Raboti malik
Raboti Malik, Shoh raboti (Rabat-i Mâlik; arabcha: رباط ملك [ribāṭ malik]; „Shoh qoʻrgʻoni“) — Oʻrta Osiyodagi qoraxoniylar turkiy sulolasi vakili Shamsulmulk tomonidan qurdirilgan karvonsaroy. Taxminan 1069—1079-yillarda qurilgan. Ushbu inshoot Raboti Malik ansambli tarkibidagi saqlanib qolgan ikki tarixiy obidadan biridir. U joylashgan hudud eskidan Malikchoʻl (Choʻli Malik) deb ataladi.
Qadimiy Buxoro — Samarqand yoʻlining Choʻli Malikdagi yirik chegara va savdo bekatida qurilgan, hozirgi Karmana shaharchasi va Navoiy shahri yaqinida, Karmana tumanida. Bizgacha uning faqat peshtoq qismi (diametri — 12,6 m.) saqlangan. Janubiy minorasi 1950-yilgacha mavjud boʻlgan.
Raboti Malik tarixda karvonsaroy vazifasidan tashqari, istehkom, qoʻrgʻon va savdo-sotiq markazi sifatida ham muhim oʻrin tutgan. Karmana va Tavois shaharlari oʻrtasidagi savdo yoʻlida joylashgan. Bugungi kunda Raboti Malik xarobasi davlat muhofazasiga olingan.
Tarixi
Buxorolik tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy Raboti Malikni qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan Shamsulmulk qurdirgani haqida yozadi.
Choʻl oʻrtasida karvonsaroy barpo etish ishlari XI asrda amalga oshiriladi. Karvonsaroy XII asrda qayta taʼmirlanadi va XVIII asr boshlariga qadar faoliyat yuritadi. Boshqa bir manbaga koʻra, 1973—1977-yilgi arxeologik qazishmalar inshootning oʻziga xos va murakkab qurilish tarixi haqida maʼlumotlar olish imkonini bergan boʻlib, inshoot XI yoki XII asrlarda qayta qurilgan va ayni shu vaqtda inshoot ichida katta gumbazli zal qurilgan.
Arxitekturasi
Qurilgan paytida Raboti Malik karvonsaroyi ikki qator (tashqari va ichkari) istehkom devorlari bilan oʻralgan. Karvonsaroy, qasr va ibodatxonalarni ikki qator devor bilan oʻrab olish anʼanasi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligida bronza asridan beri saqlanib keladi. Inshootlarni asosan himoya maqsadida bunday ikki qatorli devor bilan oʻrab olishgan, undan tashqari bu xoʻjalik ishlarida foydalaniladigan maydonni kengaytirish imkonini ham bergan. Tarixchilar devorlar oraligʻidagi maydonda chorva yoki chorva uchun yem-xashak saqlanganini taxmin qilishadi.
Karvonsaroyining ichki devorlari 84–86 m li kvadrat shaklida tiklangan boʻlib, uning toʻrt tomon burchaklarida aylana shakldagi minoralar boʻlgan (Boris Zasipkinning izlanishlari asosida). Zasipkin oʻrganishlari davrigacha bu minoralardan faqat janubi-gʻarbiy burchakdagisi saqlangan boʻlgan, qolgan uchtasining bilinar-bilinmas izi qolgan.
Binoning asosiy fasadi janubga qaragan. Fasadning markazida ulkan peshtoq mavjud, bu, saqlanib qolganlari orasida oʻrta asr meʼmorchiligiga oid eng qadimiy peshtoq hisoblanadi.
Devorlarning ichki qismi 28x28x6,4 sm oʻlchamli xom gʻishtdan, ustki qismi 24x24x4 sm li pishgan gʻishtdan terilgan. 1947-yilgacha saqlanib qolgan qismlar asosida xulosa qilinsa, butunicha peshtoq va burchakdagi minoraning tepa qismi toʻliq pishiq gʻishtdan terilgan. Minoraning asosi xom gʻishtdan tiklangan.
