Turar joy va hovliga kirish darvoza majmuasi (ilgarigi Kalantarov uyi, hozirda Oʻlkashunoslik muzeyi)

Jamshid Avazovich Djurakulov · CC BY-SA 4.0

Hasan Tohirov · CC BY-SA 4.0

Jamshid Avazovich Djurakulov · CC BY-SA 4.0

Samarqand viloyat oʻlkashunoslik muzeyi – Samarqanddagi tarixiy profilli muzey boʻlib, mahalliy oʻlkaning qadim zamonlardan XX asr boshlarigacha boʻlgan tarixiga bagʻishlangan. 1982-yildan Samarqand davlat birlashgan tarixiy meʼmorlik va badiiy muzey – qoʻriqxonasi (hozir Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi) tarkibiga kiritilgan.

Muzey binosi haqida

Muzey 1981-yil dekabr oyida Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi toʻplamlari negizida birinchi gildiya savdogari Abram Kalantarovga tegishli boʻlgan meʼmor E. O. Nelle loyihasi boʻyicha 1902-yildan 1916-yilgacha tarixiy uslubda qurilgan tarixiy binoda ochilgan. Hovlida 1902—1916-yillar davomida beshta bino qad koʻtargan.

Binoning interyeri har doim tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotadi. Binoni bezashda tajribali hunarmandlar – Usta Kamol, Usta Sodiq, Usta Hofiz va boshqalar qatnashgan. Saroyning qurilishi uchun 130 ming oltin rubldan koʻproq mablagʻ sarflangan. Bugungi kunda saroy haqli ravishda XX asr boshidagi meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yorqin rang-barang zal – mehmonxona boshqa xonalar singari oʻzining asl bezaklarini saqlab qolgan.

Ekspozitsiya

Muzeyda tarix, tabiat va mintaqadagi yahudiylar ekspozitsiyalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Bino ichidagi barcha xonalar ketma-ketlikda joylashgan boʻlib, enfiladani hosil qiladi.

Mehmonxona va ayrim xonalar asl holida saqlangan. Mehmonxona chiroyli va xilma-xil ranglar bilan bezatilgan. Shift choʻp ustida oʻymakorlik bilan bezatilgan va moyli boʻyoqlar bilan boʻyalgan, devorlarga ganch ustida oʻymakorlik „pardoz“ uslubida ishlangan, ganchdan yasalgan panjaralar bilan birga rang-barang shishali vitrajlar oʻzgacha husn bagʻishlaydi. Mehmonxonaga nafis, yaltiroq billur qandil osilgan.

Binoni qishda isitish uchun 7 ta sirli sopol bezakli "kamin" pechlar oʻrnatilgan, ularning bezaklari xonalarga alohida chiroy bagʻishlagan.

Binoning birinchi qavatiga oʻlkamizning turli hududlaridan topilgan qadimdan to XX asrning boshigacha hikoya qiluvchi ashyolar namoyish etilgan boʻlib, mintaqaning oʻziga xos tarixi, mintaqa xalqlarining urf-odatlari va marosimlari, ibtidoiy madaniyat, Oʻrta Osiyoning eng qadimgi davlatlaridan biri boʻlgan Sogʻdning shakllanishi, erta, rivojlangan va kech oʻrta asrlarning moddiy madaniyati yodgorliklari, anʼanaviy milliy madaniyat bilan tanishtiradi.

Mehmonxonada XVIII asr oxiri va XIX asr boshlariga oid „ampir“ uslubidagi mebellar koʻrgazmaga qoʻyilgan. Ayrim mutaxassislarning farazlariga koʻra, mebel imperator Napoleonga tegishli boʻlishi mumkin va imperator Aleksandr I tomonidan Sankt-Peterburgga olib kelinib saroy amaldorlaridan biriga sovgʻa qilingan.

Muzeyning 2-qavatida joylashgan tabiat ekspozitsiyasida viloyat hayvonot va oʻsimlik dunyosi, shu jumladan, „Qizil kitob“ga kiritilgan yoʻqolib borayotgan hayvonlar va qushlar tulumlari, oʻsimlik turlari va gerbariylar ham namoyish qilinmoqda.

Ayni paytda muzeyda xalqaro Joint tashkiloti koʻmagida tashkil etilgan „oʻtmishdagi va hozirgi mintaqadagi yahudiylar“ koʻrgazmasi faoliyat koʻrsatmoqda. Eksponatlar Yahudiyon kvartalining tarixi, mintaqa yahudiylarining hayoti, urf-odatlari, marosimlari haqida hikoya qiladi.

Bugungi kunda muzey ekspozitsiyasida 2000 dan ortiq eksponatlar mavjud.

Qisqa ma’lumot

Turi
muzey, historic building
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.653579, 66.953938Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Samarqand viloyat oʻlkashunoslik muzeyi (uz.wikipedia.org), 23-may, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.