Ota darvoza

Petar Milošević · CC BY-SA 4.0

Jean Housen · CC BY-SA 4.0

Jean Housen · CC BY-SA 4.0

Ota darvoza – Ichan qalʼaning gʻarbiy darvozasi. Olloqulixon hukmronligi davrida qurilgan (1828—29). Shermuhammad ota nomi bilan ham atalgan. Ota darvoza Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻtxati“ga kiritilgan. Shuningdek, Xiva shahrining tarixiy yodgorligi sifatida YuNESKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga ham kiritilgan.

Tarixi

Ota-darvoza Xiva xoni Olloqulixon davrida 1828—1829-yillarda qurilgan. Darvozaning ichki qismida 13 ta savdo qatori va yopiq bozor chorsu boʻlgan. Darvozaning oʻng tomonida Muhammad Aminxon madrasasi, chap tomonida xon saroyi Koʻhna ark joylashgan edi.

Shahar darvozalari mudofaa tizimining bir qismi edi. Ota darvoza misolida koʻrish mumkinki, ularning arkli oʻtish joyining ikki tomonida kuzatuv minoralari, darvoza ustida kuzatish maydoni ham bor.

Darvoza ichida bojxona va sarrofxona (pul almashish xonasi), shuningdek, darvozabon uchun xona bor edi. Binoning kattaligi va strukturaning oʻlchamlari Xiva xonligining XIX asrda qurilgan boshqa darvozalariga oʻxshab ketadi. Strukturaning barqarorligini taʼminlash uchun gʻishtlarning ogʻirligini hisobga olgan holda darvoza arklarining shakli ishlab chiqilgan. Terilgan gʻishtlar qatoriga yogʻoch toʻsinlar kiritib chiqilgan. Kichik gumbazlarni qurishning bu usulida „davra“ va „balxa“ shaklida gʻisht teriladi. Shu bilan birga, binoning ichki qismi suvoq qilingan.

Ota darvozaning asl qiyofasi saqlanib qolmagan, darvozalari 1920-yilda vayron qilingan. Ota darvoza 1974—1978-yillarda arxiv materiallari asosida qayta tiklandi.

Meʼmorchiligi

Darvozaxona toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (17,50×15,40 m), ichkarisi uzun dalon boʻlib, usti ikki katta gumbaz (diametri – 15,07 m) bilan krplangan. Da-lonning 2 tomonida bir-biriga oʻtiladigan oldi ochiq, gumbazli xonalar darvozabonlar xonasi vazifasini oʻtagan. Xonalarning biridan hujraga oʻtiladi. Hujradagi aylanma zinadan tomga chiqiladi. Darvoza peshtogʻi baland boʻlib, ikki yon tomonini guldastalar egallagan. Peshtoqining ravokli darchalari guldastalar qafasasi bilan bir balandlikda boʻlib, kunguralar bilan yakunlangan. Darvoza barglari oʻyilgan gul naqshlari („islimi“) va geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Markaziy qismdagi ikkala darvozaning barglari bir xil nisbat va oʻlchamdagi teng qirrali toʻrtburchaklar bilan bezatilgan boʻlib, ularda sakkiz burchakli yulduzlar tasviri bilan doiralar yozilgan. Oʻng qanotdagi doira ichida arab tilida Qur’onning „Ixlos surasi“, chap qanotida „Kalimai shahodat“ „La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh“ soʻzlari yozilgan. Biroq, bu eshiklar binoning haqiqiy eshiklari emas, ular ilgari Muhammad Aminxonning 1850-1851-yillardagi Xiva yaqinidagi Angarik qishlogʻida qurilgan saroyi hovlisiga oʻrnatilgan edi. Ota darvozaning dastlabki koʻrinishi saqlanmagan, arxiv materiallari asosida qayta tiklangan (1974). 1978-yildan doʻkon uchun moslashtirilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
city gate, rammed earth building
Tarkibiy qismi
Ichan qalʼa
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.378675, 60.357183Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Ota darvoza (uz.wikipedia.org), 21-may, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.