Xoʻja Doniyor maqbarasi

Alexandronikos · Public domain

Bobyrr · CC BY-SA 4.0

Alexandronikos · Public domain

Xoja doniyor maqbarasi — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (XX asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qoʻrgʻonining kunchiqar tomonida, Siyob arigʻi yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Choʻziq (15 m ga yaqin) toʻrtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtogʻi (shim. tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, koʻzasimon kursili guldastalari ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida choʻzinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning "Samariya" asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Kusam ibn Abbosning safdoshlaridan boʻlgan.

Tarixi

Xoʻja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng moʻtabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Xoʻja Doniyor maqbarasini uch din — islom, xristianlik va iudaizm vakillari bir xil darajada aziz va tabarruk deb ziyorat qiladilar. Doniyor, Daniil, Daniel — bu musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi bitta aziz avliyoning nomidir.

Injilda talqin etilishicha, Daniil yahudiy tilidan tarjimasi „Olloh hakam“ maʼnosini bildiradi. Doniyor Iyerusalimda eramizdan avvalgi 603 yilda tugʻilgan boʻlib, shoh Dovud va Sulaymon (Solomon) larning avlodiga mansubdir. Er. avv. 586 yilda Isroil, Bobil shohi Novoxudonosor tomonidan bosib olinganidan soʻng, Doniyor, Bobil (Iroq) ga boshqa zodagonlarning bolalari bilan olib ketiladi. Ular turli xil fanlarni oʻrganishadi. Doniyor eng qobiliyatli yaxudiy yoshlardan hisoblangan. U oʻzining diniy eʼtiqodlari mustahkamligini namoyon qilgan, sharob va may ichishdan, goʻshtli ovqatlardan voz kechib faqat sabzavotlarni isteʼmol qilgan holda diniy qoidalarga rioya qilgan. Shuning uchun uning donishmandligi, dinga taqvodorligi Injilda talqin etilishicha, Ollohning mukofoti deb bayon etiladi. Shoh Novoxudonosorning tushi taʼbirini donishmandlik bilan izohlab bergani uchun uni katta ehsonlar bilan siylaydi va oʻzining yaqin kishilari qatoriga qoʻshadi. Forslar kelishi bilan, shoh Doriy Doniyorni mamlakatni boshqaradigan kishilar qatoriga koʻtardi. Bunday iltifotlar shohga yaqin saroy xodimlarining rashkini keltiradi. Bu kishilar Doniyorga tuhmat uyushtirib, shoh farmoni bilan uni och sherlar chohiga tashlaydilar, lekin hayvonlar unga tegishmaydi ham. Shunda shoh buyrugʻi bilan boʻhtonchilarning oʻzini chuqurlikka tashlashadi va sherlar ularni tilka pora qilishadi.

Afsonaviy avliyo yahudiy asirlarning fors shohi tomonidan ozod etilishigacha boʻlgan davrgacha yashagan, lekin keksayganligi sababli vataniga qayta olmaydi va Suz shahrida hozirgi Mosul (Iroq) shahrida izzat-hurmat bilan koʻmiladi. Shundan avliyoning koʻmilgan joyi toʻgʻrisida tarixchilarning baʼzi chalkashishlari kelib chiqqan. Olimlar oʻrtasida haligacha, qachon va qay tarzda Samarqandda Doniyor paygʻambarning maqbarasi paydo boʻlganligi toʻgʻrisida yagona fikr mavjud emas.

Keng tarqalgan afsonaga muvofiq, buyuk sarkarda Amir Temur oʻzining Kichik Osiyoga (1397-1404) yetti yillik yurishi vaqtida, buyuk sarkarda boʻlishiga qaramay, Suzni zabt eta olmagan. Sohibqiron xudojoʻylardan, shaharni avliyo Daniilning tabarruk xoki asrab keladi deb eshitadi. Shunda Amir Temur qamal qilinganlar bilan ahdlashib, ularning mol-mulkiga tegmaslikka va asirlarni qullikka olib ketmaslikka vaʼda berib, buning evaziga avliyoning bir qism xokini, yaʼni oʻng qoʻlini Samarqandga olib ketishni, toki saltanatini har xil ofatlardan saqlasin deb taklif etadi.

