Yeraltı masjidi
Yeraltı masjidi (turkcha: Yeraltı Camii) – Turkiyaning Istanbul shahri, Beyoğlu tumani, Karaköy hududida joylashgan masjid. Namozxona va masjidning boshqa asosiy qismlari yer ostida joylashganligi bois unga shunday nom berilgan.
Masjid Kurşunlu Mahzen nomi bilan ham tanilgan, chunki bu joyda asir olingan Umaviy jangchilariga tegishli ashyolar eritilgan qoʻrgʻoshin bilan muhrlangan holda saqlangan.
Tarixi
Masjid dastlab Vizantiya imperiyasi qalʼasining yertoʻlasi boʻlgan. 1453-yilda Konstantinopol bosib olingandan soʻng bu yertoʻla oʻq-dorilarni saqlash joyi, shuningdek, suv ombori sifatida foydalanilgan. Keyinchalik Usmoniylar davlati vaziri Köse Bahir Mustafo posho 1753-yilda yertoʻlani masjidga aylantirgan. Naqshbandiya tariqati darveshining iltimosiga koʻra, oʻsha yili uch nafar muqaddas kishilar uchun yodgorlik kenotaflari ham masjid tarkibidan oʻrin olgan.
1754-yilgi Istanbulda sodir boʻlgan zilzila masjid binosini vayron qilgan va shu sababli Usmoniylar sultoni Mahmud I uni qayta qurishni buyurgan. Shunday qilib, masjid 1756-yilda qurib bitkazilgan. Keyinchalik masjid hududida minora ham qayta qurilgan, ammo bugungi kunda bu minora mavjud emas.
Qabrlar
Masjidning birinchi qavati ostidagi ikkita xonada qabrlar joylashgan. Bu qabrlar ikki sahoba va bir taba tobeinga tegishli. Sahobalarning qabrlari bir xonada joylashgan. Ushbu qabrlar 1753-yilda naqshbandiya tariqati darveshining tushida bu yerda qabrlar borligi vahiy qilinganligini daʼvo qilganidan keyin qoʻshilgan.
Amr ibn al-Os va Vahb ibn Husayra qabri
Masjid hududiga Karaköydan kirilganda shu xonani koʻrish mumkin. U yerda Amr ibn al-Os va Vahb ibn Husayra ismli yana bir sahobaning ikkita yogʻoch kenotafi bor. Sahoba Amr ibn al-Osning Misrda vafot etgani maʼlum boʻlsa-da, Vahb ibn Husayra ismli kishi haqida hech bir manbada maʼlumot keltirilmagan. Mahalliy urf-odatlarga koʻra, bu sahobalar Konstantinopolga bostirib kirishga urinish paytida qoʻlga olingan va qiynoqqa solingan. Bu ikki sahobaning kenotaflari shisha derazalar bilan qoplangan temir panjara bilan oʻralgan.
Sufyon ibn Uyaynaning qabri
Sufyon ibn Uyayna taba tobeinning koʻzga koʻringan aʼzosi va salaflardan biri boʻlgan. Uning kenotafi qoʻyilgan xona masjidning oʻrtasida joylashgan boʻlib, u yerga kichik eshik orqali kirish mumkin. Mahalliy urf-odatlarga koʻra, Sufyon Maslama ibn Abdulmalik qoʻl ostida jang qilgan, jangda asirga olinib, qiynoqqa solingan. Shuningdek, Sufyon ibn Uyayna Saudiya Arabistonining Makka shahrida vafot etgani ham maʼlum.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid, historic building
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Yeraltı masjidi (uz.wikipedia.org), 5-iyul, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.

.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)



