaning Sivas viloyati, Markaziy Anadolu mintaqasi, Divriği shahrida mahalliy Mengujekiylar sulolasi tomonidan qurilgan inshoot. Majmua yuqori shaharda, qal’a etagida joylashgan. Majmuaning nafis tosh oʻymakorligi va eklektik arxitekturasi uni Onadoʻlidagi eng muhim meʼmoriy asarlar qatoriga qoʻyadi. 1985-yilda UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Tavsifi

Divriği shahri IX asrda Vizantiya hukmronligi ostida tashkil etilgan, biroq Malazgirt jangida (1071) vizantiyaliklarning magʻlubiyatidan soʻng, bu hududni turk qabilalari egallab, mintaqaga joylashib olgan. Bu davrda Onadoʻli hududi mahalliy turk sulolalari va Saljuqiylar sulolasining shoxlari tomonidan boshqariladigan koʻplab raqobatchi beyliklar tomonidan idora qilina boshlangan. XII asrda Divriği va unga yaqin Erzincan kabi shaharlarni Mengujekiylar (Mengüjek) sulolasi nazorat qilgan. Xuddi shu asrda amir Is’hoqning vafotidan soʻng sulola ikkiga boʻlinib, biri Divriğida, ikkinchisi esa Erzincanda hukmronlik qilgan. Mengujekiylar Koʻniya saljuqiylari bilan quda-anda boʻlib, Rum Saljuqiylari saltanati Konya markazida kuchaygan paytda ularni oʻz homiylari va ittifoqchilari sifatida tan olgan.

Mengücek hukmdorlari sanʼat, fan va adabiyotning buyuk homiylari boʻlgan. Sanʼatshunos Doğan Kubanning taʼkidlashicha, bu holat aynan shu davrda shaharni masjid va shifoxona qurilishi uchun zarur boʻlgan noyob sanʼatkorlar guruhi bilan boyitgan boʻlishi mumkin.  U, shuningdek, bu hududdagi madaniy muhit oʻsha davrda juda xilma-xil va dinamik boʻlganini ham qayd etadi. Turli guruhlarga mansub hunarmandlar va ustalar mintaqada sayohat qilib, turli homiylardan buyurtmalar olgan, natijada, turli madaniyat va anʼanalar taʼsirini oʻzida aks ettirgan eklektik meʼmoriy uslub shakllangan.

Meʼmorchiligi

Majmua masjiddan iborat boʻlib, u janubiy – qibla devori orqali shifoxona bilan tutashgan. Shifoxonaga esa maqbara biriktirilgan.

Tashqi koʻrinishi

Masjidning asosiy kirish eshigi shimoliy tomonda joylashgan boʻlib, u baland peshtoqli darvoza bilan ajralib turadi, chuqur oʻyma tosh bezaklarining yuqori sifati va zichligi bilan mashhur. Gʻarbiy tomondagi kirish eshigi keyinroq qurilgan boʻlishi mumkin, chunki masjidning bu fasad qismi avval qulab tushgan va keyinchalik qayta tiklangan, shimoli-gʻarbiy burchagiga yumaloq tayanch qoʻshilib mustahkamlangan. Masjidning uchinchi kirish eshigi sharqiy fasadda joylashgan boʻlib, hukmdor va uning yaqinlari uchun ajratilgan masjid ichkarisidagi janubi-sharqiy burchakdagi baland yogʻoch maydonchaga olib boradigan maxsus kirish yoʻlagi boʻlib xizmat qilgan boʻlishi mumkin.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid, historic site, former hospital, group of structures or buildings, Ambulatoriya
Qurilgan
1229-yil
Me’moriy uslub
Anatolian Seljuk architecture, Ottoman architecture
Material
stone
Joylashgan hudud
Markaziy Anadolu mintaqasi
Meros maqomi
Jahon merosi, Jahon merosi

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.371222, 38.121583Google Maps'da ochish

Teglar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Divriği Katta masjidi va shifoxonasi (uz.wikipedia.org), 27-fevral, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.