Avliyo Samarqandga koʻmilganidan soʻng qabrning bosh tarafidan buloq otilib chiqadi va shahar aholisi, uning atrofidagilar bu suvni tabarruk deb biladilar va undan foydalanadilar. Lekin bu afsona islom dini udum va qoidalariga zid boʻlib chiqadi, yaʼni oʻtganlarni bezovta qilish mumkin emasdir. Haqiqatga yaqini balki, buyuk sarkarda Samarqandga Suzdan bir qism xoklarini olib kelgan boʻlsa kerak va uning buyrugʻi bilan maqbara harbiy yurishning muvaffaqiyatli gʻalabasi nishonasi sifatida qurilgandir.

Amir Temurning tarjimai holi tadqiqotchilraining yozuvlarida ham bu voqea toʻgʻrisida hech qanday maʼlumotlar yoʻq. Baʼzi tarixchilarning taʼkidlashicha, fors tarixchisi Istahriy Movarounnahrga, Temur tugʻilganidan toʻrt yuz yil oldin kelgan va hazrati Doniyor maqbarasi shaharda oʻsha davrda mavjud ekanligini yozadi.

Baʼzi bir tadqiqodchilarning ishonchli asoslariga koʻra esa, Samarqandga hazrati Doniyorning tabarruk xokini islom dinigacha mavjud boʻlgan yahudiylar diniy jamiyati olib kelgan boʻlib, mahalliy otashparastlar bu dindorlarga hurmatda boʻlib, shahar chetida ibodatxona qurishga ruxsat etganlar. Buning tasdigʻi sifatida maqbaraning atrofidagi madaniy qoldiqlar arxeologlar tomonidan er.av. VII-VI asrlarga tegishli boʻlib, Injilda koʻrsatilganidan Doniyor paygʻambarning yashab oʻtgan davriga toʻgʻri keladi.

Samarqandga paygʻambarning xokini nasroniylar ham olib kelishlari mumkin edi, chunki maʼlumki, Vizantiya hukmdori Zenon davrida, Doniyorning bir qism xoki Konstantinopolga (hozirgi Istambul) koʻchirilgan edi.

Va nihoyat, shunday mulohaza ham borki, maqbarada haqiqatdan ham Doniyorning — Muhammad Paygʻambarning amakisining oʻgʻli Qusam ibn Abbos safdoshining xoki koʻmilgan. Bu haqda Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxoʻja „Samariya“ kitobida shunday yozadi: „Xoʻja Doniyorning qabri Samarqand shahrining chetida, Afrosiyob qoʻrgʻonining shimoliy devori pastida joylashgan. Maqbaraning yaqinidan Siyob daryosi oqadi. Avom bu qabrni Doniyor paygʻambarning qabri deb biladi, lekin uning qabri Mosul viloyatidadir. Aytishlaricha, bu qabr Qusam ibn Abbos safdoshlaridan birining qabridir. Olloh rahmat qilsin! Qabr Zarafshonning toshlari bilan qoplangan. Aytishlaricha, Xoʻja Doniyor juda taqvodor, xudojoʻy boʻlgan. Qabrning bosh tomonida, Siyob arigʻi yaqinidan Xoʻja Doniyor buloq-chashmasi ham bor. Xalq uni tabarruk bilib ichadilar va choʻmiladilar. Uni koʻp kasallar shifosiga sabab deb biladilar. U kishiga tangrining rahmati boʻlsin!.“

Qisqa ma’lumot

Turi
Mavzoley
Qurilgan
1400-yillar
Meros maqomi
object of tangible cultural heritage of Uzbekistan

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 39.673311, 66.994506Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Xoja Doniyor maqbarasi (uz.wikipedia.org), 4-iyul, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.