Juma masjidi (Balakən)
Juma masjidi (ozarbayjoncha: Balakən Cümə Məscidi; arabcha: مسجد الجمعة (بالاكن)), shuningdek, Minorali masjid nomi bilan ham tanilgan, Ozarbayjonning Balakən shahrida joylashgan masjid va tarixiy-meʼmoriy yodgorlik. Masjid qurilishi 1867-yilda boshlangan va 1877-yilda yakunlangan.
2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qaroriga muvofiq masjid milliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
Balakən Juma masjidi Balakən shahridagi Mahammad Asadov koʻchasida joylashgan. Masjid devoridagi yozuvga koʻra, uning qurilishi 1867-yilda boshlangan va 1877-yilda yakunlangan. Yodgorlikning shimoli-gʻarbiy fasadida arab tilida yozilgan toʻrtta kitaba joylashtirilgan. Ushbu kitabalarda masjid qurilishini boshlab bergan shaxslar, qurilish sanasi, binoni barpo etgan usta hamda qurilish uchun yer hadya qilgan shaxs haqida maʼlumotlar keltirilgan.
Masjidga kirish qismining yuqori chap burchagida nomi bitilgan Qozi Mahammad Dabir XIX asrda mintaqada mashhur boʻlgan diniy arbob boʻlgan. Shuningdek, nomi tilga olingan Usta Umar Ilisulu ham oʻz davrining taniqli hunarmandi boʻlib, Buyuk koʻprik va boshqa tarixiy yodgorliklar qurilishida ham ishtirok etgan.
Ozarbayjonda Sovet istilosidan soʻng 1928-yildan boshlab dinga qarshi rasmiy harakat boshlandi. Oʻsha yilning dekabr oyida Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi koʻplab masjid, cherkov va sinagogalarni maʼrifiy maqsadlarda klublar ixtiyoriga topshirdi. 1917-yilda Ozarbayjonda 3000 ta masjid mavjud boʻlgan boʻlsa, 1927-yilda ularning soni 1700 ta, 1928-yilda 1369 ta, 1933-yilda esa atigi 17 tani tashkil qilgan. Shu davrda Balakən Juma masjidi ham yopilib, undan omborxona sifatida foydalanilgan. 1947-yildan esa masjiddan yana diniy maqsadda foydalanilgan. 1955, 1980 va 1996-yillarda Juma masjidi taʼmirlangan.
Ozarbayjon mustaqillikka erishgach, masjid 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan milliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Kitabalar
Masjidning kirish qismi oʻng tomonda joylashgan toshga suls yozuvida bitilgan ikkinchi kitabada quyidagilar yozilgan:
Hijriy taqvimning XIII asrida Balakən xalqining barcha qatlamlari, jumladan, oliy martabali kishilar ham bir fikrga kelib, barchaning e’tiborini tortadigan go‘zal va ko‘rkam Juma masjidini barpo etishga qaror qildilar.
Masjidga kirish qismiining yuqori chap burchagidagi toʻrtburchak lavhada quyidagi soʻzlar bitilgan:
Ulug‘ Allohning yordami bilan xalqning orzulari amalga oshdi va bu uy Payg‘ambar nuri bilan munavvar bo‘lib, barcha musulmonlarni o‘ziga jalb etdi. Qozi Mahammad Dabir va bunyodkor usta Umar Ilisulu Alloh rizosi uchun barchani masjidni keyingi ta’mirlash ishlarida faol bo‘lishga da’vat etdilar.
Ramka chetlarida suls yozuvida bitilgan quyidagi yozuv mavjud:
Alloh gunohkorni mag‘firat qilsin; masjid, uning hujralari va boshqa inshootlar uchun zarur bo‘lgan yer Lekiy bin Halloj Muhammad tomonidan vaqf qilingan.
Meʼmorchiligi
Masjid binosi daryo toshlaridan, minorasi esa pishiq gʻishtdan qurilgan. Qurilish jarayonida ohak va tuxum sarigʻi qorishmasidan foydalanilgan. Masjidning ichki va tashqi rejalari toʻrtburchak shaklda boʻlib, umumiy maydoni 1,025 m2 (11,030 kv ft)ni tashkil etadi. Balandligi 44 m (144 ft) boʻlgan minora asosiy binodan alohida qurilgan. Minora sakkiz qirrali shaklda boʻlib, oʻsimlik shaklidagi naqshlar bilan bezatilgan. Yuqoriga koʻtarilgani sari torayib borishi esa uni tabiiy taʼsirlarga yanada bardoshli qiladi.
Hovli maydoni 3,000 m2 (32,000 kv ft) boʻlib, ichki qismi 40 x 23 m oʻlchamga ega. Pol bilan shift orasidagi balandlik 8 m (26 ft)ni tashkil etadi. Kirish eshiklari oldida 6 ta ustun va 7 ta ravoqdan iborat ayvon mavjud. Namozxona 12 ta ustun, 26 ta ravoq va 16 ta derazadan iborat. Ustunlar pishiq gʻishtdan ishlangan. Masjidda 3 ta kirish eshigi mavjud boʻlib, har birining yuqorisiga kitabalar oʻyib yozilgan. Masjidning minbari yogʻochdan yasalgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- 1867-yil
- Me’moriy uslub
- Ozarbayjon arxitekturasi
- Meros maqomi
- cultural heritage monument in Azerbaijan
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Juma masjidi (Balakən) (uz.wikipedia.org), 15-dekabr, 2025 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.
.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)
.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)

