Diyorbakir Katta masjidi

Cemallamec · CC BY-SA 4.0

R Prazeres · CC BY-SA 4.0

U.S. Army Signal Corps · Public domain

Katta masjid (turkcha: Diyarbakır Ulu Camii yoki Cami-i Kebîr) – XI asr oxirida Saljuqiylar sultoni Malikshoh I tomonidan eskiroq masjid oʻrnida bunyod etilgan masjid. Baʼzi manbalarga koʻra, ushbu masjid Damashqdagi Umaviylar masjiddan keyin islom dinida beshinchi eng muqaddas joy hisoblanadi va Umaviylar masjidi Diyorbakir Katta masjidi dizayniga taʼsir koʻrsatgan. Katta masjid 5000 nafargacha namozxonni sigʻdira oladi.

Kelib chiqishi

Diyorbakir Katta masjidi Onadoʻlidagi eng qadimiy masjid, u, shuningdek, Turkiyaning ham eng qadimgi masjidi boʻlishi mumkin. Uning kelib chiqishi va rivojlanish tarixi murakkab boʻlib, bugungi kunga qadar toʻliq oʻrganilmagan. 639-yilda musulmonlar shaharni bosib olganidan keyin VII asrda bu hududda masjid bunyod etilgan. Soʻnggi arxeologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, hozirgi masjid shaharning Rim davriga oid forumining bir qismi ustida qurilgan. Anʼanaviy rivoyatlarga koʻra, bino 620-yillarda Vizantiya imperatori Herakleios tomonidan Avliyo Thomasga bagʻishlab qurilgan.

Oʻrta asrga oid musulmon manbalardan birining nemischa tarjimasida keltirilishicha, shahar fath qilinganda uning asosiy cherkovi musulmonlar va nasroniylar oʻrtasida boʻlinib, umumiy foydalanish uchun ikkiga ajratilgan. Musulmon manbalarida ilk islomiy fathlar davrida nasroniy cherkovlarining shunday taqsimlanishi haqida koʻplab rivoyatlar uchraydi. Diyorbakir misolida bu hikoya baʼzi olimlar (masalan, Cresvell) tomonidan qabul qilingan va mahalliy aholi, shu bilan birga masjid tarixining mashhur rivoyatlarida ham keng tarqalgan.

Ushbu rivoyatning tarixiyligi va manbaning ishonchliligi baʼzi olimlar tomonidan shubha ostiga olingan. Bunga manba muallifining noaniqligi, uning nemis va arabcha tarjimalari oʻrtasidagi nomuvofiqliklar hamda boshqa manbalar bilan zid kelishi sabab boʻlgan. Fatma Meral Halifeoğlu, Martine Assénat va Jean-Charles Ducènelar ushbu hikoyani toʻqima deb hisoblagan. Boshqa murakkabliklar qatorida Zuqnin yilnomasi ham mavjud boʻlib, unda shahar bosh cherkovi 629-yilda Herakleios tomonidan qurilgani va musulmonlar istilosidan ancha keyin, 770-yilda nasroniy jamoasi tomonidan toʻliq tiklangani qayd etilgan. Yana bir muallif Theodotus (vafoti: 698) musulmonlar shaharni bosib olgandan keyin masjid qurganliklarini eslatib oʻtgan. Shoir va mutafakkir Nosir Xusrav 1045-yilda shaharning bosh cherkovi masjid yonida turgan hayratlanarli bino ekanligini yozgan. Ushbu manbalar shu vaqt ichida cherkov hali ham nasroniylar tomonidan foydalanilganligini koʻrsatadi hamda binodan musulmonlarning ham foydalanganligi haqida maʼlumot bermaydi.

