Eshon Temirxon Toʻra jome masjidi

XayrinisoJorayeva · CC BY 4.0

XayrinisoJorayeva · CC BY 4.0

XayrinisoJorayeva · CC BY 4.0

Eshon Temirxon Toʻra jome masjidi – Oʻzbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasi tasarrufidagi jomeʼ masjid boʻlib, Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlogʻida joylashgan. Mazkur masjid Vazirlar mahkamasi tasarrufida hisoblanib, Musulmonlar idorasi va Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan roʻyxatga olingan.

Nomlari

Masjid koʻplab manbalarda „Muhojirlar jomeʼ masjidi“ nomi bilan ham tilga olingan. Baʼzi manbalarda „Orlot jome masjidi“ taʼrifi ham uchrab turadi.

Tarixi

Eshon Temirxon Toʻra masjidi 1993-yillarda xalq hashari yoʻli bilan qurilgan. Ushbu masjid hozirgi kunda amaldagi masjidlardan biri hisoblanadi. 2019-yil 17-oktyabrda viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov masjid uchun quriladigan yangi tahoratxonaning ilk gʻishtlarini qoʻygan. 2021-yil 11-aprelda masjid qaytadan bunyod qilinib, yangi taʼmirlangan bino foydalanish uchun topshirilgan. Masjid ochilishida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan bir qatorda diniy idora ishboshqaruvchisi Rustam xoji Jamilov, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov va bir qancha taniqli imomlar qatnashishgan. Xalq hashari yoʻli bilan qurilgan ushbu masjidning yangi binosi 2019—2021-yillarda zamonaviy loyiha asosida taʼmirlangan. Masjid hovlisining umumiy maydoni 5 gektar boʻlib, masjid 1000 nafar namozxonga moʻljallangan. Ushbu masjidning eski imomi Samarqand viloyati Ishtixon tumanining imom-xatibi Otaxon Safarov hisoblanib, 2019-yilda imom-xatib Toshmuhammad Abilov, imom-noibi Hasanxon Temirov, 2020-yil imom-xatib Toshmuhammad Abilov, 2022-yilda masjid imom-noibi Nodirxon Absamatov va hozirgi masjid imom-xatibi Imomiddin Temirov Juma namozi, Qurbon va Ramazon hayiti namozlari vaqtida oʻz mav’izalarini qiladi.

Meʼmorchiligi

Masjid qurilishida gumbazlar tuzilishi ancha murakkab boʻlib, peshtoq, ravoq va minoraning turli shakllari oʻziga xos nafis shaklda ishlangan. Bezagida maftunkor naqshlar, koshinkor bezaklar qoʻllanilgan boʻlib, masjid binosining tashqi va ichki bezaklarida oʻzgacha nafislik yaqqol koʻzga tashlanadi. Masjidning moviy gumbazida Allohning 99 ism va sifatlari bitilgan boʻlib, haligacha insonlarni jalb qilib kelmoqda. Shuningdek, masjidda 30 kishiga moʻljallangan erkaklar tahoratxonasi va ayollarning alohida tahoratxonasi, maʼmuriyat (imom-xatib, noiblar) xonalari, oshxona, qorovulxona va mehmonxona kabi qoʻshimcha binolarda barcha qulayliklar yaratilgan.

Joylashuvi va faoliyati

Masjid Samarqand viloyati Ishtixon tumaniga qarashli hisoblanadi. Maskur masjiga har kunlik 5 mahal namoz ibodatlarini ado qilish uchun Ishtixon tumanining turli joylaridan musulmon insonlar tashrif buyurishadi. Shuningdek, Ishtixon tumanining Sohibkor, Orlot, Qayirma, Oʻzbekqoʻrgʻon, Bogʻixon mahallalari aholi vakillari va yoʻlovchilar, Ramazon va Qurbon hayit namozlarida va Juma namozlari vaqtlarida tashrif buyurishadi. Ushbu masjidga mashrut, avtobus yoki yengil transport vositalari orqali borish mumkin va nomozxonlar uchun masjid har kunlik nomoz vaqtlarida doimo ochiq. Ushbu masjid nomozxonlar uchun zarur maʼlumotlar xabar qilinadigan, haftalik juma, xayit namozlari jamoa boʻlib oʻqiladigan Ishtixon tumanidagi asosiy masjidlar sirasiga kiradi. Kundalik besh vaqt namozda 100 dan ortiq, juma va hayit namozlarida 1000 dan ziyod nomozxon qatnashadi. Shuningdek, masjid Samarqand viloyatida tarovih namozida Xatmi qur’on oʻqiladigan masjidlar roʻyxatiga kiritilgan. 2021-yil 15-avgust kuni ogʻir xastalikdan Moskva shahrida vafot etgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning janoza namozi va taʼziya marosimlari 16-avgust kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlogʻi „Eshon Temirxon Toʻra“ (eski Muhojirlar masjidi) jome masjidida boʻlib oʻtgan. Aytish joizki, Usmonxon Alimov 1950-yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tavallud topgan boʻlib, 15 yil davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasida faoliyat olib borgan.

Muftiy Usmonxon Alimov Eshon Temirxon Toʻra masjidida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, tamirlash va obodonlashtirish ishlari bilan oʻzlari tanishib turgan. Shuningdek, Eshon Temirxon Toʻra masjidining tashqi tomonida muftiy Usmonxon Alimov maqbarasi barpo etilib kelinmoqda. Ushbu maqbarada Eshon Temirxon Toʻra va uning oʻgʻillari Xoji Badriddinxon Toʻra va Xoji Sultonxon Toʻraning qabrlari joylashgan. Xususan, 2021-yil 17-sentyabrda Rossiya musulmonlari diniy uyushmasi raisi, Moskva muftiysi Albir hazrat Krganov „Eshon Temirxon toʻra“ jome masjidida jamoat bilan birgalikda Shayx Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov hazratlarining haqlariga Qur’on tilovat qilganlar.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 40.079389, 66.683750Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Eshon Temirxon Toʻra jome masjidi (uz.wikipedia.org), 9-fevral, 2025 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.