Ahmet Hamdi Tanpınar adabiyot muzey kutubxonasi
Ahmet Hamdi Tanpınar adabiyot muzey kutubxonasi (turkcha: Ahmet Hamdi Tanpınar Edebiyat Müze Kütüphanesi) — turk adabiyotiga bag‘ishlangan adabiy muzey va arxiv bo‘lib, turk yozuvchisi va essechisi Ahmat Hamdi Tanpinar (1901–1962) nomi bilan atalgan. Muzey Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan bo‘lib, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan va 2011-yil 12 noyabrda ochilgan.
Muzey ikki qavatli marosim pavilyoni (turkcha:Alay Köşkü)da joylashgan. Bu bino XIX asrga oid tarixiy inshoot bo‘lib, Gülhane bog'ining tashqi devorlarida, Topkapı saroyi majmuasiga tegishlidir. Bu bino Usmoniylar sultonlari tomonidan yanichar askarlarining tantanali yurish paytidagi salomini qabul qilish uchun, shuningdek hordiq va dam olish joyi sifatida foydalanilgan. Bino Bāb-ı Âli (Oliy darvoza) qarshisida joylashgan. 1910-yillardan boshlab u Tasviriy san’at jamiyati markazi sifatida foydalanilgan.1928 yildan 1930-yillarning oxirigacha esa turk tili va adabiyotiga bag‘ishlangan bir uyushmaning yig‘ilish joyi bo‘lib xizmat qilgan.
Binoning birinchi (pastki) qavatida ikki xona va kirish zali mavjud. Yuqori qavatda esa avvalgi taxt zali, shuningdek ikki zal va uchta xona joylashgan. Pastki qavat “Yozuvchilar kafesi” deb ataladigan kafe tarzida jihozlangan bo‘lib, unda mukofotga sazovor bo‘lgan adabiy asarlar namoyish etiladi. Yuqori qavatda Istanbulda tug‘ilgan yoki faoliyat yuritgan 50 ga yaqin mashhur adiblarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus burchaklar mavjud. Ular orasida Tanpınar bilan birga Nedim (1681–1730), Yahya Kemal Beyatlı (1884–1958), Nozim Hikmat (1902–1963), Najip Fozil Kisakoʻrak (1904–1983), Aziz Nesin (1915–1995), Orhan Pamuk (1952-yilda tug‘ilgan), Ayşe Kulin (1941-yilda tug‘ilgan), Zülfü Livaneli (1946-yilda tug‘ilgan) va Doğan Hızlan (1937-yilda tug‘ilgan) kabi adiblarning byustlari ham o‘rnatilgan. Muzeyda turli yozuvchilarga bag‘ishlangan munozaralar, she’riyat kechalari, adabiy mukofotlarni topshirish marosimlari va yozuvchilik ustaxonalari o‘tkaziladi. Muzey kutubxonasida 8 000 dan ortiq kitob, jumladan Istanbulga oid qariyb 1 000 ta asar, shuningdek adabiyot va san’atning boshqa sohalariga oid 100 dan ortiq davriy nashrlar to‘plami mavjud. Muzeyda vaqtinchalik san’at ko‘rgazmalari ham tashkil etiladi. U Anqara, Adana va Diyorbakir shaharlaridagi adabiyot muzeylaridan keyin Turkiyadagi to‘rtinchi adabiyot muzeyi hisoblanadi.
Muzey kutubxonasiga T1 tramvay liniyasi (Kabataş–Bağcılar) orqali jamoat transportida yetib borish mumkin. U ish kunlari mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 19:00 gacha ochiq. Muzeyga Gülhane bog'i devorlari ichidagi pandus (qiya yo‘lak) orqali ko‘tarilib kiriladi.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- muzey, Arxiv, literary museum, kutubxona
- Qurilgan
- 2011-yil 12-noyabr
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Ahmet Hamdi Tanpınar adabiyot muzey kutubxonasi (uz.wikipedia.org), 22-avgust, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.




