Otajonboy madrasasi

LittleT889 · CC BY 4.0

Otajonboy madrasasi (yoki Otajon boy madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1884-yilda xivalik mulkdor shaxs Otajonboy mablagʻi hisobiga qurilgan. Bugungi kunda u „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 23-uyda joylashgan.

Otajonboy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi.

Tarixi

1842-yilda Xiva xonligi hukmdori Olloqulixon Xivaning bir qismini maxsus devor bilan oʻrashni buyurib, shaharning bu qismini „Ichan qalʼa“ deb atagan. XIX asrda Xivada koʻplab madrasa va masjidlar qurilgan. Mashhur madrasalar qatorida binosi badiiy usulda bezatilgan Otajonboy madrasasi ham bor. Otajonboy madrasasi Xivadagi Mozori Sharif madrasasining yonida qad rostlagan. U 1884-yilda xivalik mulkdor Otajonboyning tashabbusi va mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Madrasa Pahlavon Mahmud majmuasidagi oxirgi qurilgan imoratlardan biri hisoblanadi. Yuqoridan qaralganda uning shakli sharqdan gʻarb tomonga koʻndalang choʻzilib borgan, janubida joylashgan devoridagi tashqi kirish eshigiga nisbatan assimetrik toʻrtburchakka oʻxshab koʻrinadi.

Otajonboy madrasasi va Mozori Sharif madrasasi oʻrtasida ichki yoʻlak bor. Ushbu ikki madrasa bir-biriga yaqin joylashganligi sababli yagona majmuaga oʻxshab koʻrinadi.

Madrasa 1970—1980-yillarda qayta taʼmirlangan. Bugungi kunda unda amaliy sanʼat – yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi faoliyat olib bormoqda.

Qurilish uslubi

Madrasa murakkab tarhli (19,9x17,25 m) qilib qurilgan boʻlib, peshtogʻi janub tarafga qaragan. 2 qanoti guldasta bilan bezatilgan. Peshtoq orqali gumbazli miyonsaroyga kiriladi. Kichik hovli (5,65x11,0 m) atrofi hujralar bilan oʻralgan. Masjid gumbazi tomli, bagʻali, qalqonsimon. Bagʻali va janubiy devordagi mehrobga muqarnaslar ishlangan. Hujralar balxi gumbazli. Kirish dahlizi gumbaz bilan bostirilgan boʻlib, shu dahlizdan hovliga chiqiladi. Madrasaning maxsus oʻquv xonasi boʻlmaganligi sababli uning vazifasini bittagina janubi-gʻarbiy tarafdagi katta xona bajargan boʻlishi kerak.

Qisqa ma’lumot

Turi
Madrasa
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.376710, 60.359860Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Otajonboy madrasasi (uz.wikipedia.org), 15-dekabr, 2024 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.