Nuri Usmoniya masjidi
Nuri Usmoniya masjidi (usmonli turkcha: نور عثمانیه جامعی Nur-ı Osmaniye Camii; turkcha: Nuruosmaniye Camii) – XVIII asrga oid Usmonli masjidi, Turkiyaning Istanbul shahri, Fotih tumani, Çemberlitaş mahallasida joylashgan, 2016-yilda Turkiyadagi Jahon merosi obyektlarining taxminiy roʻyxatiga kiritilgan.
Nuri Usmoniya masjidi loyihasi Simeon Kalfa ismli yunon millatiga mansub, musulmon boʻlmagan meʼmor tomonidan ishlab chiqilgan. Masjid Yevropa arxitekturasining barokko va neoklassik uslublarini oʻzida mujassam etgan ilk monumental Usmonli binosi hisoblanadi. Masjidning bezaklari va kavisli hovlisida barokko uslubi aks ettirilgan namunalarni koʻrish mumkin. Nuri Usmoniya masjidi gumbazi Istanbuldagi eng katta gumbazlardan biri hisoblanadi. Masjid oʻzidan kattaroq hajmda bunyod etilgan diniy majmuaning bir qismi boʻlib, mahalla uchun madaniyat, din va taʼlim markazi vazifasini bajaradi.
Konstantinopolda Nuri Usmoniya masjidining hududi Konstantin forumiga yaqin boʻlgan, u yerda Konstantin ustuni (turkcha: Çemberlitaş Sütunu) boʻlib, bu ustun bugungi kunga kelib ham mavjud. Masjid atrofida Istanbulning Katta bozori (turkcha: Kapalıçarşı) bor. Ahmadiya masjidi qurilgandan keyin Nuri Usmoniya masjidi keyingi 100 yil ichida qurilgan birinchi imperator masjidi boʻlgan.
Tarixi
Masjid majmuasining qurilishi sulton Mahmud I buyrugʻi bilan 1748-yilda boshlanib, uning ukasi va vorisi Sulton Usmon III davrida 1755-yilda yakunlangan. Masjid Usmon III sharafiga „Usmon nuri“ degan maʼnoni anglatuvchi Nuruosmaniye nomi bilan atalgan.
Nuri Usmoniya masjidi Ahmadiya masjididan keyingi (XVII asr boshlarida) ilk Usmonli imperiyasi sultoni tomonidan qurilgan masjidi boʻlgan, avvallari imperiyaning har bir sultoni uchun masjid qurish anʼanaga aylangan. Mahmud I tomonidan Nuri Usmoniya masjidining qurdirilishi ushbu anʼananing qaytishiga sabab boʻlgan. Masjid, shuningdek, Yevropa meʼmorchiligining zamonaviy barokko uslubidan taʼsirlanib yaratilgan yangi Usmonli barokko uslubiga namuna boʻluvchi ilk monumental Usmonli binosidir. Mamlakat binolarini qurishda Usmonli meʼmorchiliging klassik uslubidan chetlashgan holda bunday yangi usuldan foydalanish Istanbul shahrini qayta shakllantirishga katta yordam bergan.
Majmua Istanbulning ikkinchi tepaligida bunyod etilgan. Masjid qurilishida ishtirok etgan Usmonli kotibi Ahmad afandining soʻzlariga koʻra, bu joyda ilgari Fatma Hatun tomonidan asos solingan kichikroq masjid joylashgan. XVIII asrga kelib bu masjid yaroqsiz holga kelib qolgan va mahalliy aholi sulton Ahmad III ga uni taʼmirlashni soʻrab murojaat qilishgan, ammo bundan hech qanday natija boʻlmagan. Mahmud I ga yana qayta ariza yuborilgach, sulton tekshiruv ishlari uchun bir amaldor tayinlaydi va masjidning vaqfi daromad keltirmay qolganligi aniqlanadi. Usmonli sultoni uni taʼmirlash uchun mablagʻ ajratish oʻrniga vaqfni oʻzlashtirib, bu joydan yangi masjid qurish uchun foydalanishga qaror qiladi. Biroq ancha katta hajmga ega boʻlgan qurilish ishlari atrofdagi hududlarda joylashgan bir nechta mulklarni sotib olishni talab qiladi, bu esa dastlab mulk egalarining noroziligiga sabab boʻladi.
