Sardoba Qaynar

Carpodacus · CC BY-SA 4.0

Carpodacus · CC BY-SA 4.0

Carpodacus · CC BY-SA 4.0

Sardoba Qaynar, Gumbaz, Qaynargumbaz yoki Qaynargumbazi — Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Qaynar qishlogʻida joylashgan, taxminan XIX asrda buloq ustida qurilgan, Qoʻqon xonligi meʼmorchiligiga oid gumbazli suv rezervuari xarobasi. Sardobaning Qaynar nomi uning ichidagi qaynab chiqadigan buloq nomidan olingan.

Mazkur sardoba Markaziy Osiyodagi eng yirik sardobalar o‘ntaligiga kirgan boʻlib, yodgorlik o‘zining saqlanishi bilan o‘ziga xosdir. Hajmi, ahamiyati va roli jihatidan Raboti Malik, Kasbi kabi sardobalar qatoriga kiradi. Meʼmoriy yodgorlik Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Qaynar qishlogʻida joylashgan boʻlib, ushbu viloyat hududida saqlanib qolingan yagona sardobadir. Respublikada mavjud 57 ta sardobalar orasida hozirgi kungacha suvi ichishga yaroqli sardoba hisoblanadi.

Geografik joylashuvi

Sardoba Ohangaron shahridan 7,7 km shimolda 40º58' shimoliy kenglik va 69º39' sharqiy uzoqlikda, dengiz sathidan 648 m balandlikda joylashgan. Sardoba karvonsaroy bilan Qaynar qishlogʻidagi meʼmoriy majmua tarkibidagi yodgorlikdir. Sardoba Ohangaron daryosining oʻng qirgʻogʻidagi yonbagʻirlikdagi Qaynar buloq ustidan gumbazli inshoot qilib qurilgan. Buloq suvi uncha katta boʻlmagan Omonqulsoyga borib quyiladi. Qaynargumbaz Toshkent viloyatida saqlanib qolingan yagona sardoba hisoblanadi.

Tarixi

Qadimda Qaynar qishlogʻi orqali savdo yoʻli oʻtgan. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu savdo yoʻli XVIII–XIX asrlarda Toshkentni Fargʻona bilan bogʻlovchi katta qatnovga ega yoʻl boʻlgan boʻlib, bu yoʻl unga muqobil boʻlgan Toʻytepa orqali oʻtuvchi yoʻlning botqoqliklardan oʻtganligi va oʻtib boʻlmas holatga kelib qolgani uchun muhim ahamiyat kasb etgan. Buloq atrofida karvonlar toʻxtab oʻtishgan.

Shu bilan birga, hozirgi sardoba yonidan oʻtgan, Yettikent shahri orqali Chochni Iloqning poytaxti Tunkat bilan bogʻlagan ushbu qadimiy savdo yoʻli moʻgʻullar bosqinigacha ham mavjud boʻlgani arxeologik jihatdan aniqlangan.

Qurilishi bilan bogʻliq taxminlar

Manbalarda qayd etilishicha, inshootning qurilish davri XIX asrga toʻgʻri keladi. Ammo Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi 335-son qarorida sardoba XVIII asrga, 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-son qarorida XIII asrga mansub ekanligi qayd qilingan. Shuningdek, sardobaning qurilishini Qoʻqon xoni Umarxon va rafiqasi Nodirabegim nomi bilan ham bogʻlashadi. Umarxon rafiqasining iltimosiga koʻra, uni 1811–1812-yillarda barpo etgan. Sardoba va karvonsaroyning binokori meʼmor Abdurashid Hoʻqandiy hisoblanadi. Folklorshunos olim Isomiddin Yormatov ham sardoba va karvonsaroy 1816-yilda Umarxon buyrugʻi bilan Qurama bekligi hokimi Normuhammadbiy tomonidan qurilgan degan fikrni bildiradi.