Rabot katta keng hovli (22,5x22,5 m) va atrofi oʻralgan 2 qavatli xona-hujralardan iborat boʻlib, ularga sopol quvurlar orqali suv oʻtkazilgan. Markaziy qismi toʻridagi muhtasham saroy oldi bir qatorli ravoqli ayvon (7,5x13 m) 2 qanotiga joylashgan. 20 ta gʻishtin ustun ishlangan.
Ichki qoʻrgʻon atrofi qalin devorlar bilan oʻralgan (janubiy va shimoliy balandligi 2,35 m, gʻarbiy va sharqiy qismi 1,5 m, uzunligi 84–86 m, old devor balandligi 12 m ga yaqin). Maydonga qaragan janubiy tarzi oʻrtasidagi ulkan peshtoq (boʻyi 18 m, eni 12 m) 8 qirrali yulduzlar, turli handasiy shakllar mavjud. 2 chekkasida burj boʻlib, ular oʻzaro baland devor bilan ulangan. Devor oʻrtasida piltavor burjlar qatori tepasi kichrayuvchi ravoqlar bilan bogʻlangan. Devor yuqorisi gʻishtin kufiy xatlar bilan hoshiyalangan. Burjlar tepasida ravoqli koʻshk boʻlib, undan atrofni kuzatish qulay boʻlgan. Koʻshk ostida ganchdan yasalgan ikki qator yirik sharafa va kufiy xat halqasi koʻzga tashlanadi. Bezaklari asosan gʻishtin, oz miqdorda oʻyma ganch naqshlar ham uchraydi.
Raboti Malik devorlarining toʻrt burchagida har biri 18 m boʻlgan 4 ta minora boʻlgan. Bu minoralar „guldasta“ deb atalgan.
Bosh fasadi
Raboti Malikning eng diqqatga sazovor qismi asosiy kirish darvozasi joylashgan janubiy fasadidir. Fasadning frontal kompozitsiyasi klassik uch qismli simmetriya asosida ishlangan. Asosiy oʻqda joylashgan kirish qismi (balandligi 18–19 m) kompozitsiyaning markazi hisoblanadi. Kirish qismining ikki tomonida balandligi 12 m ga yaqin boʻlgan gofrasimon bezakli devorlar joylashgan. Oʻz navbatida ular „guldasta“ deb nom olgan minoralarga ulangan (balandligi taxminan 23 m boʻlgan). Bugungi kungacha devorlar va minoralar saqlanmagan. Ikki chetda joylashgan minoralar kompozitsiya tomonlarining mutanosibligini saqlagan.
Janubiy fasadning eng diqqatni tortadigan jihati uning gofrali yuzasi hisoblanadi. Gofralar yuqori qismi arkalar bilan tugallangan oltita yarim kolonna va ikki juft chorak kolonna koʻrinishida boʻlgan. Bu bezaklar obidaga oʻziga xos masshtab, ritm va soya–yorugʻ effektini bergan. Arxitekturada bunday dekorativ uslub ilk bronza davridan maʼlum boʻlib, oʻrta asrlarda butun Markaziy Osiyo boʻylab tarqalgan. Eronda sosoniylar davri arxitekturasida va Shimoliy Xuroson, Soʻgʻd hamda Xorazmning ilk oʻrta asr meʼmorchiligida uchraydi.
Karvonsaroyning shimoliy, sharqiy va gʻarbiy fasadlari janubiy fasad kabi bezakdor boʻlmagani taxmin qilinadi.
Kirish qismi
Janubiy fasadning oʻrtasida ulugʻvor kirish qismi joylashgan. Uning kengligi 12 m, balandligi 18–19 m ni tashkil etadi. Kirish qismi anʼanaviy „P“simon qolipda qurilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- ruins, karvonsaroy
- Qurilgan
- 1078-yil
- Me’moriy uslub
- architecture of Iran
- Material
- Gʻisht
- Tarkibiy qismi
- list of World Heritage Sites in Northern and Central Asia
- Meros maqomi
- Tentative World Heritage Site, object of tangible cultural heritage of Uzbekistan
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Raboti Malik (uz.wikipedia.org), 1-avgust, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.


