Ayazma masjidi
Ayazma masjidi (turkcha: Ayazma Camii) – Turkiyaning Istanbul shahri, Üsküdar tumani, Bosforga qaragan tepalik yonbagʻrida joylashgan masjid. Bino Usmonli imperiyasi sultoni Mustafo III topshirigʻiga koʻra, 1757—1761-yillarda qurilgan. Inshoot XVIII asrda keng tarqalgan Usmonli meʼmorchiligining barokko uslubida yaratilgan eng yaxshi masjid namunasidir.
Tarixi
Usmonli imperiyasi sultoni Usmon II ning vorisi va Ahmad III ning oʻgʻli sulton Mustafo III (hukmronligi 1757–1774) oʻzining uzoq hukmronligi davomida Mahmud I davrida joriy etilgan Usmonli meʼmorchiligi barokko uslubini oʻzida aks ettiruvchi koʻplab qurilish ishlari bilan shugʻullangan. Ayazma masjidi shunday turdagi qurilishlarning birinchisi boʻlib, onasi Mihrishah Xotun sharafiga bunyod etilgan. Qurilish ishlari 1757—1758-yillarda boshlangan va 1760—1761-yillarda yakuniga yetgan. Ayazma masjidi meʼmorining shaxsi tasdiqlanmagan, ammo ayrim ilmiy manbalarga koʻra, meʼmorning ismi Mehmed Tohir boʻlib, keyinchalik 1761-yildan 1784-yilgacha imperator bosh meʼmori boʻlib xizmat qilgan. Mustafo III keyinchalik Istanbulning Fotih tumanidagi kattaroq imperator masjidi – Laleli masjidi qurilishiga ham bosh boʻlgan. 2022-yilning avgust oyida Ayazma masjidi uzoq davom etgan restavratsiya ishlaridan soʻng namozxonlar uchun ochib qoʻyilgan.
Arxitekturasi
Ayazma masjidi Nuruosmaniye masjidining kichikroq shakldagi nusxasi hisoblanadi. Masjidning asosiy binosi bir gumbazli namozxonadan iborat boʻlib, uning yon tomonida minora joylashgan. Masjidning mehrob va minbari barokko uslubida ishlangan oʻymakor toshlar bilan bezatilgan. Ayazma masjidining oʻchami Nuruosmaniyedan kichikroq boʻlsa-da, binoning ayrim qismlari undan balandroq oʻlchamda bunyod etilgan. Ayazma masjidi boshqalardan, asosan, keng yarim doira zinapoya orqali chiqiladigan, besh ravoqli ayvondan iborat old fasadining oʻziga xos joylashuvi bilan ajralib turadi. Masjid qurilishida foydalanilgan bunday uslub 1756-yilda Aydin shahrida ancha kichikroq qilib qurilgan zamonaviy Jihanogʻlu masjidiga oʻxshaydi.
Ayazma masjididagi XVIII asr meʼmorchilik sanʼatini oʻzida aks ettiruvchi mashhur elementlardan biri binoning tashqi qismida toshdan oʻyib ishlangan bir nechta kichik qush uyalaridir. Binoga bunday qush uyalari bilan ishlov berish oldingi asrlarda paydo boʻlgan, ammo barokko uslubi bilan ularga yanada ishlov berilgan. Odatda, diniy va fuqarolik binolarining tashqi koʻrinishiga aynan shunday qush uyalari biriktirilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid, historic building
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Ayazma masjidi (uz.wikipedia.org), 3-fevral, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.





