Zarautsoy rasmlari
Mustaqil ish Abdurashidov Qilichbek
Zarautsoy rasmlari – Oʻzbekiston hududidagi eng qadimgi qoyatosh rasmlar. Hisor tizmasining janubi-gʻarbida joylashgan. Koʻhitang togʻining sharqiy yon bagʻridagi Zarautsoy darasidagi ungir va kamar toshlariga ishlangan ibtidoiy sanʼatning nodir namunalaridan hisoblanadi. Zarautsoy Surxondaryo viloyatida, Termiz shahridan 100– 110 km shimoli-gʻarbda joylashgan. 1912-yilda I. Fyodorov tomonidan topilgan. Arxeolog G. Parfyonov (1940—1945), keyinchalik A. Roginskaya (rassom), A. Formozov, A. Kabirovlar tomonidan oʻrganilgan. 200 dan ortiq rasmlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. Zarautsoyda odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Hayvonlar (yovvoyi buqa, it, tulki, yovvoyi choʻchqa, burama shoxli echki, jayran, togʻ echkisi, hasharotlar), turli buyumlar (oʻqyoy, nayza, oʻroqsimon qurollar), niqoblangan odamlar va boshqa oʻziga xos tarzda hayotiy qilib ishlangan rasmlar mavjud. Zarautsoy ibtidoiy sanʼatning noyob yodgorligi sifatida yodgorliklarni muhofaza qilish qizil kitobiga kiritilgan.
Zaraut soyi
Hisor togʻ tizmasining davomi boʻlgan Koʻhitang togʻi bagʻridan sizib chiquvchi buloqlar koʻp boʻlib, uning eng yuksak tik devorini eslatuvchi Rez deb ataladigan joyining biqinidan chiqqan chashma suvi jilgʻa hosil qilib oʻziga yoʻl ochadi. Jilgʻa Katta va Kichik Qoʻrchiq togʻlari oraligʻiga borib, oʻnlab buloqlar suvi qoʻshilgan daryochaga quyiladi. Togʻdagi tor oʻzandan soʻng adirliklarga chiqqan Zaraut soyi Qizilolmasoyga qoʻshiladi va ikki soyning Qorabogʻ, Maydon, Loyliq qishloqlari ekinzorlariga borgan suv oxiri Sherabot daryosiga kelib qoʻshilib ketadi.
Zaraut soyining Katta va Kichik Qoʻrchiq oraligʻida kengaygan havzasi rosmana kichik togʻ vodiysi hisoblanadi. Oqayotgan daryoning ikki tomoni balandliklariga qiyalab koʻtariluvchi togʻ yon bagʻirlarida tut, yongʻoq daraxtlari, bilinar-bilinmas oʻrni qolgan choldevorlar, uzun-uzun toshqalamlar oʻrni koʻrinadi.
Zaraut qishlogʻi
Zaraut qishlogʻining asosiy qismi daraxtzorlardan iborat oʻrik, bodom, yongʻoq, gilos, olma, behi, anjir, tut kabi mevali bogʻlari archazorlarga tutashib ketadi. Zarautda, ayniqsa, Begimqul bobo, Xolmirza bobo, Mulla Rahmon, usta Abdulla, Safarlar chorbogʻlari obod boʻlgan kishilar hisoblanishadi. Hozirgi vaqtda qishloqda mevali daraxtlarning soni kamaygan boʻlib, ularning oʻrnini archa, zarang, yovvoyi doʻlana daraxtlari egallagan.
Qishloqqa dastlab qachon asos solinganini hech kim aytib bera olmaydi. Chor-atrofi oʻtib boʻlmas togʻu toshdan iborat tabiiy qal’a- Zarautga kirish yoʻli hisoblangan. Va bunday kirish yoʻllari ikkita boʻlgan.
Zaraut qadimiy konchilik va hunarmandchilik markazlaridan biri boʻlgan. „Koʻpkaritaxti“ tekisligidan ikkita, Koʻksoyda ikkita, Choʻchqabuloqda bitta, lalmi etagida bitta- jami 6 ta xumdonda (qoldiqlari hozir ham saqlanib qolgan) bir qavat zaraut koʻmiri, bir qavat ruda tosh qalab, olov yoqib, choʻyan va temir eritganlar. Zarautliklarning tarificha: qadimda choʻyan va temir Katta Qoʻrchiqdagi arava sigʻadigan qiya yoʻl orqali chet mamlakatlariga olib chiqib ketilgan. Urush yillarida ham „Qizil mehnat“ kolxozi ustalari yuqori chorbogʻda yoʻnilgan tegirmon toshlarini ana shu qiya yoʻl orqali olib chiqib bugʻdoyga almashtirishgan.
Zarautning Qorabuloq, Koʻkbet, Oynabuloq, Sassiqbuloq, Shakaraklik mavzelari qizil, sariq, koʻk, oq, malla va boshqa rangli toshlarga boy boʻlib, bu zaminda aniqlangan oltin, kobalt, qoʻrgʻoshin, alyumin, uran kabi oʻn ikki xil qimmatbaho tabiiy zahiralari ham uning noyob yodgorliklari qatoridan oʻrin olgan. Koʻksoy toshkoʻmiridan asrlar boʻyi aholi ehtiyojlarida foydalanib kelingan.
Zarautning zari bor,
Qoʻshsha zaranglari bor,
Har zarangning tagida
Qirq yigitning moli bor.
(Zaraut haqida rivoyatlarda aytilgan sheʼr).
Zarautsoy rasmlari kashfiyoti
Insoniyat svilizatsiyalarining ilk oʻchoqlaridan boʻlgan Surxondaryo viloyatidagi Zarautsoy suratlari Yer yuzi quruqlik qismini oltidan birini egallagan sobiq Shoʻro ittifoqi huzurida dastlab qadimgi tosh davri rang tasviri topilgan sanʼat va tarix yodgorligi sifatida maʼlum va mashhurdir. Fransiya va Ispaniya singari poleolit davri yodgorligi boʻlgan gʻorlarni uzoq vaqtdan beri izlab yurgan sobiq ittifoq qadimshunoslar bu borada koʻp ishlar amalga oshirgan. 1939-yilgi fan olamiga kirib kelgan Zarautsoydan keyin faqat 1959-yil kelibgina Ural togʻining Kapovaya gʻoridan paleolit suratlari topildi.
Ibtidoiy davrning dastlabki ijodkor insonlari chizgan qadimgi gʻor suratlariga kirish joyini yer bosib qolib, tabiatning oʻzi yigirma ming yil saqlab kelgan. Bebaho topilmalarni bundan 125 ming yil ilgari insoniyatga hadya etgan. Altamira gʻori Madlen davrining sanatidan hikoya qilsa, aksincha tabiat qoʻynida ochiq holda qolib davrlarning shamoli, qori, zilzilasi, yomgʻri, quyosh nuri kabi sinovlarga dosh bergan va bir necha ming yilliklar rassomlari oʻz ijodi naʼmunalarini chizib qoldirgan. Zarautsoy kamarlarining jami gʻaroyib, hech bir joydagiga oʻxshamaydigan qoya suratlarini tadqiq qilib ibtidoiy sanʼatning zaminimizdagi koʻp bosqichlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- archaeological site
- Tarkibiy qismi
- list of World Heritage Sites in Northern and Central Asia
- Meros maqomi
- Tentative World Heritage Site, object of tangible cultural heritage of Uzbekistan
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Zarautsoy rasmlari (uz.wikipedia.org), 1-avgust, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.

3.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)