Gulluk masjidi
Gulluk masjidi (ozarbayjoncha: Güllük kənd məscidi; arabcha: مسجد جلك), shuningdek, Gulluk jome masjidi nomi bilan ham tanilgan masjid va tarixiy meʼmoriy yodgorlik. Ozarbayjonning Qax tumanidagi Gulluk qishlogʻida joylashgan. 1727-yilda qurilgan bu masjid 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan mahalliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
Gulluk masjidi 1727-yilda Ozarbayjonning Qax tumani Gulluk qishlogʻida mahalliy aholi koʻmagida bunyod etilgan. Masjid fasadidagi bitikda uning qurilish sanasi haqida maʼlumot berilgan boʻlib, u yerda masjid hijriy 1139-yilda (milodiy 1726/1727) al-Jiniqiy tomonidan qurilgani yozilgan.
Masjid bir necha bor zarar koʻrgan va qayta taʼmirlangan. XIX asrda masjid ilisulik usta quruvchi Muhammad Eldar oʻgʻli tomonidan taʼmirlangan. Hoji Zeynalabdin Tagʻiyev masjidning tom qoplamasi uchun material sotib olinishida moliyaviy yordam koʻrsatgan.
Masjid hovlisida bir nechta qabrlar va maqbara mavjud. Oxund Bobo maqbarasi qibla yoʻnalishida joylashgan. Qabr toshi daryo toshlaridan yasalgan. Mintaqada faoliyat yuritgan va 1704-yilda vafot etgan Abbos afandi ham shu yerga dafn etilgan.
Ozarbayjonda sovet istilosidan soʻng, 1928-yilda rasmiy ravishda dinga qarshi harakat boshlandi. Oʻsha yilning dekabr oyida Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi koʻplab masjid, cherkov va sinagogalarni maʼrifiy maqsadlarda foydalanilishi uchun klublar ixtiyoriga topshirdi. 1917-yilda Ozarbayjonda 3000 ta masjid mavjud boʻlgan boʻlsa, bu raqam 1927-yilda 1700 ta, 1928-yilda 1369 ta, 1933-yilga kelib esa atigi 17 tani tashkil qilgan. Shu davrda Gulluk masjidi ham ibodat uchun yopilib, undan omborxona sifatida foydalanilgan.
Ozarbayjon mustaqillikka erishgach, 1992-yilda masjid yana dindorlar foydalanishi uchun qaytarib berildi. 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan masjid mahalliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritildi.
Ozarbayjonning shimoli-gʻarbiy hududida yuz bergan bir necha zilzilalardan soʻng, 2020-yilda masjid binosi yaroqsiz holga kelgani haqida xabar berilgan.
Meʼmorchiligi
Masjid qurilishida ohak qorishmasi, daryo toshlari va gʻishtlardan foydalanilgan. Binoning uzunligi 21.3 m (70 ft), kengligi 18 m (59 ft), balandligi esa 5.4 m (18 ft). Masjidda 12 ta deraza, 1 ta eshik, mehrob va 8 ta gʻisht ustun mavjud. Masjidning minorasi yoʻq. Ayvonida 2 ta ustun boʻlib, ularning yonida ikki qavatli 4 ta xona joylashgan. Masjidning pol va shift qismi yogʻochdan yasalgan. Inshootning qurilish rejasi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda. Mehrob sodda uslubda yaratilgan boʻlib, balandligi 4 m (13 ft). Shuningdek, masjidda uch pogʻonali yogʻoch minbar ham mavjud.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- XVIII asr
- Me’moriy uslub
- Islom arxitekturasi
- Meros maqomi
- cultural heritage monument in Azerbaijan
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Gulluk masjidi (uz.wikipedia.org), 18-dekabr, 2025 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.
.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)




