Piyale posho masjidi
Piyale posho masjidi (usmonli turkcha: پیاله پاشا جامع, turkcha: Piyale Paşa Camii) – Tersane masjidi (soʻzma-soʻz: kemasozlik masjidi) nomi bilan ham tanilgan XVI asrga oid Usmonli masjidi. Bino Turkiyaning Istanbul shahri, Beyoğlu tumani, Kasımpaşa mahallasida joylashgan.
Tarixi
Piyale posho masjidi Usmonli imperiyasi meʼmori Xoʻja Sinon tomonidan vazir va buyuk admiral Piyale Mehmed poshoga atab bunyod etilgan. Masjid qurilishi 1565–1573-yillarda amalga oshirilgan.
Arxitekturasi
Xoʻja Sinon tomonidan loyihalashtirilgan boshqa masjidlardan farqli oʻlaroq, Piyale posho masjidi oltita bir xil gumbazdan iborat boʻlib, har birining diametri taxminan 9 m (30 ft)ga teng. Istanbulda ana shunday bir nechta gumbazga ega boʻlgan ikkinchi masjid Vasat Atik Ali posho masjidi hisoblanadi. Gumbazlar namozxona markazida bir juft nozik granit ustunlar bilan mustahkamlangan. Masjid minorasi qiblaga qaragan devorlar bilan oʻralgan markaziy qismda bunyod etilgan boʻlib, XIX asrning oʻrtalarida qayta qurilgan. Bino ichki makonining uchta devori atrofida och koʻkish fonda sulus yozuvida oq rangda ishlangan Iznik koshinlari mavjud. Masjidning ichki devorlari dastlab turli bezaklar bilan bezatilgan, ammo keyinchalik oq rangga boʻyalgan. Qibla devorining derazalaridagi vitrajlar masjid dastlab qurilgan paytda mavjud boʻlmagan.
Masjidning shimoli-gʻarbida joylashgan gumbazli va sakkiz burchakli maqbarada Piyale posho hamda uning oʻgʻil-qizlari qabri joylashgan. Maqbarada hammasi boʻlib oʻn uchta sarkofag bor. Poshoning rafiqasi Gevherxon Sulton (Selim II ning qizi) erining vafotidan keyin yana turmushga chiqqan va Sofiya ibodatxonasi yonidagi Selim II maqbarasiga dafn etilgan.
Parijdagi Louvre, Lissabondagi Kalouste Gulbenkian hamda Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida bir qancha yarim oy shaklidagi bezaklar mavjud boʻlib, ular XIX asrda Piyale posho masjididan olib ketilgan deb taxmin qilinadi. Bezaklar derazalarning pastki qatori yuqori qismida joylashgan boʻlgan. Yana bir ehtimolga koʻra, ushbu bezaklar masjid bilan bogʻliq boʻlgan, keyinchalik vayron qilingan kioskdan olib kelingan. Yarim oy shaklidagi ikkita bezaklar hamda mehrobdan keltirilgan boʻlishi mumkin boʻlgan bir juft koshinlar 2004-yilda Christie kim oshdi savdosida sotilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Jome masjid, Masjid, historic building
- Qurilgan
- 1573-yil
- Me’mor
- Xoʻja sinon
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
- Nomi kimdan/nimadan
- Piyale Pasha
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Piyale posho masjidi (uz.wikipedia.org), 15-fevral, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.




