Shirvonshohlar saroyi

Urek Meniashvili · CC BY-SA 3.0

Bruno Girin · CC BY-SA 2.0

Diego Delso · CC BY-SA 4.0

Shirvonshohlar saroyi yoki Shirvonshohlar saroy majmuasi Bokuda joylashgan Shirvonshohlar davlati hukmdorlarining eski qarorgohi. Majmua saroydan tashqari Devonxona, Shirvonshohlar qabri, Shoh masjidi, Saroy hammomi, ovxona, saroy olimi Sayyid Yahyo Bakuviy qabri va Qayqubod masjidi qoldiqlarini oʻz ichiga oladi.

Saroy majmuasi XIII—XVI asrlarda qurilgan. Ayrim binolar, jumladan, saroy XV asr boshlarida, shirvonshoh Xalilulloh I davrida qurilgan. Usmonlilar imperiyasi Bokuni bosib olgach, saroy hududida uni sharqdan oʻrab turgan saroy devori va Sulton Murod III nomidagi darvoza qurilgan. XIX asrdan beri saroy bir necha bor taʼmirlangan va qayta tiklangan.

Asosiy binolar turli davrlarda qurilganiga qaramay, saroy majmuasi umumiy badiiy taassurot qoldiradi. Majmua meʼmorlari Shirvon-Absheron meʼmorchilik maktabining qadimiy anʼanalariga asoslanishgan. Aniq kubik va koʻp tomonli meʼmoriy yodgorliklarni yaratib, devorlarni boy oʻymakorlik naqshlari bilan bezatganlar, bu esa saroy quruvchilari naqqoshlik sanʼatini yuksak darajada egallaganliklaridan dalolat beradi. Anʼana va badiiy did tufayli har bir meʼmor oʻzidan oldingi meʼmoriy gʻoyani qabul qilgan, uni ijodiy rivojlantirib, boyitgan. Turli davrlarda amalga oshirilgan qurilishlar ham oʻlchovlar birligi, ham asosiy meʼmorchilik shakllari boʻlgan toʻrtburchak binolar, gumbazlar va darvozalarning uygʻunligi hamda mutanosibligi bilan bogʻliq edi.

1964-yilda „Shirvonshohlar saroyi majmuasi“ saroy kompleksi Davlat tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona-muzeyi deb eʼlon qilingan. 2000-yilda noyob meʼmoriy-madaniy majmua Bokuning qal’a devorlari bilan oʻralgan tarixiy qismi — Icherishahar va Qiz qal’asi bilan birga UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. 2001-yilda Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan jahon ahamiyatiga molik meʼmoriy yodgorlik sifatida roʻyxatga olingan. Hozir Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon meʼmorchiligining durdonasi hisoblanadi.

Saroy joylashuvi

Saroy binosi Bokudagi tepalikning yuqorisida, Icheri-sheherda joylashgan. Hozirgi vaqtda qadimiy shahar devorlari bilan oʻralgan. Saroy majmuasi joylashgan hudud kichik, bir gektarga yaqin maydonni egallaydi. Saroy yonida joylashgan binolar bevosita saroy bilan aloqador. Bu binolar saroy bilan birgalikda umumiy majmuadir. Majmua tarkibiga minorali Shoh masjidi, Shirvonshohlar qabri, Devonxona (shimoldan saroyga tutashgan) va Sayyid Yahyo Bakuviy qabri (saroyning janubida joylashgan bu maqbara „Darveshlar maqbarasi“ deb ham ataladi) kiradi. Qabr yonida qadimiy masjid boʻlgan. Hozir faqat uning qoldiqlari mavjud. Saroy majmuasi binolari yonida, shuningdek, saroy hammomi va ovxona mavjud. Ular Shirvonshohlar maqbarasi gʻarbida joylashgan.

Majmua tepada joylashganligi sababli qadimiy shaharda yuqori geografik mavqega ega va uzoqdan koʻrinib turadi. Bokuning oʻrta asrlardagi binolari orasida u arxitekturaning ogʻirligi, qurilish usullari va ulugʻvorligi bilan ajralib turadi. Oʻtmishda saroy minorali devor bilan oʻralgan va shuning uchun Boku qal’asining ichki istehkomi sifatida ishlatilgan. Bugungi kunda bu devordan asar qolmagan boʻlsa-da, faqat XX asrning 20-yillarida saroyning shimoliy-sharqiy qismida minora poydevori va devorning tegishli qismi koʻrindi.

