Yashil masjid (Bursa)

Brücke-Osteuropa · Public domain

Medelam · CC BY-SA 4.0

Yahia.Mokhtar · CC BY-SA 4.0

Yashil masjid (turkcha: Yeşil Camii), Mehmed I masjidi nomi bilan ham tanilgan, yirikroq majmua (külliye)ning bir qismi. Turkiyaning Bursa shahri sharqiy qismida, Usmoniylar 1453-yilda Konstantinopolni egallab olishidan oldingi sobiq poytaxti. Majmua masjid, Yashil maqbara, madrasa, umumiy oshxona va hammomdan iborat. Yashil masjid nomi uning yashil va koʻk rangdagi ichki kafel bezaklaridan kelib chiqqan. Masjid UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Qurilishi

Yashil masjid ilk Usmoniylar meʼmorchiligining choʻqqisi hisoblanadi.

Yashil masjid Usmoniylar imperiyasini qayta birlashtirish uchun akalari bilan olib borgan kurashdan soʻng, 1413–1421-yillarda hukmronlik qilgan sulton Mehmed I tomonidan bunyod ettirilgan. Masjid qurilishi 1412-yilda boshlangan, uning kirish eshigi ustidagi yozuvga koʻra, qurilish ishlari 1419-yil dekabr yoki 1420-yil yanvar oylarida (hijriy 822-yil Zul-hijja oyi) nihoyasiga yetgan. Qurilishga sulton Mehmed I ning sarkardalaridan biri, meʼmor, sanʼat homiysi, vazir Hoji Ivaz posho rahbarlik qilgan. Mehmed I ning vafotidan soʻng uning qabr majmuasi boʻlgan Yashil maqbara uning oʻgʻli va vorisi sulton Murod II tomonidan bunyod ettirilgan boʻlib, ushbu maqbara ham majmua hududida joylashgan. Maqbara qurilishi 1421-yilning may oyida yakuniga yetkazilgan.

Sulton Mehmed I ning vafotidan keyin ham masjidga bezak berish ishlari davom etgan. Kirish eshigi tepasidagi Hünkâr Mahfilidagi xattotlik yozuvida bezak berish ishlari 1424-yilning avgustida (827-yil Ramazon oyining oxirida) naqqosh Ali bin Ilyos Ali tomonidan yakuniga yetkazilgani qayd etilgan. Ali ibn Ilyos Ali oʻziga yordamchi sifatida „Tabriz ustalari“ deb nom olgan turli hunarmandlarni jalb qilgan. Bu haqida masjid mehrobining atrofidagi koshinlardagi yozuvda „Tabriz ustalarining ishlari“ deya qayd etilgan. Gʻarbiy Erondagi yirik va taniqli sanʼat va madaniyat markazi boʻlgan Tabriz Yashil masjidga Temuriylar taʼsirining kirib kelishida muhim rol oʻynagan, chunki XIV–XV asrlar davomida bu shahar Temuriylar tomonidan bir necha bor bosib olingan. XV asr tarixchisi Oshiqposhozodaning soʻzlariga koʻra, Hoji Ivaz posho masjid qurilishiga yordam berishi uchun boshqa yurtlardan ham usta va mahoratli hunarmandlarni olib kelgan. Kirish eshigi tepasidagi Hünkâr Mahfili ichidagi forsiy yozuvlar esa masjid koshinlariga usta Mehmed al-Majnun tomonidan bezak berilganligini qayd etadi.

Qayta tiklash ishlari

1855-yilda Bursada sodir boʻlgan 7,5 magnitudali zilzila tufayli majmua zarar koʻrgan va 1863-yildan boshlab fransuz arxitektori va rassomi Léon Parvillée tomonidan rejalashtirilgan loyiha asosida keng koʻlamda taʼmirdan oʻtkazilgan. Taʼmirlash ishlarining aynan qaysi sanada nihoyasiga yetkazilgani nomaʼlum. Usmoniylar madaniy merosini saqlash homiysi Ahmet Vefik posho arxitektor Parvilleedan shaharning XIV va XV asrga oid imperiyaning asosiy yodgorliklarini qayta tiklashni soʻragan. Qayta tiklash va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan vaqtda Bursa zamonaviy shaharga aylangan.

