Eyüp Sulton masjidi

User:Darwinek · CC BY-SA 3.0

Dosseman · CC BY-SA 4.0

Dosseman · CC BY-SA 4.0

Eyüp Sulton masjidi (turkcha: Eyüp Sultan Camii) – Istanbul shahri, Eyüp tumani, Oltin Shox hududi yaqinida joylashgan masjid. Bino hududida Islom dini soʻnggi paygʻambari Muhammadning bayroqdori, sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy dafn etilgan maqbara mavjud boʻlib, XIX asrning boshlarida bunyod etilgan.

Masjid oʻz davrida eng muqaddas inshootlardan biri boʻlganligi sababli Usmonlilar imperiyasi hukmdorlariga toj kiydirish marosimlari aynan shu yerda oʻtkazilgan. Bugungi kunga kelib, yodgorlik mashhur ziyoratgoh boʻlib xizmat qilmoqda.

Tarixi

Masjid paygʻambar Muhammadning ishonchli doʻsti, sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy (turkcha Eyüp Sulton) sharafiga nomlangan. Abu Ayyub 670-yillarda mamlakatning arablar tomonidan ilk bor qamal qilinishi chogʻida vafot etgan.

Masjid 1453-yilda Konstantinopol bosib olinganidan atigi besh yil oʻtib, 1458-yilda Usmonlilar imperiyasi sultoni Mehmed II Fotih tomonidan bunyod etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Mehmed II Fotihning ushbu masjidni qurdirishiga ustozi Akşemseddinning Abu Ayyub al-Ansoriy dafn etilgan joyda yodgorlik masjidi qurishni orzu qilgani turtki boʻlgan. 1458-yilda ushbu hududdan al-Ansoriy qabri topilganda, uning yonida masjid barpo etilgan.

XVIII asr boshlarida Sulton Ahmad III masjidning ikkita minorasini hozirgi koʻrinishga keltirgan. XVIII asrning oxiriga kelib, masjid turli xil ofatlar, katta ehtimol bilan oʻsha vaqtdagi zilzilalar natijasida vayronaga aylangan. 1798-yilda sulton Salim III masjid minoralaridan tboshqa barcha binolarini buzib, qayta qurishni buyurgan. Qurilish ishlari 1800-yilda yakunlangan. Masjidning sharqiy qismida joylashgan minora 1822-yilda Mahmud II tomonidan ilk bora yaratilgan koʻrinishiga keltirilgan.

Diniy ahamiyati

Paygʻambarning sodiq doʻsti va sahobalaridan biri sifatida Abu Ayyub al-Ansoriy musulmonlar tomonidan juda qattiq hurmat qilinadi, shu sababdan uning maqbarasi joylashgan hudud alohida ahamiyatga egadir. Maqbara hovlining shimoliy tomonida, masjidning namoz oʻqish xonasiga asosiy kirish eshigi roʻparasida joylashgan. Masjid, shuningdek, Islom diniga eʼtiqod qiluvchi barcha musulmonlar uchun juda qadrli inshoot sanaladi, chunki unda paygʻambarga tegishli deb hisoblanuvchi bir qancha yodgorliklar saqlanadi.

Masjidning musulmon olamida juda katta ahamiyat kasb etishining yana bir muhim sabablaridan biri koʻplab Usmonlilar imperiyasi amaldorlari va qirollik oila aʼzolarining aynan ushbu hududga yaqin joyda dafn qilinganligidir. Ular orasida Sulton Sulaymon I va Salim II davrida xizmat qilgan Usmonlilar bosh vaziri Sokollu Mehmet Posho, shuningdek, XVI asrda yashagan yana bir vazir Siyovush Posho, XVI asrda Usmonlilar uchun Kiprni bosib olishda katta hissa qoʻshgan Lala Mustafo Posho ham bor. Ushbu tarixiy shaxslarning qabrlari, ayollardan Adile Sulton va Mehrishoh Valide Sultonlarning qabrlari ham masjidga yaqin hududda joylashgan. Masjidning tashqarisida 1918-yilda meʼmor Kamoliddin Bey tomonidan loyihalashtirilgan Sulton Mehmed V maqbarasi, binoning orqa tomonida, Oltin Shoh hududiga kiruvchi tepalikda Eyüp qabristoni joylashgan.

