Abdulazizxon madrasasi

Kagansky · CC BY-SA 4.0

Faqscl · CC BY-SA 3.0

Faqscl · CC BY-SA 3.0

Abdulazizxon madrasasi — Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Oʻzbek hukmdori Abdulazizxon donatorligida bunyod etilgan.

Memorchiligi

Qoʻsh madrasa (bir-birga qarama qarshi qarab turadigan binolar majmuasi)ning janubiy tomonida joylashgan. Ulugʻbek madrasasining (1419) qarshisida. Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Madrasa toʻrt tomoni markazida yirik peshtoqli uslubda qurilgan. Peshtoqlarning asosiy kirish qismi ikki tomonlama.

Umuman madrasa bezaklari yuksak sanʼat va mahorat bilan ishlangan. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islimiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islimiy naqshlar va kundal uslubidagi bezaklar mavjud. Naqshlar, asosan, moviy rang boʻyoqlar bilan chizilgan. Asosiy oʻlchami: atrof aylanasi — 50x67 metr, hovli — 28x35 metr. Madrasa XVII asr Buxoro mahobatli meʼmorligining yetuk namunasidir.

Abdulazizxon madrasasi sirtdan qaraganda Ulugʻbek madrasasi kabidir: bu madrasa kompozitsiyasi ham uzunchoqroq boʻlib, old tomonining markazida ravoqli peshtoq, burchaklarida burj — guldastalar ishlangan, 2 qavatli yon qanotlar, kiraverishdagi xonalar va hovli chor atrofidagi 2 qavatli qator ravoqlar tizmasi ham oʻxshab ketadi. Ammo, Abdulazizxon madrasasi yirikroq va murakkabroq loyihalashtirilgan. Yon tomonlarining markaziy qismi 2 qavatli hujralar bilan urgʻu berib, biroz tashqariga boʻrttirib chiqarilgan va hovli kompozitsiyasi bilan peshtoq yordamida uygʻunlashtirilgan. Burchaklardagi beshqirrali yoʻlaklardan shu burchaklardagi bir qancha katta-kichik hujralarga oʻtilagan. Aql idrok bilan qilingan ish natijasida qurilish maydonining har bir kvadrat metridan toʻla foydalanilgan va XIV—XV asrlarga xos gʻisht terish uslubiga yangilik kiritilgan.

Shu bilan bir qatorda XVII asr meʼmorlari tomonidan tom qismlarini yopishda hech qanday yangi konstruktiv uslublar topishmagan: aksincha, masjid, darsxona tepasi XV—XVI asrlardagi uslublardan ancha boʻsh boʻlgan gumbazlar sistemasi bilan yopilgan. Bu yerda 8 qirrali oddiy ravoqli shakllar va murakkab iroqi muqarnaslar bilan chambarchas bogʻlanib, ajoyib bezak kashf etilgan. Abdulazizxon madrasasining ahamiyati ham shundaki, u serhasham bezalib, Turon meʼmorchiligida maʼlum boʻlgan hamma bezaklarning rang-barang uslublaridan foydalanilgan. Xuddi Ulugʻbek madrasasi kabi uning old tomoni hamda hovlidagi ayvon va ravoqlarga koshinli naqshlar ishlangan. Ammo... Bu koshinli gʻishtlar juda rang-barangdir: sirsiz sopol gʻishtlar ustiga koʻk, zangori, oq parchinlar qoplangan. Lekin ular yangicha usulda, choksiz taxtachalar holida yerga — taxminga terilgan va ganch qorishmasi yordamida keyin devorga yopishtirilgan.

Oʻyma sirli sopoldan ishlangan koshin bezaklar mavzui ham oʻzgargan. Dastlab rasm boʻlgan mavhum oʻsimliklar nusxasi oʻrniga mavzuida xayoliy jonivorlar tasvirlangan manzara qismlari paydo boʻladi. Bu XVII asr yodgorliklariga xosdir (Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi yoʻlbars va Buxorodagi Devonbegi madrasasidagi afsonaviy qushlar tasviri). Bu madrasaning bosh peshtoqidagi koshin namoyonlarida ilon boʻyinli afsonaviy qushlar va 2-qavatdagi timpanlarda quyoshga qarab uchyotgan afsonaviy qushlar —.

Naqqoshlar rang-barang koshin qoplamalarining badiiy taʼsirchanligini yanada oshirish yoʻllarini izlashgan. Buni peshtoq chekkasida ilon boʻyinli va boshi qushnikiga oʻxshash uzun dastali koʻk guldon, koshin bezak ichidan ajralib koʻzga yaqqol tashlanib turgan tasvirdan koʻrish mumkin.

Avvalgidek ravoq timpanlarini sirli sopolli bezaklar qoplagan. Hovlidagi ayvon chekkalariga yozilgan yozuvlar — Qurʼon oyatlari naqshlarga aralashtirilib, ajoyib koʻrinish hosil etgan. Bezaklar bir xil oʻlchamli (25x25 sm) sirli sopol taxtachalarga tushirilgandan keyin devorlarga har xil kompozitsiya asosida yopishtirilgan.

Abdulazizxon madrasasida xonalarning ichki bezagiga alohida eʼtibor berilgan. Darsxona, qishki va yozgi masjid, 2-qavatdagi kutubxona devorlari koʻk rang zaminli zarhal bezak — xushmanzara kundal usulida tushirilgan boʻrtma naqshlar bilan bezatilganligi uchun xuddi ustiga zarbop yopilgandek boʻlib, boshdan-oyoq yarqirab turardi. Bunda meʼmorchilikning har bir qismiga, qoʻyingchi, muqarnaslarning eng mayda nusxalariga ham aniq qilib mustaqil kompozitsiya: yulduzsimon va boshqa shakldagi har bir bezaklar ishlangan. Darsxona devorlarida xitoy chinnisidagi bezaklarga oʻxshatib ishlangan naqshlarni — oq zamin ustiga koʻk rang bilan berilgan ajoyib manzaralarni, daraxtlar orasiga qoʻyilgan soʻri, bulut va suv oqimlari tasvirlarini koʻrish mumkin.

Mahobatli binolarning bezakli gumbazlari badiiy jihatdan ayniqsa qimmatlidir, ular tekislik bilan fazoga geometrik shakllar tushirish sanʼatining — Turon meʼmorlari mehr bilan yaratgan sanʼatning necha asrlik butun rivojlanish tarixini munosib ravishda bezab turgan tojdek boʻlib koʻrinadi.

Har tomonlama yetuk meʼmorlar oʻzlarining takomillashgan tasavvurlarini sanʼatning noyob asarlari darajasiga koʻtardilar va qanday yuqori pogʻonaga chiqqanini koʻrsatishdi. Gumbaz qubbasidagi iroqi muqarnaslar ravoqlar ichidagi taxta muqarnaslarga chirmashib, qoʻshilib ketganligi tufayli bu yarim qorongʻi xonalar sharq ertaklaridagi hashamatli saroylarni eslatadi.

Madrasadagi hashamatli bezak ishlari toʻla yakunlanmagan. asosiy peshtoq yonlaridagi muqarnasli qubbalar devorida yogʻoch qoldiqlari bor, aslida bu yogʻochlar qurilish tugaganidan soʻng kesib tashlanadi. Old tomonining oʻng qanoti va hovlining gʻarbiy tomoni koshinsiz.

Qisqa ma’lumot

Turi
Madrasa, architectural landmark
Qurilgan
1652-yil
Nomi kimdan/nimadan
Abdul Aziz
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.775833, 64.417778Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Abdulazizxon madrasasi (uz.wikipedia.org), 2-may, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.