Sivas Katta masjidi
Sivas Katta masjidi (turkcha: Sivas Ulu Camii) – Turkiyaning Sivas shahrida joylashgan tarixiy masjid. XII asrda bunyod etilgan va shaharda saqlanib qolgan eng qadimgi bino. Minorasi XIII asr boshlarida qurilgan.
Tarixi
Masjid Sivasda saqlanib qolgan eng qadimgi bino va Onadoʻlidagi eng qadimgi masjidlardan biri hisoblanadi. 1955-yilda restavratsiya ishlari davomida topilgan epigrafik yozuvga koʻra, masjid 1196–1197-yillarda Qizilarslon ibn Ibrohim tomonidan Sivas amiri Qilij Arslon II oʻgʻli Qutbiddin Malikshoh hukmronligi davrida barpo etilgan. Nemis tarixchisi va arxeologi Michael Meinecke ushbu bino 1109-yilda qurilganini taʼkidlagan. Ayrim olimlar binoning meʼmoriy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, uni XII asr boshlarida Donishmandiya hukmdorlari davrida (1178-yilda Koʻniya sultonligi tomonidan qoʻshib olinishidan oldin) bunyod etilgan deb hisoblaydi.
Minora taxminan 1213-yilda masjidni taʼmirlash vaqtida qurilgan. Bu Onadoʻlida bunyod etilgan masjidlarda minora ham qoʻshib qurilgan davr edi.
Asosiy tuzilishi
Bino gipostil uslubida qurilgan boʻlib, bu Onadoʻlidagi eng qadimgi masjid dizaynlaridan biri hisoblanadi. Asosiy inshoot (namoz zali) toʻrtburchak shaklidagi past bino boʻlib, kesma toshdan qurilgan. Masjidga shimoliy tomondan, zamonaviy davrga oid yogʻoch ayvon orqali kiriladi. Masjidning tashqi koʻrinishi ham, ichki koʻrinishi ham sodda boʻlib, bezak elementlari kam uchraydi.
Minora
XII asrga oid minora gʻishtdan qurilgan boʻlib, masjidning janubi-sharqiy burchagiga yaqin joyda joylashgan. 114 pogʻonali gelikoid uslubida qurilgan zinapoya orqali tepaga koʻtarilish mumkin. Minora Eron mintaqasidagi oldingi Buyuk Saljuqiylar meʼmorchiligida yaratilgan minoralarga oʻxshash.
Restavratsiya ishlari
Hozirda minora egilish xavfi ostida boʻlib, bu narsa uzoq vaqtdan beri uning tashqi qiyofasining ajralmas xususiyatiga aylangan. 2023-yil holatiga koʻra, minoraning tepa qismi uning poydevordagi vertikal oʻqidan 117 santimetr (46 dyuym) siljigan edi. 2023-yil oktyabr oyida turk va italiyalik mutaxassislar guruhi minorani barqarorlashtirish rejasini ishlab chiqdi. Unga koʻra, 40 metr uzunlikdagi poʻlat mustahkamlovchi elementlar ichkariga joylashtiriladi. Keyinchalik masjidning bosh binosi ham taʼmirlab, restavratsiya qilinadi.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Joylashgan hudud
- Markaziy Anadolu mintaqasi
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Sivas Katta masjidi (uz.wikipedia.org), 1-mart, 2025 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.