Hozirgi masjid qurilishi

Hozirgi bino Saljuqiylar davrida, XI asr oxirida qurilgan boʻlib, keyinchalik XII asrda binoda qoʻshimcha qurilish ishlari amalga oshirilgan. Saljuqiylar 1085-yilda shaharni bosib olgan. Masjidda olib borilgan ishlar bir qator yozuvlar orqali qayd etilgan boʻlib, ularning aksariyati oʻz joyida saqlanib qolgan, baʼzilari esa yillar davomida boshqa joyga koʻchirilgan. Masjidning eng qadimgi yozuvi namozxonaning gʻarbiy fasadida joylashgan boʻlib, unda binoni qurish uchun topshiriq bergan Saljuqiy sultoni Malikshohning nomi tilga olingan, qurilish sanasi milodiy 1091–1092 (hijriy 484-yil) deb koʻrsatilgan. Saljuqiylar davrida qurilgan masjidning tuzilishi VIII asr boshlarida Umaviylar xalifaligi davrida qurilgan Umaviylar masjididan taʼsirlangan holda yaratilgan va shu sababdan ham ushbu masjidga oʻxshaydi. Buning sababi shundaki, Malikshoh 1082–1083-yillarda, Diyorbakirda Katta masjid qurilishidan toʻqqiz yil oldin Umaviylar masjidida taʼmirlash ishlarini olib borgan. Malikshoh Onadoʻlining janubidagi Diyorbakir shahriga obroʻ va shon-shuhrat olib kelish maqsadida Diyorbakir Katta masjidini qayta tiklagan

1115-yili chaqmoq chaqishi oqibatida masjidga jiddiy zarar yetgan. Namozxona fasadidagi ikkinchi yozuvda 1155–1156-yillarda amalga oshirilgan ishlar qayd etilgan. Masjidning minorasida 1141-yil yozuvi mavjud, biroq ushbu sana, asosan, masjidning gʻarbiy va sharqiy qanotlarida olib borilgan qurilish ishlariga tegishli boʻlishi mumkin.

Asosiy hovlisining ikki tomonida joylashgan masjidning gʻarbiy va sharqiy qanotlari XII asrda İnaloğulları va Nisoniylar homiyligi mahsuli hisoblanadi. İnaloğulları ham, Nisoniylar ham Saljuqiylar hukmronligi ostidagi mahalliy sulolalar boʻlgan. Ushbu qismlar Sharqiy va Gʻarbiy Maqsuralar nomi bilan ham mashhur. Masjidning gʻarbiy qanotining hovliga qaragan fasadida ikkita yozuv mavjud, pastki qismidagi yozuv 1117–1118-yillarga, yuqori qismidagi yozuv 1124–1125-yillarga oid boʻlib, unda Malikshohning oʻgʻli va nabirasining nomlari tilga olingan. Masjidning sharqiy qanotida asosiy tashqi kirish eshigi joylashgan boʻlib, 1163–1164-yillarga tegishli yozuv mavjud va bu qism Nisoniylar davrida qurilgan. Namoz zalining fasadidagi 1155–1156-yillardagi yozuv ham sharqiy qismga ishora qiladi. Masjidning hozirgi koʻrinishga ega boʻlgan kirish eshigi 1155–1178-yillarda qurilgan boʻlishi mumkin.

Gʻarbiy va sharqiy hovlining chiroyli qilib bezatilgan fasadlari oʻzining murakkab bezaklari bilan ajralib turadi. Ularda eski Vizantiya binolaridan olingan qurilish materiallari – ustunlar, Korinf uslubidagi ustun boshchalari, tok novdalari tasvirlangan frizlar hamda yunon yozuvlari parchalari ishlatilgan. Ushbu elementlar ataylab tanlab olinib, hovlining yagona va uygʻun bezak dasturini yaratish maqsadida qoʻllanilgan. Bezaklar masjidning bizga maʼlum boʻlgan yagona meʼmori Gurgonlik Hibatulloh rahbarligida yaratilgan. U, shuningdek, 1155–1156-yillarda namozxona qurilishini ham yakuniga yetkazgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid
Qurilgan
1091-yil
Joylashgan hudud
Southeastern Anatolia Region

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 37.912222, 40.235833Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Diyorbakir Katta masjidi (uz.wikipedia.org), 30-mart, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.