Shayx Muhammad masjidi

Rəcəb Yaxşı · CC BY-SA 4.0

Asif Masimov · CC BY-SA 4.0

Asif Masimov · CC BY-SA 4.0

Shayx Muhammad masjidi (ozarbayjoncha: Şeyx Məhəmməd Məscidi) – masjid, hozirda tarixiy meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi, Ozarbayjonning Ismoyilli tumanidagi Basqal davlat tarixiy-madaniy qoʻriqxonasi hududida joylashgan. 1531-yilda qurib bitkazilgan boʻlib, keyinchalik qisman restavratsiya qilingan.

Tavsifi

Shayx Muhammad masjidi 1531-yilda soʻfiy Dervish Aliyning oʻgʻli Pir Muhammadning buyrugʻi bilan bunyod etilgan. Masjid Basqal hududidagi Kələküçə mahallasida joylashgan. Masjid hovlisida madrasa faoliyat yuritgan.

Sovet bosqinidan soʻng, 1928-yilda Ozarbayjonda dinga qarshi rasmiy harakat boshlangan. Oʻsha yilning dekabr oyida Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi koʻplab masjidlar, cherkovlar va sinagogalarni maʼrifiy maqsadlarda klublar ixtiyoriga oʻtkazgan. 1917-yilda Ozarbayjonda 3000 ta masjid mavjud boʻlgan boʻlsa, 1927-yilda bu koʻrsatkich 1700 ta, 1928-yilda 1369 ta, 1933-yilda esa atigi 17 tani tashkil qilgan.

Ushbu davrda Shayx Muhammad masjidi ibodat uchun yopilgan. Masjid hovlisidagi 20 ga yaqin tosh bitiklar yoʻq qilingan, qoʻsh minoralar esa buzib tashlangan. Masjid binosi klub sifatida foydalanilgan. 1975-yilda elektr tarmogʻidagi qisqa tutashuv oqibatida yuzaga kelgan yongʻin sababli bino butunlay vayron boʻlgan.

1980-yillarda mahalliy aholi tomonidan masjidni qayta tiklash ishlari olib borilgan. Ushbu ishlar davomida masjid yoniga ekilgan Pir Chinor haqida bitik topilgan. Bitikda Pir Chinor 1568-yilda Shayx Safayi tomonidan ekilgani qayd etilgan. 1989-yilda masjid joylashgan hududni oʻz ichiga olgan holda Basqal davlat tarixiy-madaniy qoʻriqxonasi tashkil etilgan.

Arxeologik qazishmalar

2019-yilda Ozarbayjon Respublikasi Davlat turizm agentligining murojaatiga binoan, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Arxeologiya va etnografiya instituti ekspeditsiyasi professor, doktor Qafar Cəbiyev rahbarligida Shayx Muhammad masjidining ichki qismi va hovlisida arxeologik tadqiqotlar olib borgan. Sobiq masjid ichidan Shirvonshohlar davri islom arxitekturasi uslubida qurilgan, kvadrat shakldagi kichikroq masjid qoldiqlari aniqlangan. Qazishmalar jarayonida bir nechta bitiklar ham topilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid
Qurilgan
1531-yil

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 40.756124, 48.389893Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Shayx Muhammad masjidi (uz.wikipedia.org), 16-dekabr, 2025 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.