Magʻoki attori masjidi

Petar Milošević · CC BY-SA 4.0

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Davide Mauro · CC BY-SA 4.0

Magʻoki attori masjidi — oʻrta asr meʼmorchiligi yodgorligi, Buxorodagi tarixiy, XII—XVI asrlarga oid ustunli gumbazli masjid. Yer sathidan 4,5 metrdan koʻproq pastda joylashgan. Oʻymakor bezaklari bilan mashhur. Buxoro yodgorliklarining bugungi kungacha saqlanib qolganlar orasidagi eng qadimiysi. Magʻokda (chuqurlikda) hamda attor bozorlari yaqinida joylashgani sababli Magʻoki attori masjidi deb nomlangan.

Shahar markazida, Shahriston va Shohrud kanali oraligʻida, Toqi Sarrofon savdo gumbazi xududida, islomgacha boʻlgan davrdan 1930-yillargacha faoliyat koʻrsatgan bozorlar hududida joylashgan.

Qadimgi 4 ustunli Moh masjidi (IX asr) oʻrnida XII asrda eski loyiha asosida qayta qurilgan (1934-yilda arxeologik tadqiqotlar natijasida aniqlangan). XIV asrda taʼmirlangan, XV asrda peshtoqining yuqori qismi buzilgan.

1993-yilda „Buxoro shahrining tarixiy markazi“ tarkibida UNESCOning O‘zbekistondagi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va hozir uning oʻrnida gilam mahsulotlari muzeyi joylashgan.

Nomlanishi

Masjid nomi bir necha bor oʻzgargan. IX—XIII asr boshlarida Max (Oy) deb atalgan; XVI asrda — Magʻok yoki Magʻoki Attari; XVII asrda Magʻoki koʻrpa masjidi bilan adashtirmaslik uchun Magʻoki koʻxna (Eski Magok) nomini oldi.

Tarixi

Odatda, binolarga kirishda zinapoyalar orqali yuqoriga koʻtariladi. Ammo Buxoroda, yodgorliklarda buning aksini kuzatish mumkin — zinapoyalarda pastga tushiladi. Yodgorlik qanchalik qadimiy bo‘lsa, uning atrofidagi madaniy qatlamlar shunchalik mustahkam bo‘ladi. Goʻyo qadamlar orqali tarix qaʼriga kirib borayotgandek tuyuladi

Birinchi masjidlar Movarounnahrda (arablar Oʻrta Osiyo Mesopotamiyasi deb atashgan) arablar tomonidan uning ayrim hududlarini bosib olish jarayonida, bundan tashqari, faqat asosiy shaharlarda aholini yangi eʼtiqodga oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan. Buxoroda Magʻoki Attori masjidi sobiq otashkada oʻrnida qurilgan!

Buxoroda birinchi sinagoga qurilgunga qadar yahudiylar Magʻoki Attorida musulmonlar bilan bir xonada namoz o‘qigan, deb ishoniladi. Boshqa manbalarga koʻra, Buxoro yahudiylar musulmonlar bilan bir vaqtning oʻzida, lekin turli burchaklarda ibodat qilishgan. Yana boshqasiga koʻra, yahudiylar u yerga faqat namozlar oxirida kelishgan. Buxorolik yahudiylar orasida bomdod namozini „Shalom Aleyxem“ („Sizga tinchlik boʻlsin“) soʻzlari bilan tugatish odati bu bilan izohlanadi. Yevropa yahudiylarida bu odat yoʻq.

Abdulazizxon davrida (1541—1542-yillar) binoning yuqori qismi, gumbazlari qayta qurilgan.

1991-yildan beri Magʻoki Attarida gilam mahsulotlari muzeyi ekspozitsiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda XVIII—XX asrlarga oid oʻzbek, turkman, fors, qozoq, arman gilam, xurjinlari, oʻtov bezaklarining goʻzal namunalari keltirilgan. Jun va ipak buyumlar geometrik, gulli, kosmogonik va zoomorfik naqshlar bilan bezatilgan.

Arxitekturasi

Masjid sharqdan gʻarbga choʻzilgan oʻlchami 13,35x17,6 metr boʻlgan toʻrtburchak shaklda. Ichkarisi 6 ustunli, 12 gumbazli, oʻrta gumbazi balandroq boʻlib, uning poygumbazidagi darchalar orqali bino ichiga yorugʻlik tushadi. Sharqiy qismini keng pillapoyali zina egallagan. Gʻarbiy devor oʻrtasida oddiy mehrob joylashgan. Binoning poydevori yer sathidan 4,5 metrdan koʻproq pastda joylashgan.

Masjidning ikkita kirish eshigi bor. Janubiy qismi 1934—1935-yillarda tadqiqot va restavratsiya ishlari davomida ochilgan. Peshtoq oʻyilgan terrakota bilan bezatilgan va kirish eshigi ichki arkining ramkali yoyida koʻk rangli yozuvlar mavjud. Oʻsha paytda Buxoro Sharqdagi eng yirik meʼmorchilik va qurilish faoliyati markazlaridan biri boʻlgan.

Peshtogʻining fasadida yoysimon chuqur ravoq va undagi oʻziga xos bezaklar muhim oʻrin tutadi. Ganch va mayda gʻisht boʻlakchalaridan bezatilgan peshtoq hashami gʻoyatda nafis va yuksak badiiy did bilan bajarilgan.

Kichik anʼanaviy eshik koʻrinishidagi sharqiy kirish eshigi XVI asrda qoʻshilgan. Hozirgi koʻrinishi esa XX asr boshlarida qayta qurilgan. Sharqiy eshikdan kiraverishda koʻk fonda sariq (oltinga oʻxshash) harflar bilan yozilgan yozuv professional tarzda bajarilgan suls qoʻlyozmasida qilingan. Matnning tepasida kufiy yozuvida oq harflar bilan „Alloh buyukdir“ deb yozilgan.

Ustunlari oʻyma naqshlar bilan, boshasi vazasimon shaklda koʻrkamlashtirilgan. Magʻoki Attori masjidining bezaklari XII asr Buxoro meʼmorlik maktabining yuksak namunasi sifatida Oʻzbekistondagi meʼmorlik tarixida alohida oʻrin tutadi. 1939—1949-yillarda peshtoqi mustahkamlanib taʼmirlangan, atrofi obodonlashtirilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid, architectural landmark
Me’moriy uslub
Islom arxitekturasi
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.773186, 64.418350Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Magʻoki attori masjidi (uz.wikipedia.org), 4-iyul, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.