Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi – Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining yirik ilmiy tekshirish va madaniy-maʼrifiy muassasalaridan biri. 1876-yilda Toshkent muzeyi nomida tashkil etilgan. 1883-yil Turkiston ommaviy kutubxonasi bilan birlashtirildi. Etnografiya, arxeologiya, numizmatika, harbiy tarix boʻlimlari boʻlgan (1903). 1918-yil Turkiston oʻlka xalq muzeyiga, 1922-yildan Turkiston Bosh muzeyiga, 1925-yildan Oʻrta Osiyo Bosh muzeyiga aylantirildi. 1943-yildan Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb nomlangan. 1969—92-yillar Oybek nomidagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb atalgan. 1992-yil 21-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 203-sonli qaroriga muvofiq, bir necha muzeylarni birlashtirish asosida hozirgi nomi bilan qayta tashkil etildi.
Muzey Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, Oʻzbekiston Davlat Tabiat muzeyi singari Markaziy Osiyo va Toshkentdagi eng qadimiy muzey hisoblanadi. U avval Turkiston xalq muzeyi deb nomlangan.
Muzey koʻrgazmasining tavsifi
Muzey koʻrgazmasida Oʻrta Osiyoda oʻtmishda yashab oʻtgan xalqlarning tosh davridan to hozirgi kungacha boʻlgan tarixiy taraqqiyotini kuzatish imkonini beruvchi ashyolar taqdim etilgan.
Muzey Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyo xalqlarining moddiy va maʼnaviy obidalarini saqlash va oʻrganish boʻicha mamlakatda yirik ilmiy tekshirish markazi hisoblanadi. Hozirgi kunda uning zaxirasida 250 mingga yaqin tarixiy, sanʼat va madaniyat yodgorliklaridan iborat osori atiqalar saqlanadi. Buning 60 mingdan ortigʻini arxeologiya, 80 mingdan ziyodi numizmatika va 16 mingdan ortigʻini etnografik yodgorliklari tashkil etadi. Unda mahalliy oʻlkashunoslar, oʻtmish bilan qiziquvchi havaskorlardan toʻplangan oʻlka tarixiga oid numizmatika, arxeologiya, uy-roʻzgʻor buyumlari va fotosuratlardan iborat kolleksiyalar ham mavjud.
Arxeologiya fondida arxeologik yodgorliklardan topilgan ashyolar, devoriy tasvirlar, uyroʻzgʻor buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar va boshqalar buyumlar saqlanadi. Muzey eksponatlari orasida Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida olib borilgan qazishmalarda arxeologlar tomonidan topilgan hayvon haykalchalari bilan bezatilgan yirik bronza sak qozoni miloddan avvalgi IV–V asrlarga va Budda haykali eramizning I asriga oid ekanligini taʼkidlash lozim.
Muzeyda qadimiy kulolchilik va toʻqimachilik buyumlari namunalarining yaxshi toʻplami, koʻplab qadimiy tangalar, shuningdek, tarixiy hujjatlar va sanʼat asarlari kolleksiyalari mavjud. Muzeyning arxeologik, etnografik va numizmatik kolleksiyalari koʻplab tarixchi va arxeologlar nuqtai nazaridan noyobdir.
Oʻzbekiston hududidan topilgan muzey eksponatlari, shuningdek, uning fondlarida saqlanayotgan nodir arxiv materiallari, qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar va fotomateriallar muzeyga tashrif buyuruvchilarga nafaqat Sharq sivilizatsiyasining eng qadimiy markazlaridan biri boʻlmish Markaziy Osiyoni, balki oʻzbek xalqi va hozirgi Oʻzbekiston hududida yashovchi boshqa xalqlar tarixining eng muhim bosqichlari bilan tanishishimkonini beradi.
Muzeyda temuriylar davriga oid eksponatlar ushbu hududda yashagan xalqlarning oʻrta asr sivilizatsiyasining gullab-yashnashi, ilm-fan va sheʼriyat, sanʼatdagi yutuqlarini toʻliq namoyish etish imkonini beruvchi eksponatlar shubhasiz qiziqish uygʻotadi.
Numizmatika fondida esa eng qadimiy davrlardan to shu kungacha zarb etilgan oltin, kumush, mis tangalar, pullar, oltin va kumush medallar va podsho sulolalarining muhrlari jamlangan.
Muzeydagi etnografiya fondi esa nihoyatda qimmatli buyumlardan iborat boʻlib, xalqimizning uyanjomlari, kiyimkechaklari, zargarlik buyumlari, xalq hunarmandchiligining hamma sohasiga oid ish qurollari va mahsulotlaridan namunalar – har bir etnografik hududning oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shulardan 10 mingdan ortigʻi oʻzbek xalqining ijtimoiy hayotiga oid boʻlsa, 6 mingi Oʻzbekiston hududida yashovchi boshqa millatlarga taalluqlidir.
Muzeyning yangi ekspozitsiyasi Oʻzbekistonni jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini, shu bilan birga Oʻzbekiston hududidagi tarixiymadaniy jarayonlarning eng qadimiy davrlardan boshlab hozirga qadar boʻlgan taraqqiyotini oʻzida aks ettirgan.
Yunon-Baqtriya, Kushon, Koʻhna Xorazm, Naxshab, Buxoro va Chochda zarb qilingan tangalar alohida diqqatga sazovor. Bu tangalarda mahalliy hukmdorlarning qiyofasi, boshqalarida esa qabila belgilari yoki tamgʻalari zarb qilingan. Muzey ekspozitsiyasida Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan, somoniylar, qoraxoniylar, temuriylar, Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklariga mansub tangalar namoyish etilgan.
Muzey arxiv va kutubxonaga ega. Muzey faoliyati davomida olimlar tomonidan ilmiy asarlar, ilmiy va ommabop kitoblar, albom, buklet va turli koʻrsatkichlar hamda maktab oʻquvchilari va talabalar tarbiyasi uchun ilmiy-metodik qoʻllanmalar nashr etib kelgan. Ular orasida keyingi yillarda nashr etilgan „Temuriylar sulolasining tangalari“ (1996), „Katalog metallicheskix i keramicheskix izdeliy Uzbekistana XVI–XIX vv“ (2000), „Oʻzbek milliy kiyimlari“ (2002), „Fargʻona vodiysidagi milliy ozodlik kurashlari“ (2003); „Toshkentning yangi shahar qismi tarixi“ (2004) kabi nashrlar bor.
Muzeyda 4 ta fan doktori va 4 ta fan nomzodi faoliyat olib borgan. 2003-yil aprelda muzey qoshida ilmiy-metodik kengash tashkil qilingan.
Qisqa ma’lumot
- Turi
- muzey
- Qurilgan
- 1876-yil 12-iyul
Faktlar Wikidata’dan olingan.
Teglar
Yaqin joylar
Manbalar
Ushbu sahifadagi matn quyidagi maqoladan olingan: Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi (uz.wikipedia.org), 4-iyul, 2026 holatiga ko‘ra
Matn CC BY-SA 4.0 litsenziyasi ostida tarqatiladi.
%252C%2520fa%25C3%25A7ana%2520nord.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)

.jpg%3Fwidth%3D640&w=3840&q=75)


