Amir madrasasi

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Amir Toʻra madrasasi – Oʻzbekistondagi Xiva sharining tarixiy markazida joylashgan madaniy meʼros obyekti. Meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Ichan qalʼaning shimoliy qismida joylashgan.

Qurilish tarixi

Amir Toʻra madrasasi oʻzbek hukmdori Muhammad Rahimxon IIning (1864—1910) akasi Amir Toʻra donatorligida Xiva xonligining poytaxtida, Ichan qalʼaning ichkarisida, shaharning shimoliy Bogʻcha darvozasi yaqinida, Hasan Murod qushbegi masjidining roʻparasida bunyod etilgan. Baʼzi bir manbalarda inshootning qurilgan yili sifatida 1870-yil koʻrsatilsa, boshqalarida 1872-yil koʻrsatiladi.

Aytilishicha, Amir Toʻra madrasaning qurilishi Muhammad Rahimxon madrasasi qurilishi bilan bir davrga toʻgʻri kelganligi sababli, Amir Toʻra gʻisht va mohir ustalarning yetishmasligidan biroz aziyat chekkan. Keyinchalik u bu muammoni oson yechib, oʻz qaramogʻidagi Toʻrtkoʻl va Shoʻroxon ustalarini olib kelgan ekan.

Madrasaning ichki sahni koshin bilan qoplanib, peshtoq oldi koshin bilan bezatilmay qolib ketgan. Buning sabablaridan biri sifatida Rossiya imperiyasining 1873-yildagi Xiva yurishi koʻrsatiladi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi davr

2014-yilda Amir Toʻra madrasasini UNESCO donorligida taʼmirlash rejalashtirilgan.

2017—2019-yillar mobaynida Amir Toʻra madrasasida 2 bosqichda restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. 2020-yil 9-yanvarda Amir Toʻra madrasasi Xitoyning „Chinese academy of Cultural heritage“ tashkiloti tomonidan investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi hisobiga tamirlanganligi haqida xabar berilgan. Uch oydan soʻng, 12-martda Ichan qalʼa majmuasiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amir Toʻra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishgan.

Madrasa binosini Xiva restavratsiya maktabiga tekin foydalanish huquqi asosida berish hamda unda namunali asrashga doir ishlarni namoyish qilish, amaliy koʻrgazmalar oʻtkazish, yangi ekspozitsiyalar yaratish hamda turistlar tomonidan asrashga doir ishlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilgan edi. Xabar berilishicha, Xiva restavratsiya maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari sohasidagi restavrator-ustalar va boshqa mutaxassislar uchun malaka oshirish tizimi yaratilgan.

Meʼmorchiligi

Chortoq tarhli (52,6x36,7 metr), peshtogʻi mahobatli, ikki yon tomonida qoʻshqavatli uch juft hujra bor. Toʻrt burchagidagi guldastalar parchin belbogʻli, mavj usulida bezatilgan. Masjid va darsxonaning tuzilishi bir xil. Masjid janubidagi ayvon gumbaz tomli, gumbaz osti toqilari olti qirrali, unga uch qator muqarnas ishlangan.

Hovlining (30,7x19,35 metr) ikki yon tomoniga bir qavatli, oldi ravoqli koʻndalang hujralar ishlangan. Hovli burchaklaridagi hujralarga dahlizdan kiriladi. Hujralar balxi gumbazli, darchalariga panjaralar oʻrnatilgan. Uch gumbazli miyonsaroyning ikki yon tomonida darsxona bor. Amir Toʻra madrasasi 1970-yilda taʼmirlangan, bosh tarzi oldiga savdo rastasi joylashtirilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Madrasa
Qurilgan
1906-yil
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.379660, 60.361320Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Amir Toʻra madrasasi (uz.wikipedia.org), 30-noyabr, 2023 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.