Sulton Boyazid II majmuasi

Filanca · Public domain

CeeGee · CC BY-SA 4.0

Ggia · CC BY-SA 4.0

Sulton Boyazid II majmuasi (turkcha: Sultan II Bayezid Külliyesi) – Turkiyaning Edirne shahrida joylashgan külliye (diniy-ijtimoiy inshootlar majmuasi). 1488-yilda sulton Boyazid II (h. 1481–1512) uchun Usmoniylar imperiyasi meʼmori Meʼmor Hayruddin tomonidan qurilgan.

Majmua tarkibida bir Dar ash-Shifo (darüşşifa – shifoxona, tibbiyot markazi) mavjud boʻlib, 1488-yildan 1877–1878-yillarda boʻlib oʻtgan Rus-turk urushigacha toʻrt asr davomida faoliyat yuritgan. Ayniqsa, ruhiy xastaliklarni davolashda qoʻllanilgan usullari, jumladan, musiqa, suv shildirashi va xushboʻy hidlar bilan muolaja qilish amallari bilan mashhur boʻlgan.

Tarixiy darüşşifa 1993-yilda Edirnedagi Trakya universiteti tarkibiga qoʻshilgan. 1997-yilda tibbiyot tarixi va sogʻliqni saqlash masalalariga bagʻishlangan Sulton Boyazid II sogʻliqni saqlash muzeyiga aylantirilgan. Majmua 2016-yilda Turkiyaning UNESCO Butunjahon merosi yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.

Masjid

Majmua ichida masjid markaziy oʻrinni egallaydi. Ichki muqaddas qismida na yoylar, na ustunlar mavjud boʻlib, masjid poli turli turk gilamlari, „Onadoʻli gilamlari“ deb ataluvchi gilamlar bilan qoplangan. Oʻlchamlari 20.58×20.60 metr, kvadrat shaklida. Masjid gumbazining balandligi 19.34 metrni tashkil etadi. Minbarni bezashda tosh oʻymakorligidan foydalanilgan. Masjidning ikkita minorasi mavjud boʻlib, ularning har biri 1 ta balkonga ega, 149 pogʻonadan iborat. Ularning har ikkisining balandligi 38.50 metrdan. Masjid ichidagi yoysimon derazalar qatori esa tashqaridan tushayotgan nurning ichkarida ibodat qilayotgan kishilar yuziga tushishiga imkon bergan.

Shifoxona

Darüşşifa masjidning oʻng tomonida joylashgan boʻlib, 3 boʻlimdan iborat. Birinchi hovlida 6 ta ambulatoriya xonasi, xizmat koʻrsatish xonalari yaʼni oshxona, kir yuvish xonasi, dorixona mavjud. Ikkinchi hovlida esa yuqori martabali xodimlar oʻz vazifalarini bajaradigan 4 xona joylashgan. Shifoxona (şifa-hane) bemorlar yotqiziladigan boʻlim boʻlib, jami 10 ta xonadan iborat, ularning 6 tasi qish mavsumi, 4 tasi yoz mavsumi uchun moʻljallangan. Bu boʻlimda musiqiy chiqishlar amalga oshiriladigan sahna ham boʻlgan. Musiqa va favvora suvining tovushi ruhiy xastalikka chalingan bemorlarni davolash uchun terapevtik vosita sifatida qoʻllanilgan.

Tibbiyot maktabi

Majmuada, shuningdek, tibbiyot maktabi ham boʻlgan. Bu maktabda yuqori maosh oluvchi olimlar faoliyat olib borgani sababli Usmoniylar imperiyasidagi eng nufuzli 60 madrasadan biri sifatida tanilgan.

Tibbiyot maktabi uch tomoni talabalar xonalari va darsxona bilan oʻralgan hovli shaklida boʻlib, markazida bir shodirvon joylashgan. Maktabning birinchi mudarrisi Shayx Lutfullohzoda Bahaüddin boʻlgani aytiladi. Mashhur usmoniy sayyohi Avliyo Chalabiy (1611 – 1682-yildan keyin) oʻz asarida maktab talabalari yetuk tabiblar boʻlib, ular qadimgi yunon faylasuflari, olimlari va tabiblari, jumladan, Aflotun (Platon), Sokrat, Filipp Opuntskiy, Aristotel, Galen va Pifagor asarlarini oʻrganib, ular ustida munozara qilganini yozadi. Har bir tabib turli yoʻnalish boʻyicha mutaxassis boʻlib, tibbiyotga oid ilmiy adabiyotlarni oʻrganish orqali eng yaxshi davolash usulini topishga harakat qilgan. Maktabning qoʻlyozma kitoblari hozirda Selimiya masjidining qoʻlyozmalar kutubxonasida saqlanadi.

Avliyo Chalabiy tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, xodimlar va talabalar quyidagicha kunlik maosh olgan:

Mudarris (1): 60 aqcha (bayram kunlari ham qoʻshilgan)

Yordamchi (1): 7 aqcha

Kutubxonachi (1): 2 aqcha

Xizmatchilar (2): 2 aqcha

Talabalar (18): 2 aqcha va barcha ehtiyojlari taʼminlangan.

Hammom

Bugungi kunda bu inshoot vayron holatga kelgan, inshootning asl poydevori koʻrinmaydi. Meʼmoriy jihatdan inshoot ikki boʻlimli hammom shaklida bunyod etilgan boʻlib, undan tushgan daromad majmua xarajatlarini qoplashga xizmat qilgan.

Imorat

Majmuaning bir qismi oshxona yoki imaret sifatida foydalanilgan boʻlib, u yerda kuniga ikki mahal ovqat berilgan. Bu imorat „Yangi Imorat“ (Yeni İmaret) deb ham ataladi, chunki u Edirnedagi 8 imoratning eng oxirgisi boʻlgan. Majmua xodimlari va kambagʻallar bu yerda bepul ovqatlangan.

Qisqa ma’lumot

Turi
kulliya, Masjid
Qurilgan
1480-yillar
Me’mor
Mimar Hayruddin
Me’moriy uslub
Islom arxitekturasi, Ottoman architecture
Meros maqomi
Tentative World Heritage Site

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.685861, 26.544106Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Sulton Boyazid II majmuasi (uz.wikipedia.org), 27-noyabr, 2025 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.