Olingan maʼlumotlarga asosan sardoba va karvonsaroy Qoʻqon xonlaridan birining buyrugʻi bilan barpo etilgan, biroq mahalliy aholining bir qismi ushbu inshoot qurilishni bir nechta hukmdorlarga, yaʼni Muhammad Alixon (1822–1852) va Mallaxon (1858–1862) nomiga bogʻlashdi. Karvon yoʻlini yaxshilash ishlari Mallaxon hukmronligi davrida boshlangan.

Toshkent viloyati madaniy meros obidalarini muhofaza qilish va ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi boshligʻi Ilhom Temirov sardoba temuriylar davrida qurilgan, bunga dalil sifatida sardobani qurishda XIV asrga oid gʻishtlardan foydalanilganligini hamda buloqdan uzoq boʻlmagan temuriylar askarlari dafn etilgan ikkita qabriston boʻlgani haqida fikrni bildirib oʻtadi.

Oʻrganilish va yoritilish tarixi

Qaynardagi meʼmoriy majmua haqida birinchi qayd 1896-yilda Ye. T. Smirnov tomonidan qilingan boʻlib, bu qayd Mixail Andreyevning ruscha: „Arxeologik jihatdan qiziqarli Turkiston joylari“ (Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi bayonnomalari) maqolasidagi tahririyat izohida keltirilgan. Ehtimol, Smirnov faqat oʻzgalarning soʻzi orqali meʼmoriy yodgorlik haqida eshitgan boʻlsa, shu sababdan bu yodgorlik haqida toʻgʻri boʻlmagan tavsif va ularning joylashuvi Belovutsoy hududida boʻlgan degan xato maʼlumotni bergan. Uning soʻzlariga koʻra, mahalliy aholi inshoot qurilishi haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻlmagan. Bu yerda sardoba ichki kirish yoʻliga ega boʻlgan, buloq ustidagi minora sifatida tavsiflangan.

Botanik olim P. A. Gomolitskiy 1906-yilda muallifi nomaʼlum boʻlgan Qaynargumbaz fotosuratini topadi. 3-Butunittifoq geologiya qurultoyi tomonidan Leningradda 1928-yili chop etilgan M. E. Mashkovsevning Qoramazor tizmasi haqidagi yoʻlkoʻrsatkichga kiritilgan boʻlib, kitobchada sardoba „Ohangaron daryosining oʻng qirgʻogʻidagi buloq ustidagi gumbaz“ deb nomlangan.

1929 va 1934-yillarda mazkur meʼmoriy majmuani tadqiq qilgan olim Mixail Masson (ikkinchi marta Tojik-Pomir ekspeditsiyasi 29-guruhning rahbari sifatida) karvonsaroyning barpo etilish davrini Qoʻqon xonligining oxirgi davriga toʻgʻri kelishini tasdiqlagan, lekin sardobaning yoshini kattaroq ekanligini taxmin qilgan. Olimning taʼkidlashicha, uning devoridagi gʻishtlari baʼzilari avvalroq qurilgan inshoot xarobalaridan qolgan eski gʻishtlardan terilgan. Bundan tashqari, Mixail Masson tomonidan turli davrlarda inshootda bir necha marotaba taʼmirlash ishlari olib borilganligi ham aniqlangan. Olim aholi bilan sardobaning tarixi (1-tashrifida Qaynargumbaz va Mallaxon oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik toʻgʻrisidagi versiyani yozib olgan) yuzasidan suhbat oʻtkazadi, shuningdek, qadimgi savdo yoʻlining izlarini topadi. 1935-yilda Mixail Massonning ruscha: „Sardobalarni oʻrganish muammosi“ nomli monografiyasi chop etilib, unda meʼmoriy yodgorlik tavsifi berilgan. Bundan tashqari, ilmiy guruhning ishining natijalari (jumladan, Qaynardagi tadqiqotlar) olimning 1953-yilda nashr etilgan ruscha: „Ahangaran (arxeologik-topografik ocherk)“ monografiyasida keltirilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Sardoba

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 40.974361, 69.651139Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Sardoba Qaynar (uz.wikipedia.org), 1-may, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.