Shirvonshohlar davrida

1192-yilda Shamaxada roʻy bergan zilziladan soʻng Shirvonshoh Axsiton I (1160—1197) oʻz qarorgohini Shamaxadan Bokuga koʻchirgan. XV asrda Boku shahrining iqtisodiy va siyosiy yuksalishi bilan shirvonshoh Xalilulloh I (1417—1465) ham xuddi shunday qadam tashlaydi. Sora Ashurbeylining yozishicha, Shirvonshohlar saroyi qurilishi Xalilulloh I ning otasi shirvonshoh Ibrohim I (1382—1417) davrida boshlangan. 1412-yilda Qoraqoʻyunlilar davlati hukmdori Qora Yusuf (1410—1420) Chalagan jangida Ibrohim I ni asirga olib, saroyda saqlanayotgan tilla va javohirlarni undan talab qilgani haqida maʼlumotlar bor. Shirvonshohlar saroyi tarkibidagi binolarning bir qismi Xalilulloh I davrida qurilgan. Majmua oʻsha paytda sezilarli darajada katta maydonni egallagan. Bu hududda saroy xizmatchilari va xizmatkorlari uchun uylar joylashgan. Badr Shirvoniy Qoraqoʻyunli davlati hukmdori Qora Iskandar (1421—1435) ning Shirvonga bosqinlari payti Bokuda Shirvonshoh saroyida yashagan.

14 asr oxirida qurilgan saroyning markaziy qismi va Qayqubod masjidi majmuaning dastlabki binolaridandir. Shirvonshoh Qayqubod I (1317—1348) katta ehtimol bilan Bokuda yashagan va shu tufayli masjid uning nomi bilan atalgan. Saroy qurilishiga oid hech qanday yozma maʼlumotlar bizning davrimizga qadar saqlanib qolmagan. Shuning uchun uning qurilgan yili saroy majmuasi tarkibidagi meʼmoriy yodgorliklardagi bitiklardagi sanalarga qarab belgilanadi. Bunday ikki yozuv faqat Shirvonshohlar qabri va Shoh masjidi minorasida toʻliq saqlanib qolgan. Ikkala yozuvda ham binolarni qurishga buyruq bergan Xalilulloh I nomi tilga olingan. Qurilish yillari ham qayd etilgan: 839 (1435—1436) qabrda, 845 (1441—1442) Shoh masjidi minorasida.

Maqbara, saroy va masjid bir xil qurilish ashyolardan qurilgan boʻlib, ularning oʻymakorligi va konstruksiyalari ham bir xil. V. N. Leviatov saroy binosi va inshootlari taxminan bir vaqtda paydo qurilgan, saroyning oʻzi ham ulardan sal oldinroq, 15 asrning birinchi oʻn yilliklarida qurilgan, degan xulosaga keladi.

Keyinchalik hammom va ovxona qurilgan. 15 asrning ikkinchi yarmida Sayyid Yahyo Bakuviy qabri, Shirvonshoh Farrux Yosor davrida (1501-yilgacha) gʻarbiy fasadga tutash Devonxona va qoʻshimcha bino qurilgan.

Qisqa ma’lumot

Turi
Saroy
Qurilgan
XV asr
Muhim voqea
list of World Heritage in Danger
Me’moriy uslub
Shirvan-Absheron architectural school
Material
Ohaktoshlar
Maydoni
1 gektar
Tarkibiy qismi
Icheri-sheher, Walled City of Baku with the Shirvanshahs' Palace and Maiden Tower

Faktlar Wikidata’dan olingan.

Yuklanmoqda...
Koordinatalar: 40.366111, 49.833333Google Maps'da ochish

Teglar

Yaqin joylar

Manbalar

Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Shirvonshohlar saroyi (uz.wikipedia.org), 22-iyul, 2026 holatiga ko‘ra

Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.