Parvillée 1851-yilda ilk marta Usmoniylar imperiyasi poytaxti Istanbul shahriga tashrif buyurgan, keyinchalik 1855-yilda bu yerga koʻchib kelgan. Parvillée Usmoniylar imperiyasida boʻyoqchi, pudratchi va meʼmor boʻlib xizmat qilgan. Usmoniylar imperiyasida yashagani, u yerda olib borgan faoliyati, shuningdek, meʼmorchilik yoʻnalishidagi keng koʻlamli tadqiqotlari tufayli ilk Usmoniylar meʼmorchiligi uslublarining asosiy jihatlarini yaxshi bilgan. 1906-yilda Fransiyaning Bursadagi konsuli Parvilléening 1862-yildan 1867-yilgacha Bursada qolganini taʼkidlagan, biroq usbu maʼlumot birmuncha bahsli hisoblanadi. Arxitektor Parvilléening Usmoniylar imperiyasida zarar koʻrgan binolarbu qayta tiklash rejasini tuzib, soʻngra Bursadan ketgani yoki koʻrsatmalarining amalga oshirilishini shaxsan oʻzi nazorat qilgani maʼlum emas. Biroq uning 1867-yilda Parijga qaytib, Exposition Universelle koʻrgazmasida namoyish etilgan turk pavilyonini loyihalashtirgani, uning qurilish ishlariga kirishgani bir qancha hujjatlar bilan tasdiqlangan.

Meʼmor Parvillée masjidning ichki va tashqi koʻrinishini, jumladan, kafel bilan bogʻliq ishlarini bajarish bilan shugʻullangan. Masjid portalidagi qora chiziqli koshinlarni qayta tiklagan. Masjidning ikki minorasi Parvillée tomonidan binoning eski asosi ustida qayta qurilgan. Ilgari devor va shiftlarning yuqori qismlariga turli ranglar bilan ishlov berilgan bezak namunalari qayta tiklanmagan.

1941-yildan 1943-yilgacha boʻlgan ikkinchi qayta tiklash loyihasi davomida plitkalarning keramik qoplamasi olib tashlangan va qayta oʻrnatilgan.

Yashil masjidni taʼmirlash ishlari 2010-yilda boshlanib, 2012-yilning 11-may sanasida nihoyasiga yetkazilgan. Taʼmirlash ishlariga 1,8 million turk lirasi sarf qilingan.

Bugungi kunda

Yashil masjid hozirgi kunda Bursadagi mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. 2014-yilda masjid UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Ichki qismi

Yashil masjid teskari T-reja asosida qurilgan boʻlib, janub tomonida ikki qavatli kub shaklida bino barpo qilingan. Masjidning kirish qismida vestibyul boʻlib, qisqa zinapoyaga olib boradi, zinapoya orqali esa markaziy namoz oʻqish zaliga kirish mumkin. Ushbu zinapoyaning har ikki tomonida poyabzal qoʻyish uchun toʻrtta marmar shkaf joylashgan. Ushbu arxitekturaviy xususiyatlar masjid hovlisining avval tosh bilan qoplanganligini koʻrsatadi, hozirda esa u yerga gilam toʻshalgan.

Shimoldan janubga qarab choʻzilgan markaziy zal sharq va gʻarb tomonlarida ayvonlar bilan oʻralgan. Ikkala ayvon ham ikki qavatli boʻlib, gumbazlar bilan qoplangan. Birinchi qavatdagi burchak xonalariga olib boruvchi ikkita kichikroq ayvonlar mavjud boʻlib, ular binoning shimoliy tomonidagi xonalarga oʻxshash, har birida kamin joylashgan. Shimoli-janub tomonda joylashgan zal sharqiy-gʻarb tomonga choʻzilgan uzunroq yoʻlak bilan kesishgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid
Qurilgan
1420-yil
Me’mor
Hoji Evaz Posho
Me’moriy uslub
Islom arxitekturasi
Material
glazed ceramic
Tarkibiy qismi
Complex of Mehmed I
Joylashgan hudud
Marmara Region

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 40.182194, 29.074611Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Yashil masjid (Bursa) (uz.wikipedia.org), 24-dekabr, 2025 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.