Katta masjid (Bursa)
Bursa Katta masjidi (turkcha: Bursa Ulu Cami) – Turkiyaning Bursa shahridagi tarixiy masjid. Usmoniylar sultoni Boyazid I tomonidan Nikopol jangidagi buyuk gʻalabani xotirlash maqsadida ushbu masjidni qurish topshirilgan va 1396–1399-yillar oraligʻida barpo qilingan. Masjid qadimgi Usmoniylar meʼmorchiligining asosiy yodgorligi va shaharning eng muhim masjidlaridan biri boʻlib, eski shaharning qoq markazida tarixiy bozorlar bilan bir qatorda joylashgan.
Tarixiy ahamiyati
Katta masjid Usmoniylar imperiyasining birinchi poytaxti Bursa shahridagi eng katta masjid boʻlib, Saljuqiy turk meʼmorchiligidan kelib chiqqan Usmoniylar meʼmorchiligi asosida bunyod etilgan diqqatga sazovor joy hisoblanadi. Sulton Boyazid I buyrugʻi bilan qurilgan ushbu masjid 1396–1399-yillarda meʼmor Ali Neccar tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Boyazid I Usmoniylar saltanatining toʻrtinchi hukmdori boʻlgan. Ushbu masjid qurilganidan koʻp oʻtmay 1402-yilda Anqara jangida Amir Temur (Temurlan)ga qarshi jangda qaqshatqich magʻlubiyatga uchragan. Maʼlumotlarga koʻra oʻsha yili Amir Temur masjidni yoqib yuborgan, keyinchalik Karamanoğulları hukmdori Mehmed Bey 1412-yilda shaharni qamal qilganda yana bir bor uni yondirib yuborgan. Masjiddagi ilk taʼmirlash ishlari 1493-yilda amalga oshirilgan.
Masjid keyinchalik yana bir bor qayta taʼmirlangan. 1855-yilda sodir boʻlgan vayronkor zilziladan soʻng, bino tomi qulab tushgach, masjid bir necha yilga yopib qoʻyilgan. Taʼmirlash ishlari 1889-yilda yakunlangan.
Meʼmorchiligi
Masjid 55x69 metr oʻlchamda, toʻrtburchak shaklda qurilgan yirik bino boʻlib, ichki yuzasi 3165,5 m² ni tashkil etadi. Masjidning 3 ta kirish joyi (shimol, gʻarb va sharq) boʻlib, ulardan shimoliy kirish qismi eng yirik va monumental joy hisoblanadi. Binoning ichki makoni 20 ta gumbaz bilan qoplangan, har biri 5 tadan gumbazga ega 4 ta qatorga boʻlingan, ularni 12 ta ustunlar koʻtarib, mustahkamlab turadi. Masjid bir vaqtning oʻzida 5000 kishini sigʻdira oladi. Sulton Boyazid I 1396-yilda Nikopol jangida gʻalaba sharafiga 20 ta alohida masjid oʻrniga 20 gumbazli bitta yaxlit masjid barpo etgan.
Masjid markazida oʻn sakkiz burchakli suv havzasi boʻlib, uning ustida tahorat olinadigan favvora (shodirvon) qurilgan. Shodirvon XIX asrda hozirgi koʻrinishga keltirilgan. Shodirvonning ustki qismidagi gumbaz kosa shaklida qurilgan boʻlib (bugungi kunda shisha bilan qoplangan boʻlsa ham), osmondan tushadigan yorugʻlik evaziga masjidning ichki qismini yoritishga yordam beradi.
Masjidda ikkita minorasi mavjud. Gʻarbiy minora masjidga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlangan boʻlib, Boyazid I davriga tegishli, sharqiy minora esa masjiddan ajralgan holda qurilgan va shu sababdan masjid bilan bir vaqtda qurilmagan boʻlishi mumkinligini anglatadi.
Masjid devorlariga XIX asrda keng tarqalgan Usmoniylar meʼmorchiligi barokko uslubidagi bezaklar bilan, shuningdek, XVIII asrdan XX asr boshlarigacha mashhur boʻlgan kalligrafik kompozitsiyalar bilan ishlov berilgan. Mehrob 1572-yilda Zeyni Çelebining topshirigʻiga asosan Muhammad ismli hunarmand tomonidan yaratilgan. Mehrobning boʻyalgan va oltin yugurtirilgan bezaklari 1905-yillarda ishlangan.
Mehrob yonidagi yogʻoch minbar anʼanaviy Koʻniya sultonligi meʼmorchilik uslubida kundekari texnikasi yordamida (mix yoki yelimsiz bir-biriga bogʻlangan yogʻoch boʻlaklari) qurilgan. Minbarning sirtlari geometrik naqshlar va islimiy gul naqshlari bilan oʻyilgan. Oʻymakorlik yozuvlariga koʻra, naqshlar 1400-yilda Hoji Mehmed Abdulaziz oʻgʻli ismli hunarmand tomonidan yaratilgan.
1855-yilda zilzila natijasida jiddiy zarar koʻrgan, shu sababli masjid koʻp yillar davomida yopib qoʻyilgan va binoda kapital taʼmirlash hamda rekonstruksiya ishlari olib borilgan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- Masjid
- Qurilgan
- 1396-yil
- Me’mor
- Ali Neccar, Hoji Evaz Posho
- Me’moriy uslub
- Anatolian Seljuk architecture, Ottoman architecture
- Tarkibiy qismi
- Khans Area
- Joylashgan hudud
- Marmara Region
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Katta masjid (Bursa) (uz.wikipedia.org), 20-yanvar, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.