Bugungi kunda masjidda xatna marosimlarini ham oʻtkazish mumkin. Kambagʻal oila farzandlari uchun masjid maʼmuriyati ushbu marosimlarni oʻtkazib berishni yoʻlga qoʻygan (2022-yilgi Covid-19 bilan bogʻliq cheklovlardan keyin qayta tiklangan). Ramazon oyida musulmonlar masjidda iftorlik qilishlari ham mumkin. Eyüp Sulton masjidi, shuningdek, yil davomida mamlakatning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchilar uchun muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi.

Masjid

Olib borilgan bir qancha rekonstruksiya ishlariga qaramay, Eyüp Sulton masjidida XVI asrda Xoʻja Sinon tomonidan qoʻllangan Usmonli meʼmorchiligining klassik uslubi saqlab qolingan. Xususan, Azapkapi mahallasida joylashgan, meʼmor Xoʻja Sinon tomonidan yaratilgan Sokollu Mehmed Posho masjidi bilan solishtirganda, masjid bezaklarining katta qismi zamonaviy Usmonli meʼmorchiligining barokko uslubida yaratilganligi, masjid ustunlariga oʻyib ishlangan turli naqshlar, barglar va Usmonli kalligrafik yozuvlari bilan ajralib turadi. Masjid ustunlari oddiy uslubda qurilgan boʻlib, ioni orderiga oʻxshash kapitellarga ega. Bundan tashqari, darvozalar, mehrob va minbarga ishlangan toʻlqinli bezaklar Usmonli meʼmorchiligining barokko uslubi qoʻllangan eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi. Eyüp Sulton masjidi, asosan, oq toshdan qurilgan, baʼzi ustunlari jez bilan bogʻlangan oq marmardan ishlangan boʻlsa, baʼzi bezaklariga oltin yugurtirilgan. Eyüp Sulton masjidida, shuningdek, eski uslubda qurilgan ikkita minora ham mavjud.

Tartibsiz usulda qurilgan katta tashqi hovli toʻrtburchak shaklda qurilgan ichki hovliga olib boradi. Tashqi hovlining janub tomoni boʻylab koʻtarilib boruvchi yopiq yoʻlak dastlab sultonning masjidga va namozxona ichidagi lojasiga (xususiy balkon) shaxsiy kirish eshigi boʻlib xizmat qilgan. Tashqi hovlida shodirvon (tahorat olish uchun favvora) ham joylashgan. Ichki hovlining bir tomonidan masjidga, ikkinchi tomonidan Abu Ayyub al-Ansoriy ziyoratgohiga kirish mumkin. Ichkari hovlida qadimgi chinor daraxti mavjud. Masjidga kirish qismidan biroz oldinroqda esa ark va gumbazlardan iborat ayvonni koʻrish mumkin.

Maqbara

Abu Ayyub al-Ansoriy maqbarasi masjid ichki hovlisining shimoli-gʻarbiy tomonida joylashgan. Kirish eshigi oldidan hovlining bogʻ maydonchasi boʻylab choʻzilgan ayvon joylashgan. Ichkarida gumbaz bilan qoplangan, anʼanaviy sakkiz burchakli shaklga ega qabr xonasi, undan ham oldin vestibyul kamerasi joylashgan. Sarkofag barokko uslubidagi kumush ekran bilan oʻralgan boʻlib, kalligrafik yozuvlar va boshqa turli bezaklar bilan ishlov berilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Masjid, historic building
Qurilgan
1458-yil
Me’moriy uslub
Ottoman architecture
Joylashgan hudud
Marmara Region
Nomi kimdan/nimadan
Abu Ayyub al-Ansoriy

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 41.047947, 28.933786Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Eyüp Sulton masjidi (uz.wikipedia.org), 8-may, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.