Piri Mehmed posho masjidi

CeeGee · CC BY-SA 4.0

CeeGee · CC BY-SA 4.0

CeeGee · CC BY-SA 4.0

Piri Mehmed posho masjidi (turkcha: Piri Mehmet Paşa Cami) – Turkiyaning Istanbul viloyati, Silivri shahrida Usmonlilar davrining 1530–1531-yillarida vazir Piri Mehmed posho tomonidan bunyod etilgan masjid.

Tarixi

Masjid Turkiyaning shimoli-gʻarbiy qismidagi Istanbul viloyati Silivri tumani markazida joylashgan boʻlib, Usmonlilar imperiyasi vaziri Piri Mehmed poshoning (1518–1523-yillarda xizmat qilgan) buyrugʻiga binoan qurilgan. Inshootning asosiy darvozasi ustidagi devorga osib qoʻyilgan yozuvga koʻra, qurilish davri hijriy 937-yilga (1530–1531) toʻgʻri keladi. Majmua meʼmori haqida turli yozuvlar va mish-mishlar mavjud, lekin uning kimligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Bosh meʼmor – Acem Ali (talaffuzi: Achem Ali).

Arxitekturasi

Masjid tashqi hovlining oʻrtasida, ayvonda joylashgan, diametri 11.90 m (39.0 ft) oʻlchamdagi qoʻrgʻoshin bilan qoplangan gumbazga ega. Asosiy namozxonaning ikki tomonida ikkita gumbazli hujra mavjud boʻlib, ularning har biri tashqi va ichki eshiklarga ega. Har ikkala hujraning janubida tashqi tomonga, shimolida esa narteksga (ichki vestibyul) ochiladigan derazasi bor. Gumbazlarning ichki qismi, arklar, devorlar va, ayniqsa, derazalar atrofi qoʻlda chizilgan bezaklar bilan bezatilgan. Asosiy gumbazning ichki qismiga „Oyatal kursi“ („Taxt oyati“) bitilgan. Binoning shimoli-gʻarbiy qismida balkonli minora boʻlib, unga masjidning ichkari qismidan kirish mumkin. Hovli oʻrtasida tomlari piramidasimon, rux bilan qoplangan sakkiz qirrali shodirvon (masjidlarda tahorat olinadigan, atrofidagi jo’mraklardan su oqadigan usti ochiq, kichik hovuz) joylashgan boʻlib, 1966—1971-yillarda olib borilgan restavratsiya ishlari davomida qurilgan.

Masjid majmuasi sayohatchilar uchun uch kungacha tunash mumkin boʻlgan turar-joy binosi, mehmonxona, imorat, oshxona, ovqatlanish xonasi, oʻtinxona, bolalar maktabi (4 yoshdan 7 yoshgacha), toʻqqiz xonali madrasa, Belgrad qal’asidan qaytgan askarlar uchun mehribonlik uyi va xizmat binosidan iborat boʻlgan. Mazkur inshootlar faoliyatini davom ettirish maqsadida masjid majmuasiga ekin maydonlari, tegirmon, quduq va fermer xoʻjaligidan tashqari oʻnga yaqin doʻkon vaqf qilingan.

Yozuvlardan koʻrinib turibdiki, 1765 va 1895-yillarda masjidda ikki marotaba katta restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. Hijriy 1313-yildagi (1895–1896) restavratsiya davomida narteksning oʻrta gumbaziga yozuvlar ishlangan. Binoni qayta tiklash davomida olingan yozuvlarga koʻra, minora meʼmorchilikning barokko usulida yaratilgan namunalardan biri hisoblanadi.

Savdogarlar uchun turar-joy binosi sifatida xizmat qilgan mehmonxona masjid yaqinida XVIII asrda qurilgan. Mehmonxona oldidagi suv oqib o'tuvchi truba va favvora 1940-yillarda olib tashlangan.

Masjid hovlisida barokko va neoklassik uslubda yaratilgan favvora hoji Ismoil ogʻa nomi bilan atalgan. Hovlining janubiy qismidagi tayanch devorda joylashgan yana bir favvora 1990-yillarda masjidga bir koʻcha naridagi hududdan koʻchirib oʻtkazilgan.

Masjid majmuasining qabristoni devor bilan oʻralgan boʻlib, qibla tomonga qaragan holda qurilgan. Dastlab qabriston hovlida keng maydonni egallagan, ammo keyinchalik uning hududi 12 m × 23 m (39 ft × 75 ft)ga qisqartirilgan. Piri Mehmed poshoning marmar sarkofagi qabristonning shimoli-sharqiy burchagida oʻgʻli Muhyiddin Mehmed Rashid afandining sarkofagi bilan yonma-yon joylashgan.

Bugungi kunda

1961—1971-yillar orasida Vaqflar Bosh boshqarmasi Piri Mehmed posho masjidida restavratsiya ishlarini amalga oshirgan, shundan keyin masjid holati ancha yaxshilangan.

Bugungi kunga kelib nafaqat masjid, shuningdek, bolalar uyi va madrasaning bitta xonasi ham saqlanib qolgan.

Masjidning soʻnggi taʼmirlash ishlari 2013-yil aprel oyida boshlangan, 2016-yil 3-iyunda esa tashrif buyuruvchilar uchun ochib qoʻyilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid
Qurilgan
1530-yil
Me’moriy uslub
Ottoman architecture
Joylashgan hudud
Marmara Region
Nomi kimdan/nimadan
Piri Mehmed Paşa

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.073450, 28.245650Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Piri Mehmed posho masjidi (uz.wikipedia.org), 13-iyul, 2025 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.