Sulton Mahmud I meʼmorchilik sanʼatiga qiziqishi bilan mashhur boʻlgan, Ahmad afandining asarlarida sultonning loyihaga nisbatan hurmat va sadoqat bildirganligini hamda taqvodorligi taʼkidlanganligini oʻqish mumkin. Ahmad afandi oʻz rivoyatida, shuningdek, Mahmud I qurilish maydonchasida boʻlib turganida bir donishmandga duch kelganligi haqida yozadi. Donishmand uni masjid qurgani va mahallaga shodlik keltirgani uchun maqtab, sultonning bunday savob ishni davom ettirishini soʻrab duo qiladi va uni loyihani davom ettirishga undaydi. Ahmad afandi tomonidan keltirilgan sulton haqidagi hikoya va rivoyatlar maqtov koʻrinishida bitilgan boʻlishiga qaramay, sulton va uning atrofidagilar masjid qurilishiga ilohiy bir hodisa sifatida qarashgan va loyiha atrofida maʼlum diniy aura targʻib qilingan. XVIII asrning boshqa bir qator Usmonli yozuvchilari ham masjid qurib bitkazilganidan keyin uni maqtab, binoning oʻsha paytdagi ahamiyatini koʻrsatishgan. Ularning bir qanchasi, jumladan, Ahmad afandi gumbazning kattaligini juda yuqori baholagan boʻlsalar-da, binoning yangi meʼmoriy uslubi haqida aniq fikr bildirishmagan.
Masjid yunon millatiga mansub, musulmon boʻlmagan Simeon Kalfa ismli meʼmor tomonidan loyihalashtirilgan. Simeon Kalfa Usmonli imperiyasi tomonidan amalga oshirilgan yirik qurilish uchun mas’ul etib taʼyinlangan ilk musulmon boʻlmagan meʼmor edi. Meʼmorning bosh yordamchisi Kozma ismli shaxs, shuningdek, uning qoʻl ostidagi quruvchilarning aksariyati nasroniylar boʻlgan. Masjidning ochilish marosimida katta vazir tomonidan Simeonga ham, Kozmaga ham faxriy liboslar kiydirilgan. Olim Ünver Rüstemning taʼkidlashicha, bu rasman ilk marotaba nasroniy meʼmorlar taqdirlangan masjid ochilish marosimi boʻlishi mumkin, bu esa oʻsha davrda Usmonli meʼmorchiligida nasroniy hunarmandlar mavqeining oʻsib borayotganligidan dalolat bergan.
Masjid
Namoz oʻqish zali gumbazining diametri 25.4 metr (83 ft) boʻlib, pol sathidan 43.5 metr (143 ft) balandlikda qurilgan. Bunday oʻlchamlar Nuri Usmoniya masjidi gumbazini Istanbuldagi Sofiya ibodatxonasi va Sulaymoniya masjididan keyin uchinchi eng katta tarixiy gumbazga aylantirgan. Masjidni qurishda poldan, devorlardan va gumbazning shiftiga qadar choʻzilgan temir panjaralardan foydalanilgan. Qurilish materiallari sifatida kesma tosh va marmar ishlatilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid, historic building
- Qurilgan
- 1755-yil
- Muhim voqea
- qurilish
- Me’mor
- Simeon Kalfa
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture, Ottoman Baroque
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
- Nomi kimdan/nimadan
- Usmon III
- Meros maqomi
- Tentative World Heritage Site, cultural property requiring protection
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Nuri Usmoniya masjidi (uz.wikipedia.org), 7-may, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.




