Anıtkabir

William Neuheisel from DC, US · CC BY 2.0

Unknown authorUnknown author · Public domain

ProSymbols · CC BY-SA 3.0

Anıtkabir — Turkiyaning poytaxti Anqara shahrining Çankaya tumanida joylashgan Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafa Kemal Atatürkning qabri joylashgan maydon. Meʼmorlari Emin Onat va Orhan Arda boʻlgan ushbu majmuaning qurilishi 1944-yil 9-oktabr kuni boshlanib, 1953-yil oktabrda tamomlangan. 1953-yil 10-noyabr, Mustafa Kemal Atatürkning vafot etgan kunida rasmiy ochilish marosimi oʻtkazilgan. Majmua turli inshootlar va yodgorliklardan, xususan, birinchi prezident maqbarasidan, shuningdek, Tinchlik parki (Barış Parkı) deb nomlangan oʻrmonli hududdan iborat.

Prezident Mustafa Kemal 1938-yil 10-noyabr kuni vafot etganidan soʻng, uning jasadi Anqarada biror maqbara qurilgunga qadar Turkiya etnografiya muzeyida saqlanishi eʼlon qilindi. Maqbara qurilishi kerak boʻlgan hududni aniqlash uchun hukumat tomonidan alohida komissiya tuzildi. Tayyorlangan hisobotga koʻra, Respublika Xalq partiyasi deputatlar guruhining 1939-yil 17-yanvardagi yigʻilishida maqbara majmuasini Rasattepeda qurish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu qarordan soʻng 1941-yil 1-martda binoning loyihasini tayyorlash uchun xalqaro loyiha tanlovi oʻtkazilishi eʼlon qilindi va maqbara qurilishi kerak boʻlgan hududlarda qurilishga qadar boʻlgan tekshiruv ishlari oʻtkazildi. 1942-yil 2-martda tanlov yakunlandi va baholashlar natijasida Emin Onat va Orhan Ardaning loyihasi baʼzi oʻzgarishlar bilan amalga oshirilishiga qaror qilindi va qurilish 1944-yil 9-oktabrda oʻtkazilgan tamal toshi qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Maqbara qurilishi toʻrt qismga boʻlib amalga oshirildi va baʼzi muammolar va kamchiliklar tufayli rejalashtirilgan vaqtdan kechroq, 1953-yil oktabr oyida yakunlandi. hatto, qurilish ishlari davom etayotgan bir vaqtda ham, loyiha rejalari bir necha marta oʻzgartirildi. 1953-yil 10-noyabrda Atatürkning jasadi ushbu majmua hududiga koʻchirib kelindi va maqbaraga dafn etildi. Keyinchalik boshqa siyosatchilar ham ushbu majmuaga dafn etilishdi. Jumladan, 1966-yilda Cemal Gürsel, 1973-yilda İsmet İnönü va boshqa shaxslar. Ammo 1988-yil Kenan Evren „Anıtkabir Atatürk uchun, qabriston boʻlishi mumkin emas“, deb aytdi va Cemal Gürsel va 1960-1963-yillarda dafn etilgan yana oʻn bir kishining jasadlari Anıtkabirdan olib tashlandi.

Anitkabir majmuasining asosiy qismi Şeref Holü deb ataladi va u yerda Atatürkning qabr toshi joylashgan boʻlib, Mustafa Kemalning jasadi ushbu qabr toshning ostida joylashgan. Majmuaga kirish "Aslanlı Yol" deb nomlangan ikki tomoniga daraxtlar ekilgan yoʻldan boshlanadi va bu yoʻl marosimlar oʻtkaziladigan toʻrtburchaklar maydonga olib boradi. "Aslanlı Yol"ning toʻrt tomoni marosim maydonining chiqish qismi va burchaklari, 10 ta minora, 2 ta haykallar majmuasi va Atatürk ve Kurtuluş Savaşı muzeyidan iborat. Anıt Bloku (maqbara bloki) deb nomlangan ushbu inshootlarning barchasi Tinchlik parki (Barış Parkı) deb nomlangan oʻrmonli maydon bilan oʻralgan. Maqbaraning temir-betonli qismida marmar va ohaktoshli tufdan keng foydalanilgan. Ikkinchi milliy arxitektura harakati uslubida qurilgan binoda, bugungi Turkiya hududida mavjud boʻlgan tarixiy Xett podsholigi, Qadimgi Yunoniston, Saljuqiylar va Usmonlilar davlatlari meʼmoriy maktabidan foydalanilgan.

Anitkabirdagi barcha xizmat va ishlarning olib borilishi Turk Qurolli Kuchlari Bosh shtabiga tegishli boʻlib, majmuada oʻtkaziladigan faoliyatlar qonun bilan tartibga solinadi. Har yili Turkiyada milliy bayramlar va Ataturk vafoti munosabati bilan 10-noyabr kuni hukumat tomonidan Anitkabirda rasmiy xotirlash marosimlari oʻtkaziladi. Anitkabir chet el hukumati vakillarining Turkiyaga rasmiy tashriflarida vaqti-vaqti bilan tashrif buyuriladigan va rasmiy marosimlar oʻtkaziladigan joydir.

Maqbara joylashuvini aniqlash

1938-yil 10-noyabrda Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafa Kemal Atatürk Dolmabahçe saroyida vafot etganidan soʻng, matbuotda uning dafn etiladigan joyi haqida koʻplab munozaralar boshlanib ketdi. Hukumat tomonidan 13-noyabr kuni amalga oshirilgan matbuot yigʻilishida, Atatürk uchun maqbara qurilganiga qadar uning jasadi Turkiya Etnografiya muzeyida qolishi haqida qaror qabul qilingani eʼlon qilindi. Uning janozasi 19-noyabr kuni Anqara shahriga olib borildi va 21-noyabr kuni boʻlib oʻtgan tantanali marosim bilan muzeyga qoʻyildi.

Maqbaraning joylashishini aniqlash uchun tuzilgan komissiya xorijlik arxitektorlar hayʼatining fikrini oʻrganib, hisobot tayyorladi. 24-dekabr kuni Vazirlar Kengashi mazkur hisobotni tekshirish uchun Respublika Xalq partiyasi deputatlik guruhiga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 1939-yil 3-yanvarda boʻlib oʻtgan parlament guruhi yigʻilishida tegishli hisobotni tekshirish vazifasi yuklangan 15 kishidan iborat Respublika Xalq partiyasidan komissiyasi tuzildi. Koʻplab hududlarda tekshirishlarni amalga oshirgan hay’at, maqbaraning qurilish joyi sifatida Anqara shahrining Çankaya tumanida joylashgan Rasattepeni belgiladi. Birinchi bosqichda maqbara quriladigan yerning bir qismi xususiy shaxslarga tegishli boʻlganligi sababli, 1939-yil iyun oyida hududni davlat hisobiga sotib olish boshlandi.

Qisqa ma’lumot

Turi
Mavzoley, national museum, Memorial inshootlar
Qurilgan
1953-yil oktabr
Ochilgan
1953-yil 10-noyabr
Muhim voqea
qurilish
Me’mor
Emin Onat, Orhan Arda
Me’moriy uslub
Second national architectural movement
Material
Beton, Ohaktoshli tuf, Marmar
Balandligi
17 m
Maydoni
720 000 m²
Joylashgan hudud
Markaziy Anadolu mintaqasi

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.925000, 32.836944Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Anıtkabir (uz.wikipedia.org), 4-iyun, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.