Hoji Jafar masjidi
Hoji Jafar masjidi (ozarbayjoncha: Hacı Cəfər Məscidi; arabcha: مسجد الحاج جعفر (قوبا)) – tarixiy meʼmoriy yodgorlik, Ozarbayjonning Kuba shahrida joylashgan shialik masjidi.
1905-yilda qurib bitkazilgan ushbu sobiq masjid 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan umummilliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
Hoji Jafar masjidi 1905-yilda Kuba shahrining markazida qurilgan. Bu shahardagi eng katta masjid boʻlib, uning maydoni 400 m2 (4,300 kv ft)ni tashkil etadi. Masjidga uni qurdirgan Hoji Jafarning nomi berilgan.
Shahar oqsoqollarining aytishicha, Guba qirgʻini paytida arman kuchlari keksalar, ayollar va bolalarni ushbu masjidga yigʻib, ularni tiriklayin yoqib yuborishni rejalashtirgan. Oʻsha dahshatli pallada masjid muazzini Hoji Baba ishga aralashib, bu vahshiyona harakatning oldini olgan. Hoji Baba yetim qolgan arman qizlarini oʻz qizlaridek asrab olgan, ularni himoya qilgan. Soʻng bu haqida armanlarga xabar qilib, ularning qizlarini oʻz bolalaridek parvarish qilayotganini aytgan. Natijada, armanlar odamlarni tiriklayin yoqish rejasidan voz kechgan.
Sovet bosqini
Sovet bosqinidan soʻng, 1928-yilda rasmiy tarzda dinga qarshi kampaniya boshlandi. Shu yilning dekabrida Ozarbayjon Kommunistik Partiyasi Markaziy Qoʻmitasi koʻplab masjidlar, cherkovlar va sinagogalarni maʼrifiy maqsadlarda klublar balansiga oʻtkazdi. Agar 1917-yilda Ozarbayjonda taxminan 3000 ta masjid boʻlgan boʻlsa, 1927-yilda bu son 1700 taga, 1933-yilga kelib esa atigi 17 taga tushib qolgan edi.
Bosqindan soʻng masjid yopib qoʻyildi, 1930-yillarda esa uning gumbazi buzib tashlandi. Dastlab u talabalar yotoqxonasi sifatida ishlatilgan, keyinchalik esa omborxonaga aylantirilgan. 1943-yilda masjid gumbazi qayta tiklangan.
Mustaqillikdan soʻng
Yodgorlik 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-son qarori bilan umummilliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Meʼmorchiligi
Pishiq gʻishtlardan qurilgan masjid 4 xonali binodan iborat. Masjidning qurilish rejasi toʻrtburchak shaklda, asosiy namoz oʻqish zali va uning old qismida yordamchi xonalar joylashgan. Masjidning asosiy kirish qismi shimoliy tomonda, kirish eshigi roʻparasida esa mehrob joylashgan. Asosiy zal markazida shiftni koʻtarib turuvchi 2 ustun mavjud. Ayollar uchun kichik namozxona 2-qavatda joylashgan. Masjid gumbazi tashqi tomondan oq temir bilan qoplangan, minorasi esa gumbaz ustida joylashgan. Minora ichiga kirish uchun masjidning oʻng tomonida zinapoya mavjud. Mehrob oddiy shaklda boʻlib, yongʻoq daraxti yog‘ochidan yasalgan. Mix ishlatilmasdan yasalgan masjidning qadimiy oʻymakor yogʻoch eshigi hanuzgacha saqlanib, himoya qilinmoqda.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- XIX asr
- Me’moriy uslub
- Islom arxitekturasi
- Maydoni
- 400 m²
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Hoji Jafar masjidi (uz.wikipedia.org), 2-dekabr, 2025 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.




.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)
.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)