Aziziye masjidi (Konya)
Aziziye masjidi (turkcha: Aziziye Camii) – Turkiyaning Konya shahridagi Usmoniylar masjidi. Ustunli balkonga ega boʻlgan minorasi bilan mashhur boʻlib, bunday uslub turk masjidlarida kamdan-kam uchraydigan meʼmoriy xususiyatlardan hisoblanadi.
Tarixi
Asl masjid 1671–1676-yillar oraligʻida Sulton Mehmet IV ning qizi Hatice Sultonning eri Damat Mustafo posho tomonidan qurdirilgan. Ammo 1867-yilda yongʻin natijasida vayron boʻlgach, 1874-yilda Sulton Abdulazizning onasi Pertevniyal Sulton tomonidan qayta foydalanishga topshirilgan (Aziziye ismi Abdulazizga ishora qiladi).
Meʼmorchiligi
Masjid XIX asr oʻrtalarida Balyan meʼmorlari sulolasi davrida hukm surgan Usmoniylar meʼmorchiligining eklektik uslubida qurilgan boʻlib, ampir va neoklassik meʼmorchilik shakllarni anʼanaviy Usmoniylar masjidi dizayni bilan uygʻunlashtirgan. Minoralarining soni – ikkita. Har bir minorada şerefe (balkon) tomi ustunlar bilan mustahkamlangan va shu xususiyati bilan Turkiyadagi masjidlar orasida ajralib turadi. Boshqa masjidlardan farqli oʻlaroq, uning asosiy qavati baland qilib qurilgan boʻlib, u yerga chiqish uchun zinapoyalardan foydalaniladi. Bundan tashqari, masjid maydoni keng emas, hovlisi ham yoʻq. Xuddi shu sababdan ham shodirvonlar minoralarga yondosh qilib qurilgan. Namozxona toʻrtburchak shaklda, shifti katta gumbaz bilan qoplangan. Tashqi qismidagi uchta kichikroq gumbazlarni oltita marmar ustunlar koʻtarib turadi. Masjidning yana bir oʻziga xos jihati uning derazalari eshiklardan kengroqligidir.
Asosiy qurilish materiali – kesilgan tosh. Mehrob va minbar qurilishida zangori marmardan foydalanilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- 1874-yil
- Me’moriy uslub
- Ottoman architecture, baroque architecture
- Joylashgan hudud
- Markaziy Anadolu mintaqasi
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Aziziye masjidi (Konya) (uz.wikipedia.org), 5-avgust, 2025 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.



%2520-%2520panoramio.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)
