Rakat masjidi

Thezillat · CC BY-SA 4.0

Madinawiki12 · CC BY-SA 4.0

Axrorbek Sobirov · CC BY 4.0

Rakat masjidi — Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan masjid. Masjidning eski binosi xozirgi Nizomiy nomidagi Pedagogika Universiteti oldidagi daraxtzorlar oldida bo‘lgan.

Tarixi

Masjid tarixi haqida qisqacha ma'lumot: “Rakat” mahallasida yashovchi Mirjalil ota o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘laridan sakkiz sotix yer ajratib, bu joyga masjid qurish uchun vaqf qilib bergan.

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi "Rakat jome' masjidi", u o‘ziga xos qiziqarli tarixga egadir. Qadimgi Toshkent shahrining to‘rt dahalaridan biri bo‘lgan Beshyog‘och dahasida yashovchi aholining ko‘plari shaharning janubiy-g‘arbiy mavzelarida dala hovlilariga ega bo‘lib, yilning deyarli 9 oyi mobaynida oilalari bilan shahar hovlidan shu yerlariga ko‘chib chiqib dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Keyinchalik esa bu maskanlarda aholi ko‘payib, yangi mahallalar paydo bo‘la boshlagan va jamoa bo‘lib namoz o‘qiladigan kezlari (juma, janoza, hayit namozlari) uzoqqa qatnamaslik niyatida ko‘pchilik aholining talab-istaklariga binoan, Chor Rossiyasining xukmronligi davrida 1910 yili Gubernator bog‘i (keyinchalik Kirov bog‘i, Bobur bog‘i va hozir Do‘stlik bog‘i deb nomlanadi) yonginasidan oqib o‘tuvchi Rakat arig‘i bo‘yida vaqf mablag‘i hisobidan masjid qurishga qaror qilingan va unga "Rakat jome' masjidi" deb nom berilgan.

Masjid binosini qurishda kasbi ustachilik bo‘lib, o‘z davrining yetuk diniy ulamolaridan bo‘lgan asli qoratoshlik, keyinchalik esa Gubrbog‘ mahallasida yashagan Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon qorining shogirdi Muhammad Yusuf Muhammadyor o‘g‘li boshchilik qilgan va o‘zi "Rakat jome' masjidi"ning birinchi bosh imom xatibi bo‘lgan.

1917 yildagi qo‘zg‘olonlar oqibatida Chor Rossiyasi va Muvaqqat hukumat ag‘darilgandan keyin bolsheviklar hukumati dinni davlatdan ajratib, unga qarshi ayovsiz kurash boshladi. Kommunistik siyosat ta'sirida ko‘pgina cherkov va masjidlar buzildi, ba'zilaridan esa omborxona, bosmaxona, artel va boshqa maqsadlarda foydalanildi. Shu jumladan, 1935-1940 yillarda Toshkent Davlat pedagogika institutining barpo etilishi munosabati bilan "sovet muallimlarini tayyorlaydigan oliygoh ro‘parasida diniy tashkilotning bo‘lishi nojoiz", degan ateistik mafkura bahonasida Rakat masjidining faoliyati to‘xtatildi. Bu davrga kelib, "Rakat jome' masjidi" Toshkent shahridagi eng nufuzli masjidlardan biriga aylanib, sergavjum masjidlar orasida birinchi to‘rtlikdan joy egallashga ulgurgan edi.

1943 yilda, 2-Jahon urushi eng avjiga chiqqan pallada, ittifoqchi davlatlar tomonidan fashizmga qarshi Ikkinchi front ochish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi va uning asosiy talablaridan biri SSSRda diniy erkinlikka ruxsat berish edi. Ana shu yili kuzga borib Sovet hukumati qarori bilan Toshkentda O'rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi tashkil qilindi va unga muftiy Eshon Boboxon hazratlari rahbar etib tayinlandilar. U kishining va o‘g‘illari Shayx Ziyovuddin qori ibn Eshon Boboxonning islomda barqarorligi (ularni Alloh rahmat qilsin), halqiga fidoyiligi, matonatlari va say-harakatlari natijasida Uzbekistonda qator masjidlarning faoliyatiga Moskvadan ruxsat olindi. Rasmiy qaydnomaga ko‘ra, Toshkent shahrida 1944 1946 yillarda Tillashayx, Mo‘g‘ulko‘cha, Allon, Chig‘atoy-Chaqar, Mahkama, Shayx Zayniddin, Qizil Tovush, Sarichopon, Xoja Alambardor, Novza, Yakkasaroy, Rakat, Qiyot, Mirza Yusuf, Otchopar, Olmazor, Orqako‘cha masjidlari qaytadan ishga tushirilgan. 1950 yilga kelib "Rakat jome' masjidi"ning Toshkent pedagogika instituti (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat o‘zbek tili va adabiyoti Universiteti) ro‘parasidagi oldingi binosi buzib tashlandi va ateistik siyosatga to'be bo‘lgan o‘sha davrdagi hukumat masjidning yangi binosini qurish uchun joy ajratish masalasini xal kilib berolmadi, Shunda, diniy e'tiqodi kuchli bo‘lgan fidoyi vatandoshlarimizdan biri - Rakat mahallasida yashovchi Mirjalil ota (Alloh rahmat qilsin) o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘ning olti sotix joyini masjid qurilishi uchun vaqf qilib berdi. Bu davrga kelib, Rakat masjidining imom xatibi Muhammad Yusuf domla Urushda shahid ketgan ikki pahlavondek o‘g‘illardan judo bo‘lib, kasalmand bo‘lib qolgan edilar (1952 yil dekabr oyida og‘ir xastalikdan vafot etganlar, Alloh rahmat qilsin) va Rakat masjidiga Muhammad Yusuf domlaning Andijondan ko‘chib kelgan do‘stlari Nizomiddin qozi-domla Mulla Salim o‘g‘li bosh imom xatiblik qilganlar.

Nizomiddin domlaning hayot yo‘llari juda qizikarli va ibratlidir. U kishi XX-asr boshlarida Buxoro madrasasida diniy ta'lim olib, shu bilan birga arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtirgan. 1920 yillarda Andijon shahrida bir vaqtning o‘zida ham qozilik qilib, ham jome' masjidda mudarrislik vazifasida ishlagani tufayli xalq orasida "qozi- domla taxallusini olgan. Sho‘rolar hukumati kuchli ilm sohibi bo‘lgan Nizomiddin qozi-domlani din targ‘ibotchisi sifatida ta'qib ostiga oladi va 1930 yillar oxirida soxta ayblovlar bilan NKVD tomonidan qamoqqa olinib, o‘lim jazosiga mahkum qilinadi. Eng qizig‘i shundaki, rus millatiga mansub bo‘lgan qamoqxona boshlig‘i "qozi-domla"ni bilgan mahbuslarning maslahatiga quloq tutib, og‘ir bedavo dardga chalingan yakkayu-yagona o‘g‘lining taqdirini musulmonlar ulamosiga ishonib, Nizomiddin domlaga o‘qitadi va dam soldiradi. Allohning kudratini qarangki, shundan keyin bola tuzalib ketadi va minnatdorchilik yuzasidan qamoqxona boshlig‘i barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan holda yo‘lini topib, Nizomiddin qorini nohaqlik azoblaridan kutqaradi va ozodlikka chiqaradi. 1950 yilda Nizomiddin qori oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keladi, Gubrbog‘ mahallasida qo‘nim topadi va "Rakat jome' masjidi"ga imomlik qiladi.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.290028, 69.245750Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Rakat masjidi (uz.wikipedia.org), 4-iyul, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.