Salimiya masjidi
Salimiya masjidi (turkcha: Selimiye Camii) – Usmonlilar imperiyasi masjidi boʻlib, Turkiyaning Edirne (sobiq Adrianopol) shahrida joylashgan. Masjid Sulton Salim II buyrugʻi bilan 1568–1575-yillarda imperator meʼmori Xoʻja Sinon tomonidan qurilgan. Meʼmor Sinon ushbu inshootni oʻzining durdona asari deb hisoblangan va butun islom meʼmorchiligi, xususan, Usmonli meʼmorchiligining eng yuksak yutuqlaridan biri deb bilgan.
Masjid külliyesi (ijtimoiy kompleks) bilan birga 2011-yilda UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Qurilishi
Salimiya masjidi Usmonlilar imperiyasi harbiy va madaniy jihatdan eng yuqori choʻqqiga chiqqan paytda bunyod etilgan. Sulton Sulaymon I ning oʻgʻli va vorisi Sulton Salim II oʻzining sultonlik masjidini qurdirish uchun Istanbul shahriga (Usmonlilar poytaxti) oʻrniga Edirne shahrini tanlagan. Ushbu qarorning sabablari hanuzgacha tarixchilar oʻrtasida munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda. Salim II 1548–1550-yillarda hokimlik qilgan vaqtlarida, hatto sulton boʻlganidan keyin ham shaharga tez-tez tashrif buyurgan. Sobiq Usmonlilar poytaxti boʻlgan Edirne shahri ham imperiyaning eng muhim shaharlaridan biri boʻlib, Istanbul va Bolqon viloyatlari oʻrtasidagi imperator magistralining asosiy toʻxtash joyi edi. Boshqa manbalarga koʻra, Istanbulda imperator masjidini qurish uchun boshqa taniqli tepalik joylari yoʻqligi sabab ham masjid bu yerda qurilmagan boʻlishi mumkin. Masjid foydalanishga topshirilayotgan vaqtda Salim II oʻsha davrda islom ulamolari Istanbulda Sulton masjidi qurilishining zaruriy sharti deb hisoblangan zafarli harbiy yurishga boshchilik qilmaganligi ham binoning Istanbulda qurilmaganligining sabablaridan biridir.
1568-yilning mart oyida Selim II meʼmor Xoʻja Sinondan shahardagi Eski masjidni taʼmirlashni soʻraydi. Eski masjid tepasida joylashgan yangi imperator masjidining qurilish rejalari ham xuddi shu davrda boshlangan boʻlishi mumkin. Masjid qurilishi 1568 yoki 1569-yilda (hijriy 976) boshlanib, 1574 yoki 1575-yilda (hijriy 982) yakunlangan. Masjidning qurilishi va uning vaqfi (xayriya vaqfi) 1571-yilda Famagustaning taslim boʻlishi bilan yakunlangan Kiprni muvaffaqiyatli bosib olishdan olingan oʻljalarning sulton ulushi hisobidan moliyalashtirilgan. Salim II 1574-yilning dekabr oyida, masjidning toʻliq qurib bitkazilganini koʻra olmay vafot etgan.
Keyingi tafsilotlari
Chaqmoq chaqishi natijasida ozgina shikastlanganidan keyin 1584-yilda masjid meʼmor Sinon tomonidan birinchi taʼmirdan oʻtkazilgan. Shuningdek, 1752-yilgi zilzila ham masjidga kichik zarar keltirgan. 1808-yilda masjiddagi xattotlik bezaklarining bir qismi qayta tiklangan, hovli favvorasi ustida tom qurilgan, ammo keyinchalik masjid tomi yoʻq boʻlib ketgan. Abdulmajid I davrida (1839–1861) masjidning ichki qismi avvalgi bezaklarga qisman taqlid qilingan uslubda yangidan suvoqlangan, shuningdek, bir qancha bezaklari qayta tiklangan.
