Juma masjidi (Shemaxa)
Shemaxa Juma masjidi (ozarbayjoncha: Şamaxı Cümə Məscidi) – Ozarbayjonning Shemaxa shahrida joylashgan masjid.
Yaratilish tarixi
Tbilisidan tashrif buyurgan Qojarlar sulolasi shahzodasi Shohgulu boshchiligidagi geologik komissiya olib borgan tadqiqotlariga tayangan holda masjidning qurilgan sanasini 743—744-yillar deb olish mumkin. Bu sana Juma masjidining jabhasida arab yozuvi bilan bitilgan boʻlib, islom taqvimi boʻyicha 126-yilga toʻgʻri keladi. Aynan shu davrda Ozarbayjon hududida yangi diniy binolar – masjidlar qurilishi boshlanadi. Qadimgi islom meʼmorchilik yodgorliklarining tarixiy koʻrinishi arablarning Ozarbayjon hududida islom dinini targʻib qilishi bilan bogʻliq edi. Shemaxa Juma masjidi 734-yilda qurilgan Darband Juma masjididan keyingi Kavkazdagi ilk masjid hisoblanadi.
Masjidning qurilish sanasi xalifalikning Kavkaz va Dogʻistondagi noibi, Umaviylar xalifasi Valil I ning ukasi (705—715) arab qoʻmondoni Maslam ibn Abdulmalik hukmronlik qilgan yillarga toʻgʻri keladi. Shu yillarda arab hokimlari boy madaniy merosga ega bu qadimiy shaharning minoralarini mustahkamlab, uning hududida yangi inshootlar qurishga kirishadilar. Ular, shu jumladan, Shemaxaga ham katta ahamiyat berishgan, buning natijasini Juma masjidining oʻziga xos meʼmoriy koʻrinishidan ham bilish mumkin.
Qayta qurilishi
Juma masjidining janglar va zilzilalar paytidagi jiddiy buzilishi va vayron qilinishi masjid binosini qayta tiklashga sabab boʻlgan. Saljuqiylar davri yilnomachisi Imoduddin Isfahoniyning maʼlumotlariga koʻra, 1123-yildan boshlab Shirvonshoh hukmdorlari gruzinlar bosqinidan himoyalanish uchun Saljuqiy sultoni Mahmudga (1118—1131) murojaat qilganlar. Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda Shemaxada „bosqinchilar masjidni buzib, minorani yiqitishgan va shaharni talon-taroj qilishgan“.
Juma masjidining qurilish ishlari XII asr oxirlarida boshlanadi. Keyinchalik binoning turli bosqinlar davomida koʻrgan zararlari qoplanadi, Manuchehr III davrida Shirvonshoh hokimiyati yanada kuchayib, koʻplab yangi inshootlar qurib bitkaziladi, shuningdek, shahar devorlari mustahkamlanadi. Tarixchi-arxeolog olimlar tomonidan berilgan manbalar va qurilishga oid kitoblarga tayangan holda „Buyuk xoqon“ atamasining oʻzi ham Manuchehr III ning tarixda qanchalar buyuk hukmdor boʻlganligidan dalolat beradi. Asli shemaxalik taniqli fors shoiri Xoqoniy Shirvoniy „uning humkronligidagi shahar shon-shuhrati Buxoroga ham soya solgan“, deb yozgan edi. 1970-yilda masjid hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar oʻsha davrga oid jiddiy qurilish va meʼmoriy oʻzgarishlarni tasdiqlaydi. Arxeologik qazishmalar davomida juda koʻp madrasa, hujra va qabrlar topilgan.
Masjidning ikkinchi qurilishi XVII asr – Safaviylar sulolasi davriga toʻgʻri keladi. 1656-yilda Shemaxaga tashrif buyurgan turk olimi va sayohatchisi Avliyo Chalabiy Juma masjidi shaharning eng yirik diniy inshooti ekanligini aytgan. Chalabiy oʻz asarida Safaviylar davrida Juma masjidining ayrim tarkibiy oʻzgarishlari haqida ham maʼlumot berib oʻtgan.
1859-yilgi zilzila natijasida bino katta zarar koʻrganidan keyin, 1860-yilda viloyat meʼmori Hojibobobeyov tomonidan masjidning uchinchi rekonstruksiyasi amalga oshirilgan. Ushbu rekonstruksiya rus rassomi Grigoriy Gagarinning qoralama tasvirlari asosida olib borilgan.
Toʻrtinchi rekonstruksiya 1902-yildagi eng kuchli zilziladan soʻng amalga oshirilgan. Ushbu zilzila natijasida Shemaxaning koʻplab binolari vayron boʻlgan va shikastlangan. Masjidni toʻliq rekonstruksiya qilish uchun ehsonlar yigʻilib, maxsus komissiya tuzilgan. Binoni rekonstruksiya qilish oʻsha davrning atoqli ozarbayjon arxitektori – shemaxalik Ziverbey Ahmadbeyovga yuklatilgan. Arxitektorning shartlaridan biri masjidning tashqi koʻrinishini saqlab qolish boʻlgan, lekin qoʻmita bunga rozi boʻlmagan, bu esa meʼmorning masjidni keyingi rekonstruksiya ishlaridan chetlatilishiga sabab boʻlgan. Masjidning keyingi taʼmirlash ishlarini davom ettirish uchun arxitektor Józef Plośkoga taklif beriladi. 1909-yilda Józef Plośko tomonidan taqdim etilgan loyiha masjidning fasadini va tashqi koʻrinishini sezilarli darajada oʻzgarishiga sabab boʻladi. Loyiha masjidning eski qurilish rejasida koʻrsatilgan poydevor va tugallanmagan qurilish ishlariga asoslangan holda tuziladi, bundan tashqari poydevor ustida tartib bilan yonma-yon minoralar va ochiq ayvonlar, shuningdek, yangi markaziy gumbaz ham yangi loyihadan oʻrin oladi. Binoni bunday rejalashtirish usuli ilk marotaba XV asrda Tabriz meʼmorchilik maktabi qurilishida qoʻllangan, shuningdek, Bokudagi Shirvonshohlar saroyi ansamblining meʼmoriy xususiyatlarini ham oʻzida mujassam etgan. Józef Plośko loyihasi asosida masjid qurilishi D. Sodiqbeyov zimmasiga yuklatilgan, biroq markaziy gumbaz, yon minoralar, galereya, portal va markaziy zinapoya kabi muhim elementlar moliyaviy qiyinchiliklar sababli loyihadan olib tashlangan.
2009-yil dekabr oyida Shemaxa Juma masjidini qayta tiklash toʻgʻrisida hukumat qarori qabul qilingan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- 743-yil
- Me’mor
- Zivar bay Ahmadbayov, Józef Plośko
- Me’moriy uslub
- Shirvan-Absheron architectural school
- Meros maqomi
- cultural heritage monument in Azerbaijan
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Juma masjidi (Shemaxa) (uz.wikipedia.org), 17-may, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.