1865-yilda bahoiylik dinining asoschisi Bahoulloh oilasi bilan Usmonlilar imperiyasi asiri sifatida Edirnega keltirilgan, u Salimiya masjidi yaqinidagi uyda istiqomat qilgan va 1868-yilgacha bu yerga tez-tez tashrif buyurgan. Aynan Salimiya masjidida Bahoulloh Mírzá Yaḥyá Núrí (subh-i-Azal nomi bilan ham mashhur) bilan ochiq munozara qilishi kerak edi, bu esa Bahoulloh va Mírzá Yaḥyá rahbarligidagi Azali Bobi dinini shakllantirishda bobiylik dini boʻlinishining muhim sabablaridan biri boʻlgan.
1877–1878-yillarda boʻlib oʻtgan Rossiya–Turkiya urushi davrida sulton lojasi devoridagi bezak koshinlarining bir qismi talon-taroj qilinib, Moskvaga olib ketilgan. 1913-yilda shaharni qamal qilish paytida masjid gumbazi artilleriya oʻqlaridan shikastlangan. Mustafa Kemal Atatürkning buyrugʻi bilan kelajak avlodlarga eslatma va ogohlantirish sifatida masjidga keltirilgan zararning izlari qayta tiklanilmagan. Oradan koʻp oʻtmay, Ikkinchi Bolqon urushi oxirida, masjidning eng qadimgi gilamlari chekinayotgan bolgar qoʻshinlari tomonidan oʻgʻirlangan.
1954–1971-yillarda, shuningdek, 1982–1984-yillarda ham binoning baʼzi qismlari restavratsiya qilingan. 1982–1995-yillardagi 10 000 liralik turk pullarining orqa tomoniga Salimiya masjidi tasviri tushirilgan. 2021-yil oxirida masjidda yana bir keng qamrovli restavratsiya loyihasi boshlanib, uni 2025-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Masjid
Salimiya masjidi meʼmor Xoʻja Sinonning eng yaxshi asari sifatida eʼtirof etiladi, shuningdek, meʼmorning oʻzi ham masjidni oʻzining eng yaxshi loyihasi deb hisoblagan. Masjidning asosiy binosi ikkita teng qismdan iborat: toʻrtburchak shakldagi hovli va namozxona, har birining oʻlchami taxminan 60x44 m (197x144ft).
Hovli
Masjid hovlisi asosiy gumbazning tashqi koʻrinishida dramatik yondashuvni shakllantirishga yordam beradi. Hovlining shimoli-gʻarbiy tomonidagi markaziy tashqi darvoza sodda koʻrinishda qurilgan boʻlib, anʼanaviy muqarnas bezaklari bilan ishlov berilgan shiypon oʻrniga oddiy dumaloq peshtoqdan foydalanilgan. Ichkari hovli ark va gumbazlardan iborat toʻrtta ayvon bilan oʻralgan. Namozxonaga kirish eshigi oldidagi ayvon masjid balanligiga mos kelishi uchun boshqa uchta ayvonlarga nisbatan balandroq qurilgan. Ushbu ayvon uchta keng va ikkita kichik peshtoqlardan iborat boʻlib, meʼmor Sinon tomonidan oldinroq loyihalashtirilgan Sulaymoniya masjidi ayvonidan katta farq qiladi. Ushbu peshtoqlarning ustki jabhalari Qurʼondan iqtiboslar keltirilgan marmar doira bilan bezatilgan. Kirish portalining ikki tomonida joylashgan ikkita derazaga muqarnasli bezaklar bilan, hovli atrofidagi katta pastki derazalarga esa lunettalar (yarim oy shaklidagi dekorativ bezaklar) bilan ishlov berilgan. Namozxona tarafdagi derazalarning lunettalari kalligrafiyali Iznik koshinlari bilan bezatilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid, historic building
- Qurilgan
- 1575-yil
- Ochilgan
- 1574-yil
- Muhim voqea
- start of construction, qurilish
- Me’mor
- Xoʻja sinon
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture
- Material
- dimension stone
- Balandligi
- 71 m
- Maydoni
- 2,5 gektar, 37,5 gektar
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
- Nomi kimdan/nimadan
- Salim II
- Meros maqomi
- Jahon merosi
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Salimiya masjidi (Edirne) (uz.wikipedia.org), 4-iyul, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.



%252001.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)
